Nolimang, o‘rganing, ishlang va yana ishlang — juda qiziq ishlar, juda ko‘p pul topasiz!


Yaqinda do’stlarimdan biri Facebook tarmog’ida ajoyib maqolani chop etdi. Bu maqolani e’tiboringizga havola qilmoqchiman:

«Longrid: Nolimang, o‘rganing, ishlang va yana ishlang — juda qiziq ishlar, juda ko‘p pul topasiz!

Oylik kam, ish yo‘q, o‘qiganni ishga olishmaydi, hamma joyni qarindosh-urug‘lar egallab olgan, deb ko‘p nolishadi.

Lekin:

1. Yaxshi sayt, mobil dastur yoki bot qiladiganlarni topa olmaymiz.

Mobile app va bot uyoqda tursin, eng ommabop yo‘nalish — sayt qilishda ham O‘zbekistonda yaxshi kadrlar yo‘q. Hammasi chet elga ishlaydi degan gap to‘g‘ri, lekin shu hammasi 100 kishini ham tashkil qilmaydi.

[Oylik 2 milliondan boshlanadi (medium oylik esa 4-5 million), boshlang‘ich o‘rganish uchun 1 yil yetadi]

2. Yangiliklar saytini yurita oladigan jurnalistlar ham yo‘q.

Jurnalistikada o‘qiyotgan talabalarning 90 foizi o‘zbek tilida to‘g‘ri yoza olmaydi. Undan ham ko‘pi o‘zbekchadan boshqa tilni bilmaydi. Bundan ham ko‘pi jurnalist emas.

[Bu sohada oylik 1 milliondan boshlanadi (medium oylik esa 1,8-2 million). O‘rganish uchun talabalik davrida, bo‘sh vaqt bo‘lganda, biror nashrda ishlash kerak, xalos. Bunga hatto pul ham to‘laydiganlar ko‘p]

3. SMM menejer umuman yo‘q.

O‘zbek tilida SMM yuritadiganlar esa ikki marta umuman yo‘q. Bori ham ish izlamaydi. Ishi ko‘p shundoq ham. 99,9 foiz odam SMM menejer degan kasb borligini va u bugungi kunda shahar prokurori degan lavozimdan ham qiziqroq yoki daromadliroq ekanini bilishmaydi.

[Sohada oylik 1,5 milliondan boshlanadi (medium oylik esa 2,5-3 million). O‘rganish uchun ko‘proq ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirish, ularning imkoniyatlarini to‘liq o‘rganish, mashhur kishi hamda brendlarning sahifalarini kuzatish, o‘zi ham sahifalar ochib yuritishi kerak. Boshlash uchun 1 yil yetadi]

4. Dizayner. Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda ham ayni vaqtda juda hurmatli odam. Zo‘rlari okean yonida dam olib, rivojlangan davlatlarga ish qilib berishmoqda — oyda 2-3 marta qishlog‘iga borib, ota-onasini ko‘rib ketadi.

[Oylik o‘zimizda 2 milliondan boshlanadi, chet el uchun ishlaydiganlarda yana ham ko‘proq (medium oylik esa 5-8 million). O‘rganish uchun YouTube to‘la video]

5. Savdo menejeri (Менеджер по продажам)

Reklama va ITda kompaniya mahsulotlarini sota oladigan xodimlar ham kam. Bu esa biznes rivojlanmasligining katta sabablaridan biri. Bu sohadagi odam kompaniya faoliyatini ham, mahsulotning ishlab chiqilishi-yu, har bir elementigacha bilishi, mijoz psixologiyasini tushunishi, hududlar odamlari bilan til topa olishi, muloqotdan qo‘rqmasligi, yomon vaziyatlarni o‘nglay olishi, hujjatlar bilan ishlashi va hokazolarni tushunishi kerak.

Oddiy ko‘rinadi, lekin hamma ish sota olishda. Umuman bu haqda alohida kitob qilish mumkin. Chunki sotishni bilish hamma uchun kerak. Deylik bilimini “sota olmagan" – yetkaza olmagan o‘qituvchi, darsda bolalarni ushlab tura olmaydi, bilimini unutilmas qilib yetkaza olmaydi. Yoki kimdir sevgisini “sota olmaydi" – isbotlay olmaydi.

[Bu soha juda keng va har yerda turli xil maosh to‘lanadi. 2 milliondan 5 milliongacha minimum maosh bo‘lishi mumkin. 10 million oylik oladiganlar ham ko‘p. Zo‘r ishlash uchun ko‘p tajriba orttirish kerak. Masalan, men bozorga borib qolsam, olmasam ham sotuvchilarning yarmidan ko‘pi bilan gaplashib chiqaman. Ularning bari sotishda qandaydir sirni biladi.]

6. Loyiha menejeri (Project manager)

Ishlarni mijozdan qabul qilib olib, uni xodimlarga tushunarli tilda yetkazib beradigan xodim. Ishni tartiblaydi, qabul qiladi, topshiradi, kuzatadi, baholaydi, tekshiradi va boshqalar. O‘ta ma’suliyatli vazifa.

Masalan, dasturchi yoki dizayner oldiga mijozni kiritsang, mijozni quvib chiqarishlari mumkin bo‘lgan vaziyatlar ham uchraydi.

Shu joyda qo‘shimcha: Hozirda bitta kasbning o‘zi kam, agar, dasturchilik yoki dizaynerlik bilan shug‘ullanib va u bilan birgalikda yaxshi loyiha menejeri bo‘lsangiz – juda zo‘rsiz!

[Bunda ham maosh keskin farqlanadi. Menejer boshqaradigan sohaga qarab oylik oladi. 1-5 million orasida deyish mumkin]

7. Fotograflik, video tasvirga olish va uni montaj qilish haqida gapirmayman. Azaldan zo‘r va soqqali ish bo‘lgan. Hozir esa yana ham rivojlanmoqda. O‘zbekistonliklar Garri Potter filmi olingan studiya uchun ishlar qilib berayotgani haqida avval ham yozgandim.

Soha 10-20 yil avvvalgi emas. Hozirda juda zo‘r kasb va kelajak shu sohaniki. Farzandingizni moliya yoki soliqqa o‘qishga kiritgandan ko‘ra, kamera olib bering…»

Maqoladan qanday xulosa chiqarishni o’zingizga qoldiraman.


Manba: azamat.uz