Mamlakat rivojlanishida ilm-fanning ulkan hissasi mavjudligi hech kimga sir emas. Ilm-fan rivojlanishi uchun esa inson bolalikdan boshlab sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhim, degan fikrimga ko‘pchilik qo‘shilsa kerak.
Barchamizga ma’lumki, inson bilim va dunyoqarash fundamentini aynan maktab davrlarida shakllantiradi. Shuning uchun ham men bugun aynan oliy ta’lim haqida emas, balki boshlang‘ich va o‘rta ta’lim haqida so‘z ochmoqchiman. Sababi, insonning aynan shu davri uning dunyoqarashi va butun kelajagiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Men maktab davrini asosiy ta’lim manbai deb bilaman. Agar o‘quvchi 11 yil ta’lim olib ham aynan qaysi sohada qiziqishi ustun ekanini va qaysi kasb o‘zi uchun mos ekanini shu paytgacha bilolmagan bo‘lsa, men buni maktab yillarining katta qismi uvol bo‘ldi, deb hisoblayman. Ota-onasi tanlab bergan yoki tavakkal tanlangan kasb yo‘nalishida o‘qib, bu kasbni sevmagan holda qo‘liga diplom olgan mutaxassis jamiyat rivojiga qanday hissa qo‘sha oladi axir?
O‘z kasbini sevgan inson ishlamaydi, balki u har kuni o‘zi sevgan mashg‘ulot bilan band bo‘ladi. Kasbini sevgan inson ixtirochidir! U kasbining yangi-yangi qirralarini har kuni kashf eta oladi va vaqt o‘tgan sari o‘z kasbining professionaliga aylanadi. Jamiyatda o‘z kasbining professionallari ko‘p bo‘lsa, bunda insonning o‘zi ham, jamiyatdagi boshqa insonlar ham faqat va faqat yutadi.
Chet el va milliy o‘rta ta’limni shaxsiy tajribada solishtirganda...
Ta’limning ilk o‘n bir yili ichida o‘quv maskanlarini to‘rt marta almashtirdim. Orada yurtimizda o‘sha payt faoliyat yuritgan chet el ilm maskanida ham ta’lim olishga muvaffaq bo‘ldim. Bu maskanda atigi ikki yil ta’lim olgan bo‘lsam ham shu davr butun hayotimni o‘zgartirib yubordi, deb bemalol ayta olaman, sababi shu qisqa davrda olgan bilimlarim keyingi yillarda olgan bilimlarimdan ko‘proq va sifatliroq bo‘lib chiqdi.
1992 yilda oddiy maktabda birinchi sinfda o‘qiy boshladim. O‘qish va yozishni bog‘cha paytida o‘rganib olgan edim, shu sababli ham birinchi sinfga chiqqanimda alifboni har bir harfini donalab o‘rgatishgan paytda juda zerikdim. Qaniydi yillik programmani o‘zlashtirib bo‘lgan bolalar bilimiga qarab mos sinflarga joylansa edi, kamida bir yil yutgan bo‘lar edim va bu vaqtda boshqa foydali narsalar o‘rgangan bo‘lar edim, deb ko‘p o‘ylayman.
Oltinchi sinfni tugatganimda chet el litseyi ochilgani haqida eshitib qoldim va kirish uchun imtihon topshirdim. Omad kulib boqib maskanga qabul qilindim. Yangi o‘quv yili boshlanganida, men sizga aytay, hayratim oshgan edi. Butunlay o‘zgacha metodika, rang barang va qiziqarli darsliklar, chet tili darsida faqat chet tilida gapiradigan domla va meni hayratlantirgan yana boshqa ko‘p detallar.
Eng asosiysi, o‘quvchilar bilimi baholanishining iloji boricha adolatli bo‘lishi bizlarni chinakam bilim olishga undar edi. Bahoni na tanish-bilish, na ota-ona, na direktor, na pul o‘zgartira olardi. Baho o‘zgartirishga bir yoki ikkita imkoniyat berilardi. Test/imtihon topshiriladi, kitobdan ko‘chirishning esa umuman iloji bo‘lmasdi. Nailoj, hamma o‘qir edi. Baholash tizimi ham o‘qituvchining o‘z ixtiyorida emas, balki test natijalariga qarab bo‘lar edi. Bu degani, o‘qituvchi bironta o‘quvchini "yoqtirmay" qolgani uchun past baho qo‘ya olmasdi, balki natijasiga qarab baholardi.
1998-2000 yillar. Toshkent.
Har bir o‘quv yili so‘ngida har bir sinfdan fanlarni eng yaxshi o‘zlashtirgan talaba butun maktab qarshisida tabriklanar va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanar edi. Bu ham talabalar uchun o‘zgacha bir motivatsiya bo‘lib hizmat qilardi.
Qizlar alohida o‘qigani uchun kimning qosh-ko‘zi chiroyli kabi be’mani musobaqalar bo‘lmasdi. Hammada bir hil forma, o‘qituvchilarning hammasi ustiga oq xalat tashlab olgan. Shuning uchun kiyim yoki qomat solishtirish hech kimning hayoliga kelmasdi.
Shu maskanda ikki yil o‘qib men keyingi 3 yil ichida olgan bilimlarimdan ko‘proq bilim ola oldim.
Chet el litseyi ma’lum sabablarga ko‘ra yopildi va men milliy gimnaziyada o‘qishni davom ettira boshladim. Bu yerda o‘quvchilarni baholashdagi adolatsizliklar, o‘quvchilarning bilimiga haqqoniy baho bera olmaslik, zerikarli darslar va darsliklar meni boshqa ilm maskanida o‘qishni davom etishga undadi. Bu yerda bir yil o‘qigach, boshqa o‘rta ta’lim o‘quv maskaniga hujjat topshirdim. Keyingi o‘quv maskanida ham ayni shu holatlarga guvoh bo‘ldim.
Bunday solishtirishdan yagona maqsadim o‘zimizning maktab tizimining yana ham takomillashishiga doir ba’zi taklif va fikrlarim bilan bo‘lishishdir. Men maktabni boshlaganimda yurtimiz endigina Mustaqillikni kiritgan paytlar edi, shu sababli hozirgi davrda maktabdagi ta’lim va darsliklar sifati oldingidan yaxshiroq ekaniga shubha qilmayman. O‘zimizda ham biroz o‘quv metodikasi va tartib ustida ishlansa, tez orada ta’lim sifati yana ham rivojlanishiga ishonaman.
Qizlarning ta’limi haqida alohida
O‘g‘il bolalar ta’lim olishining ahamiyati haqida istalgan odamdan so‘rang, o‘g‘il bolalarning yaxshi ta’lim olishi juda muhim, deb javob berishadi. Qizlarga kelganda esa negadir fikrlar nihoyatda xilma-xil bo‘lib chiqadi. Men sizga aytsam, ta’lim olish barcha uchun muhim, ammo qizlarning sifatli ta’lim olishi undan ham muhimdir! Sizga olim va olima bo‘lgan farzandlar, ya’ni porloq kelajak kerakmi? Marhamat, qizlarga investitsiya qiling. Ta’lim ham diniy ham dunyoviy bo‘lishi va hech qachon faqat bir tomonlama bo‘lib qolmasligi kerak. Foydali bilim va hunarga ega bo‘lgan ayol-qizlar huddi o‘g‘il bolalar kabi jamiyat rivojiga katta hissa qo‘sha oladi.
"Rasululloh (s.a.v.): “Ilm talab etmoq har musulmon erkak va ayol uchun farzdir", deb buyurganlar. Hozirda musulmonlar orasida ilm deganda, faqat diniy ilmlar tushuniladi. Bu - xato tushuncha. Islomda diniy, dunyoviy, degan gaplar bo‘lmagan. Ilm sohalarga bo‘lingan, xolos: fiqh, hadis, faroiz, tib, handasa, tarix, falakiyot ilmlari va hokazolar. Musulmonlar Qur’on va sunnatga amal qilgan vaqtlarida ularning orasida ilmning barcha sohalarida dunyoga tanilgan allomalar yetishib chiqqan." Fotimaxon Sulaymon qori qizining "Ayol mukarramdir" kitobidan parcha.
Rivoyat qilinishicha, bir kishi hakimlardan birining huzuriga kelib: “Hazrat, mening bir o‘g‘lim va bir qizim bor. Ulardan har ikkisini o‘qitishga qurbim yetmaydi, faqatgina bittasini o‘qitishga imkonim bor, qaysi birini o‘qitay?" deb so‘rabdi. Shunda hakim zot: “Qizingni o‘qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan, ammo qizingni o‘qitsang, butun bir jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan", deb javob bergan ekan.
Maktab tizimidagi muammolar
Boshlang‘ich va o‘rta ta’lim davrida o‘quvchi sifatida qanday muammolarga duch kelganimni bayon qilay. Bu muammolar hozir ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan bo‘lsa ajab emas.
Boshlang‘ich maktab tizimidagi muammolardan ayrimlari:
1. Bolalar o‘rtasida o‘zaro tabaqalashish, nochor oila farzandlarining tengdoshlari tomonidan kamsitilishi, jismoniy va boshqa kamchiliklari uchun bir-birini masxaralash va shunga o‘xshash muammolarning kam emasligi. Umumiy qilib aytilsa, bolalar o‘rtasidagi o‘zaro ruhiy (va ba’zan jismoniy) zo‘ravonlikning tez-tez uchrab turishi. Bu sotsializatsiyaning bir ko‘rinishi deyishingiz mumkin, ammo bu aslida ruhiy sinishga sabab bo‘luvchi katta omillardandir. Zo‘ravon bolalar va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalarning kattalardan vaqtida tegishli yordam ola olmasligi bolalarda zaiflarga nisbatan beshavqatlikni, o‘ziga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishi va hudbinlikni bolalikdan shakllantiradi.
Maktabda bolalar o‘rtasidagi ruhiy zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi.
Rasm: tes.com
2. Sinfda o‘quvchilar sonining nihoyatda ko‘p bo‘lishi o‘qituvchining o‘quvchilarga individual e’tibor bera olmasligiga sabab bo‘ladi. Maktabga borishdan maqsad ta’lim olish bo‘lgani uchun, menimcha, bu jiddiy muammodir. Bolalar psixologiyasini inobatga olganda, boshlang‘ich sinflar hajmi qancha kichik bo‘lsa, shuncha yaxshidir.
3. Tez o‘zlashtiradigan o‘quvchilarda umumiy o‘quv dasturini qisqaroq vaqtda o‘zlashtira olish qobiliyati mavjud bo‘lsada, ular shu sinfda naq bir yil o‘qishga majburligi biroz achinarli. Bunday bolalarga bilim darajasiga qarab sinfdan sinfga sakrashga imkoniyat berilishi kerak, deb o‘ylayman. O‘zlashtira olmayotgan bolalar o‘zlashtirayotgan bolalarga qarab motivatsiya yoki ilhom oladi degan gapga unchalik qo‘shilmayman. O‘z kuchi bilan adolatli imtihon topshirib, sinfdan sinfga belgilangan vaqtdan oldin o‘ta olish boshqa o‘quvchilarga mustaqil o‘qib izlanish uchun juda katta motivatsiya bera olishiga aminman. Tez o‘zlashtirayotgan bolalar boshqalar hisobiga vaqtidan yutqazmasligi kerak. Bolalik va o‘smirlik davridagi vaqt naqadar qimmatli ekanini barchamiz bilamiz. Bu oltin davrda hech qaysi vaqt majburiy zerikish va qachon vaqt o‘tadi degan o‘ylar bilan o‘tib ketmagani ma’qul. Bu albatta "yaxshi bo‘lar edi" qabilidagi bir taklifdir.
4. Bolalarning individual qobiliyatlarini hisobga olmaslik holatlarining uchrab turishi. Barcha bolalar u yoki bu sohada qobiliyatli bo‘lishadi, ammo afsuski barcha bolalar ham bu qobiliyatni o‘zida vaqtida kashf eta olishmaydi. Bu esa kattalar ko‘magisiz amalga oshishi juda qiyin.
O‘rta va o‘rta maxsus ta’lim davridagi eng katta muammolardan ayrimlari:
1. Baholash tizimining adolatsiz bo‘lishi o‘quvchi talabalarda o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq va motivatsiyaning so‘nishiga katta sabab bo‘ladi.
2. Talabalarda mustaqil fikrlash bo‘lmasligi va mustaqil fikrlashga rag‘batlantirilmasligi.
3. Darslar quruq leksiya va teoriyadan iborat bo‘lib qolishi.
4. Baholash tizimi adolatsiz bo‘lganda baho uchungina o‘qish, ya’ni "dars tezroq tugasin" qabilida vaqtni zoye qilish.
5. O‘quvchilarda yetarli va sifatli bilim olishi uchun yetarli imkoniyat yaratib berilmasligi, texnologiyalardan unumli foydalanmaslik yoki texnologiyaning yetarli bo‘lmasligi.
6. Poraxo‘rlik.
Maktab ta’limi sifatini takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar
Boshlang‘ich va o‘rta ta’limni takomillashtirish borasida menda ayrim fikrlar mavjud. Quyida ularni bayon qilaman.
1. Avvalo, ta’lim ona qornidan boshlanadi. Bola miyasining 90% qismi bolaning besh yoshigacha shakllanib bo‘lgan bo‘ladi. Shuning uchun ham kelinlarning ruhiy va jismoniy salomatligi muhofaza qilinishi muhim va shartdir. Ayolning joni qirqta degan gapni kim o‘ylab topgan bilmadimu, fundament muhofaza qilinmasa quriladigan uy zaif bo‘lishi aniq. Ayol-qizlarning qadrini oshirish uchun nima qilish kerak? Buning uchun avvalo ularni vaqtida o‘qitish, hunarli qilish va o‘zini muhofaza qilish sirlaridan boxabar qilish, ya’ni o‘rgatish kerak. Bu maktabning vazifasi emas dersiz, ammo kattaroq sinflarda sog‘lom ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi, bola psixologiyasi kabi darslarning kiritilishi nafaqat o‘quvchilar uchun, balki butun jamiyat uchun faqat va faqat foyda bo‘ladi deb o‘ylayman. Maktabni bitirgan yoshlar turmush qurib farzandli bo‘lishganida yangi avlod tarbiyasiga mas’uliyatliroq yondasha olishi uchun shu uchala fan katta ko‘mak berishi mumkin.
2. Keyingi vazifa bu bolalarda kitobga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otishdir. Bu muhabbat hech qachon o‘zidan o‘zi kelib qolmaydi. Bolaga kitobni sevdirish va bolalikdan savodini oshirish uchun chaqaloqligidan boshlab har kuni uxlatishdan oldin qiziqarli rasmli kitoblar o‘qib berish nihoyatda muhim. Buni hamma ham qilavermaydi, chunki bu haqida ko‘p gapirilmagani uchun hammaning ham hayoliga kelavermaydi. Shu haqiqatni media va oynai jahon orqali insonlar ongiga singdirib borilsa, bora-bora bu narsa oddiy holga aylanadi. Shu kichik qadam kelajak uchun qanday investitsiya bo‘la olishini bir tasavvur qilib ko‘ring-a! Kitobsevar bolalar ko‘payishi ilm-fan taraqqiyoti sari qo‘yilgan birinchi va muhim qadam bo‘la olishiga ishonchim komil.
Bolaga kitobni sevdirish uchun chaqaloqligidan boshlab har kuni uxlatishdan oldin kitoblar o‘qib berish ahamiyatli va samaralidir. Rasm: rd.com
3. Boshlang‘ich sinflardan boshlab bolalar bilan tolerantlik, ahillik va o‘zaro hurmat mavzusida suhbatlar qilib turish nihoyatda foydalidir. Bu ularda bir-biriga nisbatan mehribon bo‘lishga va yuqorida tilga olingan har qanday ruhiy zo‘ravonliklarni kamaytirishga turtki bo‘ladi. Ruhiy zo‘ravonlik qurbonlari asosan salomatligida nuqsoni mavjud bolalar, semizlikdan aziyat chekuvchi bolalar va/yoki uyatchang bolalar hisoblanadi. Tolerantlik mavzusidagi suhbatlar bunday ko‘ngilsiz vaziyatlarni kamaytirishga yordam beradi. Albatta, bunday mavzular aslida oilalarda muhokama qilinishi to‘g‘riroq, ammo maktablarda ham amalga oshirilsa qamrov kengroq bo‘lgan bo‘lar edi.
4. Baholash tizimining adolatli bo‘lishiga intilish zarur! Misol qilib aytganda, matematika darsida hisob-kitob qobiliyatiga emas, daftardagi yozuviga qarab baho qo‘yish adolatsizlikning bir ko‘rinishidir. Baholash o‘qituvchining fikriga emas, balki imtihon yoki test natijalariga qarab amalga oshishi shart. Shunday qilinganida o‘quvchida mavhumlik hissi paydo bo‘lmaydi va qanday o‘qisam ham past baho olaver ekanman, kitob o‘qigandan ko‘ra ustozga yoqishga harakat qilib yuqori baho olaman degan tushuncha paydo bo‘lib qolishi ehtimoldan holi emas. Bu esa o‘z navbatida korrupsiya kabi illatlarning ko‘payishi yoki bolalarda motivatsiyaning so‘nishiga olib keladi. Baholash tizimini takomillashtirish uchun baholashning mahsus standarti ishlab chiqilishi kerak. Misol uchun, imtihonda 50 ta test savoli bo‘lsin va har bir savolga 2 balldan ajratilsin. Shunda jami 100 ball bo‘ladi. 84 balldan yuqorisi 5 baho. Imtihon payti ko‘chirishga harakat qilgan o‘quvchilar imtihon qog‘oziga belgi qo‘yilib, har bir ko‘chirish harakati uchun ma’lum ball ayirib tashlanadi. Ish baholangach, keyingi darslarda imtihon qog‘ozlari qaytarilib, o‘quvchilarning xato qilgan mavzularida yoki yecholmagan masalalari ustida umumiy qayta ishlanadi. Shunda imtihonda ro‘y bergan xatoliklar ustida ishlash uchun alohida dars ajratilgan bo‘ladi. Shunday qilinganida o‘quvchilar mavzuni yana ham chuqur o‘rganib olishadi.
Rasm: shutterstock.com
5. O‘qituvchilarni tayyorlaydigan pedagogika institutida asosiy e’tibor bo‘lajak pedagoglarga teoriya o‘rgatish emas, balki amalda bolalarga bilimni qanday qilib samarali ravishda yetkazib berishni o‘rgatishda bo‘lishi shart. Buning uchun bo‘lajak ustozlar qanday qilib dars o‘tishni haqiqiy sinfxonalardagi haqiqiy darslarda qatnashgan holda malakali ustozlardan jonli ravishda master-klass olishlari kerak. Nega deganda, teoriyani bilgan hamma ham samarali ravishda va to‘g‘ri usulda bilimni bolalarga yoki talabalarga yetkazib bera olmasligi mumkin. Buni esa o‘rganish kerak. O‘qituvchilik talanti ham bu o‘rgansa bo‘ladigan sifatdir.
6. Boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar soni 20-25 tadan oshmasa ta’lim sifati ham oshadi. Albatta, buni amalda tadbiq etish oson bo‘lmasligi mumkin, ammo o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Sinfdagi o‘quvchilar soni qancha kam bo‘lsa, bolalar o‘zini shuncha yaxshi tutadi. O‘qituvchi ham bolalar bilan ishlaganda ularning individual ehtiyojlaridan boxabar bo‘la oladi va ular bilan samaraliroq ishlay oladi. Kichik sonli sinflarda o‘quvchilardagi muammolar yaqqol ko‘rinadi va ularga yordam berish osonlashadi.
Rasm: teacher.org
7. Yil boshida har bir fanning ilk darsi shu fanning o‘tilishidagi maqsadni hayotiy misollar bilan tushuntirishdan boshlanishi kerak. Nega deganda, o‘tilayotgan fanning hayotiy ahamiyatini tushunmagan bola bu fanga qiziqmasligi aniq. Bu ilk motivatsiya darsining o‘quv rejasiga kiritilishi juda foydali bo‘ladi deb o‘ylayman.
Bilim olishga undaydigan eng katta kuch bu MOTIVATsIYadir.
8. Har bir bolaning individual qobiliyatlari bo‘ladi, ammo hamma birday mukammal o‘zlashtirishi shart bo‘lgan fanlar borki, bu fanlarga savod oshirish fanlari kiradi: o‘qish, xatosiz yozish, matematika va tarix. Maktab ta’limidagi eng katta e’tibor bolalarning savodini oshirishda bo‘lishi shart! O‘qish va yozishda qiynalayotgan bolalar bormi, demak ular bilan qo‘shimcha shug‘ullanish kerak. Savod chala bo‘lsa, boshqa fanlar ham chala o‘rganilishi tabiiy. Bola o‘rgangisi kelmayaptimi, demak unga motivatsiya yetishmayapti.
Izohga hojat yo‘q. Rasm: facebook.com
"Kasb tanlay bilish uchun avvalo kasblar bilan tanishing."
O‘quvchi bolalikdanoq o‘zi sevadigan kasbni tanlay olishiga ko‘mak berish ta’limning eng asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi lozim. Nega deganda, vaqtida o‘ziga mos kasb tanlab olgan bolada ilm olishga bo‘lgan motivatsiya va ishtiyoq kuchli bo‘ladi. Nima uchun ko‘p bolalar asosan kosmonavt, o‘qituvchi yoki shifokor bo‘laman deydi? Asl sabab bolalarning aksariyati boshqa kasb vakillari nima bilan shug‘ullanishini bilmaganliklarida emasmi? Bolalarni turli kasblar bilan tanishtirish va bu kasblarni yaxshi o‘zlashtirish uchun qaysi fanlarni chuqur o‘rganish kerakligini tushintirish maqsadida prezentatsiyalar yoki mahsus darslar o‘tish bolalar uchun juda foydali bo‘ladi.
“Katta bo‘lsam kim bo‘lsam ekan…". Rasm: shutterstock.com
Afsuski, hozirgi kunda shosha-pisha kasb tanlab, o‘sha kasbga o‘qib bo‘lganidan keyin tanlovidan afsuslangan yoshlar kam emas.
Faqat o‘quv dasturiga kiritilgan fanlarnigina o‘rganib, kelajakda aynan qaysi sohada ishlashini aytib bera olmaydigan bolalar maktabni bitirganida qaysi oliygohni tanlaydi, deb o‘ylaysiz? Ular tavakkal qilgan holda eng mashhur yoki eng past ball bilan o‘qishga kirish mumkin bo‘lgan o‘quv maskanini tanlaydi albatta. Oliygohni bitirgach esa qayerda va qanday ishlashini bilolmay sarson bo‘ladi va maosh uchun o‘zini duch kelgan joyga uradi. Hozirgi kunda bunday misollardan ko‘plab uchratish mumkin.
Albatta, men bu kabi muammolarda maktablarni ayblashdan yiroqman. Farzand kelajagi haqida qayg‘urish avvalo ota-onalarning vazifasi, ammo ta’lim tizimini takomillashtirishda yuqorida tilga olingan muammolar yechimiga doir chora-tadbirlar potensiali keng miqyosda ko‘rib chiqilsa, bundan butun jamiyat yutishiga ishonchim komil.