O‘tgan yili 600 nafar talaba kontrakt pulini to‘lolmagani uchun o‘qishdan ketgan


Har yili O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan talabalarning ma’lum qismi turli sabablarga ko‘ra o‘qishdan chetlashtiriladi yoki o‘qishni tashlashga majbur bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy saytida bu boradagi raqamlar e’lon qilindi.

2016-yilning 1-noyabridan 2017-yilning 1-noyabriga qadar bakalavr bosqichi talabalarining 8582 nafari oliy ta’lim muassasasidan ketgan, deyiladi ma’lumotda. Ulardan 2025 nafari o‘zlashtirolmasligi sababli, 410 nafari kasalligi tufayli, 600 nafari kontrakt to‘lovini to‘lolmagani uchun, 2980 nafari o‘qishni boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirgani bois hamda 2567 nafari boshqa sabablarga ko‘ra o‘qishdan ketgan.

Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasi oliy ta’lim muassasalarida stipendiya oluvchi talabalarning reyting ballari bo‘yicha taqsimotni ham ma’lum qildi. Oliy ta’lim muassasalaridagi jami stipendiya oluvchilarning 18 ming 972 nafari maksimal reyting baliga ega bo‘lgan talabalar (86-100 foiz), 65 ming 123 nafari yuqori reyting baliga ega bo‘lgan talabalar (71-85 foiz), 189 ming 809 nafari o‘rta reyting baliga ega bo‘lgan talabalar (55-70 foiz)dir.


Manba: xabar.uz