2018—2019-o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt summasining oshirilishi (O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining 2018-yil 4-iyuldagi 2-sonli bayonnomasi ilovasiga binoan, yangi o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bir nafar talabani to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymati miqdori 8 million 293 ming 500 so‘mdan 11 million 58 ming so‘mgacha etib belgilandi) ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, deyiladi “Ma’rifat" gazetasi saytida e’lon qilingan maqolada.
Shundan so‘ng Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy veb-sahifasi hamda Telegram-kanalida masalaga sharh berildi. Sharhda keltirilishicha, oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish xarajatlarining asosiy qismi, ya’ni 91 foizi ish haqi va stipendiya to‘lovlari uchun sarflanadi. Shu jihatdan to‘lov-shartnoma asosida o‘qitish qiymati respublikadagi eng kam ish haqi miqdoriga bog‘landi. Joriy yil 15-iyuldan respublikada ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga, 1-sentabrdan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining oylik maoshi o‘rtacha 25 foizga oshirilganini qisman qoplash lozimligi, aks holda, o‘quv yili yakuniga kelib, oliy ta’lim muassasalari budjetida taqchillik kuzatilishi ham hisobga olingani ta’kidlandi. Bir nafar talabani o‘qitishning o‘rtacha xarajati 10,5 million so‘mni tashkil etib, to‘lov-kontrakt summasi o‘rtacha 8,7 million so‘m etib belgilandi.
Ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan jihat to‘lov-shartnoma pulining daromadlarga nomutanosibligidir. Sal avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Rasul Kusherbayev to‘lov-shartnoma pulini kamaytirish bo‘yicha o‘ziga xos taklif bilan chiqqan edi.
— Taklifimizga ko‘ra, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan kvotadagi 69200 o‘rinning eng yuqori balni qo‘lga kiritgan birinchi 12 foizi to‘liq davlat granti asosida, keyingi 12 foizi 45 foizli to‘lov-shartnoma asosida, keyingi 12 foizi 60 foizli to‘lov-shartnoma asosida, keyingi 12 foizi 85 foizli to‘lov-shartnoma asosida, qolgan 52 foizi esa to‘liq (100 foizli) to‘lov-shartnoma asosida ta’lim olsin, — deydi deputatlar. — Natijada o‘n mingga yaqin talabaga to‘lov-shartnoma summasini to‘lashda ikki barobargacha yengillik yaratiladi, qo‘lga kiritilgan balga nisbatan rag‘batlantirish kuchayadi. Va nihoyat, moliyachilar uchun eng muhim bo‘lgani, amaldagidan taxminan 1,8 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ kelib tushadi. Bu mablag‘ evaziga ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga yordam ko‘rsatish ham mumkin.
Ikkinchidan, amaldagi tartibga ko‘ra, to‘lov-shartnoma puli hisobidan talabaga stipendiya to‘lanadi. Agar shartnoma puli to‘liq to‘lanmagan bo‘lsa, talabaga stipendiya berilmaydi. Vaholanki, stipendiya talabalarni ijtimoiy himoyalash uchun belgilanadi. Deputatlar to‘lov yukini kamaytirish uchun talabaga yoz oylari stipendiya bermaslikni, shu oylar uchun belgilangan stipendiya miqdoridagi summani kontrakt pulidan chegirib tashlashni taklif qilmoqda. Bundan tashqari, stipendiya amaldagi eng kam oylik ish haqi miqdorida to‘lansa, shartnoma summasini 1,7 million so‘m yoki 5,3 million so‘mgacha qisqartirish imkoniyati tug‘iladi. Sodda qilib aytganda, talaba bermaydi ham, olmaydi ham. Bunda davlat budjeti hech qanday zarar ko‘rmaydi.
Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Umid G‘afurov Germaniya, Xitoy, Yaponiya hamda O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi va oliy ta’lim olishning bir yillik narxini solishtiradi. Masalan, Xitoyda o‘rtacha oylik maosh 950 AQSh dollari bo‘lib, oliy ta’lim olish uchun yiliga 1500 AQSh dollari to‘lanar ekan. Yurtimizda esa o‘rtacha oylik 120 AQSh dollari, to‘lov-shartnoma puli esa 1055 AQSh dollari (yangi narx bo‘yicha). Umid G‘afurov oliy ta’lim muassasalarida to‘liq shartnoma asosida o‘qishni joriy etish evaziga shartnoma narxini ikki baravargacha arzonlashtirishni taklif qilmoqda. Shuningdek, uning fikricha, jahondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi, eng namunali 25 talabaga to‘lov-shartnoma pulini qaytarib olish imkoniyati berilsa, eng intiluvchan va bilimli 5 talaba chet elga malaka oshirishga yuborilsa, bu ta’lim sifati yuksalishiga xizmat qiladi.
— Ayrimlar Germaniya, Yaponiya kabi davlatlardagi tartib bilan mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalaridagi to‘lov-shartnoma pulini solishtirish orqali biryoqlama munosabat bildirmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev. — Chunki Yaponiyada shartnoma puli o‘rtacha oylik ish haqi miqdoriga yaqin bo‘lsa-da, talabalarga stipendiya deyarli to‘lanmaydi. Mamlakatimizda shartnoma pulining 3,5–7 million so‘mi stipendiya tarzida talabaga qaytarib berilishini inobatga olish zarur. Agar bizda ham stipendiya to‘lanmaydigan bo‘lsa, shartnoma puli 1,5–2 million so‘mdan oshmaydi. Bu o‘rtacha oylik ish haqidan unchalik katta farq qilmaydi. Yana shuni ham inobatga olish kerakki, har yili to‘lov-shartnoma asosida talabalikka tavsiya etilganlarning 90—95 foizi o‘qishni davom ettiradi hamda o‘quv yili davomida 0,5 foizgacha talaba pulni to‘lay olmagani uchun o‘qishdan chetlatiladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi fikr-mulohazalarga asoslanib aytish mumkinki, oliy o‘quv yurtida o‘qishning fuqarolar manfaatlariga xizmat qiladigan, moddiy imkoniyatlariga mos tartiblarini ishlab chiqishni davr talab etmoqda. Bu borada mutaxassislar va faol fuqarolar tomonidan asosli takliflar o‘rtaga tashlanmoqda. Ammo mutasaddilar negadir jim...
Manba: daryo.uz