Biz yashayotgan hozirgi davr hayot tarzi sog’ligingiz uchun foydali emas. Minimalizm haqida unutib qo’ydik. Bizga har doim ko’proq kerak: hamma narsaning eng kattasi, hamma narsaning eng yaxshisi, hamma narsaning eng uzoq davom etadigani… Lekin minimalizm barcha muvaffaqiyatlarga erishishimiz uchun yagona mustahkam asos ekanligini unutmasligimiz kerak.
Minimalizm nima?
Minimalizmni hayotimizni normal yashash uchun eng kerakli jihatlarni qoldirib, ortiqchasini olib tashlash, deb tushunishimiz mumkin. Hayotimizdan ortiqcha narsalarni/odamlarni/ish-harakatlarni chiqarib tashlaganimiz sari, minimalizmga qanchalar muhtoj ekanligimizni yaxshiroq tushuna boramiz. Oddiy yashash, keragidan ortiqchasiga intilmaslik, eng zaruridan ko’prog’i faqat og’riq va tashvish keltirishini tushunib yetgan kishi minimalizmga asoslangan hayot bilan baxtliroq yashashi mumkin.
«Mukammallikka qo’shiladigan narsa qolmaganda emas, balki olib tashlanadigan hech narsa qolmaganda erishiladi», degan edi Antuan de Sent-Ekzyuperi. Aslida ham, mukammallikka intilayotgan bo’lsangiz, minimalizmni unga erishish usullaridan biri sifatida qabul qilish haqida o’ylab ko’rishingiz mumkin.
Nega va qanday qilib?
Shaxsiy tajribamda minimalizmga aynan faoliyat jihatidan kuchli ehtiyoj sezganman. Shu sababli uning nega bizga kerak ekanligini va qanday qilib undan maksimal foyda olishimiz mumkinligini faoliyatdagi minimalizm misolida tushuntirmoqchiman.
Odatda juda band bo’lar edim. Har doim band bo’lar edim, desam ham bo’ladi. Tongdan tungacha vaqtimni kerakli va keraksiz ishlar, katta-kichik vazifalar to’liq egallagan edi. Hamma narsaning chegarasi bo’lgani kabi, multitasking (ko’pvazifalilik) odatim natijasida rejalashtirgan ishlarim bajarish imkoniyatim chegarasidan oshib ketdi. Oqibatda keraksiz ishlarga qo’shilib kerakli, muhimroq bo’lgan vazifalarim ham bajarilmay qolib ketadigan bo’ldi.
Shu tariqa minimalizmga ehtiyoj sezdim. Nega? Chunki nimagadir erishish uchun nimalardandir voz kechik kerak bo’ldi. Faoliyatimda eng zaruriy vazifalarni qoldirib, keraksiz ishlarga «Yo’q», deya olishni o’rganishim kerak edi.
Boshlanishida keraksiz ishlarni chiqarib tashlash qiyin bo’lmadi. Ammo minimalizm darajasi yuqorilagan sari chiqarib tashlanayotgan ishlardan voz kechish o’zim uchun bir qancha qiyinchiliklarni keltira boshladi. Bu aynan o’sha, «yoqimli ishmi yoki foydali ishmi», degan dilemma holati edi. Bosqichma-bosqich yoqimli bo’lsa ham kerakli ishlarimdan quyiroq turuvchi rejalarimdan voz kecha boshladim. Bu menga ko’proq vaqt, ko’proq kuch va diqqatni yaxshiroq jamlash imkoniyatini sovg’a qildi.
Siz uchun nima muhim?
Minimalizmni nafaqat faoliyatingizni tozalash, vaqtingizni optimallashtirish uchun ishlatishingiz mumkin, balki hayotingizning istalgan jabhasini rivojlantirish uchun ham safarbar etishingiz mumkin. Hayolingizga kelishi mumkin bo’lgan har qanday muammongizni minimalizm tamoyillariga rioya qilgan holda yechishingiz mumkinligi haqida o’ylab ko’ring.
Moliyaviy muammolaringiz bormi? Sarf-xarajatingizda minimallikka e’tibor qarating. Shaxsiy/oilaviy munosabatlarda muammo bormi? Munosabatni ortiqcha unsurlardan tozalang. Keraksiz narsalar qancha kamroq bo’lsa, kerakli narsalar shuncha ko’proq qadrlana boshlashini tushuning.
O’zgarish vaqti keldi!
O’tmishda ajdodlarimiz ilm olish, qaysidir sohada muvaffaqiyatga erishish, shaxsiy rivojlanish sarhadlarini zabt etish bo’yicha birdan ancha yaxshiroq bo’lishgan. Ular bu kabi yutuqlarga faqat minimalizm orqali erishishgan. Agar ularda bugungi ijtimoiy tarmoqlardagi chalg’itish (vaqtni bekorga olish), sohta oliftalikni ko’z-ko’z qilishga urinish, atrofdagilarning bir tiyinga qimmat e’tibori (bahosi/fikri) uchun qayg’urish, o’zining shaxsiy hayoti qolib boshqalarnikini muhokama qilish kabi illatlar avj olganda edi, hozirgi ko’plab buyuk kashfiyotlarimiz amalga oshmagan bo’lar edi. Ota-bobolarimizda chalg’ituvchi omillar kam bo’lgan. Ular ma’lum bir kam sonli narsalarga diqqatlarini jamlay olishgan. Hayotlari minimal o’tgan. Minimal tarzda faoliyat olib borishgan.
Siz ham nimalargadir erishmoqchisiz. Tinimsiz harakatlaringiz kutilgan natijalarni bermayapti. Minimalizm haqida o’ylab ko’rish vaqti keldi!
Hayotingizdan/kasbingizdan/munosabatlaringizdan qaysi ortiqcha narsalarni chiqarib tashlay olasiz? O’z oldingizga qo’ygan ajoyib maqsadlaringizga erishish yo’lida qaysi keraksiz odatlaringizni to’xtata olasiz? Qaysi befoyda ishlaringizdan energiyangizni yulib olib eng kerakli, zaruriy ishlaringizga bag’ishlay olasiz?
Kelajagingiz o’z qo’lingizda. Hayotingizni bugundan isloh qilishga kirishing.
Manba: azamat.uz