“Oliygohlardagi 78 foiz professor-o‘qituvchilarning chet tilini bilish darajasi qoniqarsiz ahvolda” — Shavkat Mirziyoyev


Nukus tibbiyot, Andijon iqtisodiyot va qurilish, Milliy rassomchilik va dizayn institutlari kabi 18 ta oliygohda birorta o‘qituvchi xorijiy tilni bilish sertifikatiga ega emas. Bu haqda ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda so‘z yuritildi.

“Chet tillarini o‘qitish uchun oliy ta’lim tizimida mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirish kerak. Hozirgi kunda oliygohlardagi 78 foiz professor-o‘qituvchilarning chet tilini bilish darajasi qoniqarsiz ahvolda.

Masalan, Nukus tibbiyot, Andijon iqtisodiyot va qurilish, Milliy rassomchilik va dizayn institutlari kabi 18 ta oliygohda birorta o‘qituvchi xorijiy tilni bilish sertifikatiga ega emas.

Har bir oliygoh rektori bir yil ichida chet tili o‘qituvchilari – 100 foiz, kelgusi 3 yilda esa kasbiy fanlar o‘qituvchilarining 50 foizi xalqaro sertifikat olishiga erishishi zarur. Bunda, oliygohlar o‘qitish va sertifikat olish xarajatlari o‘z jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Shu bilan birga, kelgusi yildan boshlab magistratura va doktoranturaga kiruvchilar chet tilini bilish xalqaro sertifikatiga ega bo‘lishi talabi kiritiladi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab oliygohlarda tegishli mutaxassislik fanlarini xorijiy tillarda o‘qitish tizimi joriy etiladi. Umuman, yangi o‘quv yilidan boshlab chet tillari bo‘yicha qabullar soni 2 baravarga oshirilib, 16 mingtaga yetkaziladi, davlat granti esa 3 baravarga oshiriladi (4,5 mingta).

Chet tilini o‘qitishning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish maqsadida ‘El-yurt umidi’ jamg‘armasi orqali xorijiy doktoranturada ta’lim olish uchun yiliga 20 ta o‘rin ajratiladi. Bundan buyon oliygohlarda tabiiy va texnik fanlar bo‘yicha xorijiy darslik va qo‘llanmalardan erkin foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi o‘quv yili boshlangunga qadar har bir oliygoh rektorlari davlat-xususiy sheriklik asosida o‘qituvchi va talabalarga xorijiy tillarni puxta o‘rgatadigan til markazlarini tashkil etsin", – dedi davlat rahbari.