Taniqli biznes menejeri Maykl Kerrning fikricha, ish kunini qanday yakunlash istiqboldagi muvaffaqiyatning muhim garovi ekan. Quyida sizga ishida yuqori natijaga erishgan insonlarning ish kuni tugashiga 10 daqiqa qolganida qiladigan odatlari haqida ma’lumot beramiz.
Ular qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ro‘yxatini yangilaydilar
Ishda muvaffaqiyatga erishadigan insonlar faoliyati o‘rganilganida ularning eng avvalo, qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar ro‘yxatini tuzishlari va bu ro‘yxat muntazam yangilanishi ma’lum bo‘lgan. Ular "bu ishlar ertaga ham xotiramda turgan bo‘ladi", deb o‘ylamaydilar. Muvaffaqiyat sohiblarining "vaqt menejmenti"dagi bosh mahorati vazifaga "juda zarur" va "zarur" darajalarini qo‘ya olish ko‘nikmasi bilan uzviy bog‘liq.
Ular ish stollarini tartibga keltiradilar.
Tartibli bo‘lmaslik – qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni ortga surishga barobar. Tartib esa ish stolidan boshlanadi. Ayniqsa, qalashib yotgan qog‘oz uyumlari ta’bni xira qilmasligi uchun ularni maxsus jildlarga joylash kerak. Natijada kerakli hujjatni osonlik bilan topish, vaqtni tejash mumkin. Toza va ozoda ish stoli sizga yanada aniq-tiniq fikrlash, vaziyatni tahlil qilishga ko‘maklashadi.
Ular kun davomida erishgan natijani tahlil qiladilar.
Kun davomida qilingan ishlar sarhisobi ertaga qilish lozim bo‘lgan ishlar haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish uchun ayni muddao. Qolaversa, 1 daqiqa mobaynida bugungi ish kuniga nazar tashlash xodimning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirar ekan.
Ular bugungi suhbatni ertaga qoldirishmaydi.
Ish adog‘ida hamma ham shaxsiy masalada qayergadir shoshib turgan bo‘lishi mumkin. Ammo kim uchundir ajratilgan 5 daqiqa ishdagi muhim o‘sishni, ijobiy natijani ta’minlashi mumkin. Xodim yoki rahbar bilan zarur masalada qilinishi lozim bo‘lgan suhbatni ertaga qoldirmang. Aks holda, kech bo‘lishi mumkin.
Ular ish jarayonini diqqatdan qochirmaydilar .
Ish kuni yakunida ko‘pchilik horg‘in bo‘lib qoladi, o‘zini erkin qo‘yadi. Ammo siz bunday qilmang. Urushdagi g‘alabani ham so‘nggi daqiqadagi sa’y-harakat, qarorlar ta’minlab beradi.
Ertangi kun uchun natijalarni bugun belgilab oladilar .
Yuqori natijaga erishadigan insonlar ertangi vazifalarni tuzish barobarida, taxminiy yutuqlarni ham chamalab oladilar. Bu natijalarni qog‘ozga tushirib qo‘yish esa ularni amalga oshirish uchun ichki ilhomlanishning asosidir. Rejalarning qog‘ozga tushishi – ularning hayotda namoyon bo‘lishining ibtidosidir.
Ular hamkasblariga ish adog‘ida ham g‘ayratli ekanliklarini namoyish qiladilar.
Ishxonadagi muhit “uyg‘oq" va ijobiy bo‘lsa, natija ham shunday bo‘ladi. Aks holda, ish yakunlanmasidan kunlik hamma rejalar tagiga olishi mumkin. Ish kunining so‘nggi daqiqalarida ham bardam va shijoat bilan mehnat qilish siz to‘g‘ringizdagi yaxshi fikrni shakllantiradi.
Ular boshqalarni noqulay vaziyatga tashlab, qochmaydilar.
Kar’yera bevosita fidoyilik degani. Ayniqsa, erkak kishiga ishning tugashiga 10 daqiqa qolganida uyga jo‘nash tadorigiga tushib qolish yarashmaydi. Sizning va oilangiz taqdiri ishga bog‘liq ekan, ish kuni adog‘ida "yonib turgan" ish bo‘lsa, ish kuni tugagani sababli "quyonni rasmini chizib", boshqalarni qiyin vaziyatga tashlab ketmang.
Ular elektron pochtalarini ko‘zdan kechiradilar.
Odatda ko‘pchilik ish yuzasidan alohida elektron pochta manzilidan foydalanadi. Uyga ketish oldidan pochtani tekshirib ko‘rishni unutmang. U yerda hamkorlar, rahbarlar tomonidan muhim yangilik yoki topshiriqlar o‘rin olgan yangi maktublar bo‘lishi mumkin.
Ular xayrli hordiq tilab, rahmat aytishni kanda qilmaydilar.
Ishdagi o‘sish bilimga emas, ko‘proq fe’l-atvorga bog‘liqligi isbotini topgan. Shunday ekan, ishda xushmuomala bo‘ling. Ish kuni adog‘ida hamkasblarga xayrli dam olish tilashni unutmang. Bu orqali inson shuuridagi baxtiyorlik darajasi oshib, yaxshi kayfiyatda uyga yo‘l oladi.
Ular chindan ham ish kunini yakunlaydilar.
Ish o‘z yo‘liga. Shuni unutmang. Ish hech qachon tugamagan. Unga sizni "tugatishiga" yo‘l qo‘ymang. Muvaffaqiyatli odamlar muntazam ravishda ishda qolib ketmaydilar. Ishda qolib ketish fidoyilik emas, dangasalik belgisi. Boisi, ishni o‘z vaqtida qilmaydiganlar ishda ushlanib qolaveradilar. Arzimas sabab bilan ishda qolib ketish ertangi g‘ayrat-shijoatni so‘ndirib, shaxsiy hayotga jiddiy zarar yetkazadi.
Ishda yuksalishda davom etavering!
Shuhrat Sattorov, jurnalist
Manba: erkak.uz