Avvalo shuni aytish lozimki, matematika fani siz o‘ylaganchalik qiyin fan emas. Qandaydir sabablar tufayli bu fandan sovib qolgan o‘quvchilarimiz, bu fan juda qiyin degan hulosaga kelib qolgan bo‘lishi mumkin.
Shu sababli dars tayyorlashning ilk bosqichi to‘siqlarni yengib o‘tishdan boshlanadi. Qila olishingizga ishonmagan ishingizni haqiqatdan ham qila olmaysiz. Aksiga qila olishingizga ishongan ishni albatta qila olasiz. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, optimist bo‘ling. Matematika fani haqiqatdan ham qiyin bo‘lgan taqdirda ham, bu fanni o‘zlashtira olaman degan qaror sizni matematika bilimdoniga aylantiradi. Aks holda, bizning gaplarimizning sizga unchalik foydasi bo‘lmaydi.
O‘rganishning ilk odimi, nimalarni bilib, nimalarni bilmasligimizni aniqlab olish bo‘ladi. Bu ishni matematika nuqtai nazaridan hal qilish uchun sizga ba’zi o‘lchovlarni taklif qilamiz.
“Arifmetik hisoblashlarga no‘noqman va mavzularni yaxshi tushunmayman" deguvchilarga ilk maslahatimiz boshlang‘ich mavzularni yaxshi o‘rganish bo‘ladi. Ya’ni alfabitni bilmagan odam o‘qish-yozishni bilmaganidek, matematikaning asosiy qoidalarini bilmagan o‘quvchi ham fanni o‘zlashtira olmaydi. Demak siz eng avval sonlar ustida qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish va bo‘lish amallariga oid misollarni ko‘proq ishlashingiz kerak.
Bu ishlarni natural va butun sonlar ustida bajaring. Keyinchalik kasrli ifodalar va o‘nli kasrlar ustida davom ettiring.
“Arifmetik hisoblashlarga qobiliyatim yaxshi, lekin mavzularni yaxshi tushunmayman" deydigan o‘quvchilarimizga esa o‘zi yaxshi bilmaydigan mavzularni o‘zlashtirishga harakat qilishi lozimligini uqtiramiz. Arifmetik hisoblashlarga qobiliyatning borligi matematikani o‘zlashtira olishingizga ishora. Hech bilmaydigan mavzularingiz o‘rniga avvaliga chala biladigan mavzularingizni yaxshilab o‘zlashtiring. Agar qaysidir mavzuni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da tushunayotgan bo‘lsangiz, demak, siz bu mavzuni to‘lig‘icha o‘zlashtira olasiz.
Ya’ni, siz chala o‘zlashtirilgan mavzularni o‘zlashtirgandan so‘ng, umuman bilmaydigan mavzularni o‘zlashtirishni boshlashingiz mumkin.
“Mavzularni tushunyapman, faqat bu mavzuga oid misollar yechishga qiynalaman". Fikrini yuqoridagi kabi ta’riflagan o‘quvchilar uchun ko‘proq misol yechishdan boshqa maslahatimiz bo‘lmaydi. Mavzuni tushinishingiz bilimingiz mustahkamligidan. Misol yechishda qiynalishingiz esa amaliyotingiz kamligini ko‘rsatadi. Siz qarab turmang. Tezgina misolni yechishni boshlab yuboring.
Shu yo‘l bilan ham mavzularni mustahkamlab olasiz, ham yaxshigina misol ishlash tezligingizni oshirib olasiz. Bu yo‘lda muhim jihatlardan biri, ishlay olmagan savollaringiz ko‘pligidan umidsizlikka tushib qolmaslikdir. Agar qaysidir misolni yecha olmasangiz, biladigan odamdan so‘rab o‘rganib oling va shu misonlni o‘zingiz boshqatdan ishlashga harakat qiling.
Qisqasi, mashqlarni bajarib yurgan (trenirovka qilgan) sportchi bilan, mashq bajarmagan sportchi orasida yer bilan osmoncha farq bo‘ladi.
“Mavzularni yaxshi tushunaman, arifmetik hisob- kitobim ham yaxshi, faqat juda ko‘p hato qilaman" deb kuyunuvchi do‘stlarimizga ilk maslahat: savollarni diqqat bilan o‘qing va diqqat bilan yeching. Xato qilmaslik yoki xatolarning kamay-tirishning yo‘li ham ko‘ p misol ishlash va ishlangan misollarni tahlil qilish. Qayerda xato qilgan bo‘lsangiz uni bartaraf etish choralarini ko‘rishingiz kerak. Dars qilish orqali hatolarni yo‘qotish mumkin bo‘lsa, unda dars tayyorlang. Aks holda, biladigan odamdan maslahat so‘rang.
Odatda ko‘pchilik hatolar savolni to‘liq o‘qimaganlik sababli yuzaga keladi. Savolni chala o‘qish yoki oxirigidagi kichik bir so‘zni noto‘g‘ri o‘qish orqali siz hato qilib qo‘yasiz. Bu ko‘pincha qaysi biri noto‘g‘ri degan savollarda qaysi biri to‘g‘ri deb o‘qish orqali vujudga keladi. O‘zingiz ham sezib turibsizki bu hatoning to‘g‘rilashning birgina yo‘li savolni diqqat bilan o‘qish.
Bundan tashqari matematika fanini yaxshi o‘zlashtirishning bir necha qoidalarini quyida keltiramiz. O‘ylazmizki, bu qoidalar siz uchun juda foydali bo‘ladi.
- Dars davomida tartibli ravishda kerakli nuqtalarni yozib oling.
- Uyga borganingizda yozib olgan narsalaringizni oqqa ko‘chiring yoki boshqatdan yozib o‘rganing.
- Mavzuni tushunmasdan, misol yechishni boshlamang. Mavzuni to‘liq o‘zlashtirganingizga ishon-chingiz komil bo‘lgach misollarni va testlarni yeching.
- Misol yechayotganda berilgan narsalarni va so‘ralgan narsalarni tartibli ravishda daftaringizning bir burchagiga yozib oling.
- Misol yechishda sizni eng qisqa yo‘l bilan natijaga olib boradigan teorema, ayniyat va yo‘llarni belgilab oling.
- Berilgan ma’lumotlarni tartibi bo‘yicha formula va teoremalarga tadbiq qiling.
- Natijani chiqarib bo‘lgach bir bora yechimingizni tekshirib ko‘ring.
Matematika fanini o‘zlashtirish velosiped yoki mashina haydashni o‘rganish kabi. Amaliyot yordamida o‘rganiladi. Shu sababli imkoni boricha ko‘proq misol yeching, xatolaringizni belgilab ularni yo‘qotish yo‘llarini toping.