O‘qishga kiritib qo‘yish uchun ikki kishidan 6 ming dollar pul olgan Chirchiq davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi ushlandi


Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Shayxontohur tuman bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolarni Chirchiq davlat pedagogika instituti yoki Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan o‘qituvchi ushlandi.

Ma’lum qilinishicha, Chirchiq davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Sh.E. fuqaro B.T. va E.J.ni ushbu institut yoki Toshkent davlat pedagogika universitetiga tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 6 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 3 kishidan 6,4 ming dollar pul olgan shaxslar qo‘lga olingani, Toshkent davlat yuridik universitetiga kiritib qo‘yish uchun 10 ming dollar so‘ragan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.