Lazizjon Muxtorov: «Germaniyada o‘quvchini fandan bezdirmaydigan metod qo‘llaniladi»


«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi orqali Yevropa davlatlari bo‘ylab sayohatni davom ettiradi. Loyihamizning bu galgi qahramoni Germaniya poytaxti Berlin shahridagi IUBH International University of Applied Sciences universitetida tahsil olayotgan hamyurtimiz Lazizjon Muxtorov bo‘ldi.

— Suhbatimiz avvalida Siz bilan yaqindan tanishib olsak?

— Jizzax shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Ota-onam bizning ta’lim va tarbiyamizga alohida e’tibor qaratishgan. Boshlang‘ich sinflarni shahrimizdagi Furqat Yusupov nomli 25-o‘rta maktabda, yuqori sinflarni «Umid» maktab-internatida o‘qidim. Bolaligimdan matematika va ingliz tili fanlariga qiziqishim yuqori bo‘lgan. O‘sha paytdayoq matematika zukkolikka yetaklashi, ingliz tili esa dunyoga kalit bo‘lishini sezgan bo‘lsam kerak. Shu sababli ham ota-onam qo‘llab-quvvatlovida ushbu fanlardan qo‘shimcha o‘quv kurslari va fan to‘garaklariga qatnashganman. Umuman, bolalikdan moliya va hisoblash bo‘yicha mataxassis bo‘lish maqsadim edi.

Bakalavr bosqichini Toshkent shahridagi Singapur menejmentlikni rivojlantirish institutining «Bank ishi va moliya» fakultetida o‘tadim. Talabalik davrida eng kerakli hisoblangan – soham bo‘yicha bilim va tajribaga ega bo‘ldim. Buning uchun ota-onam va institutdagi ustozlarimdan minnatdorman. 

— Nima uchun xorijga yo‘l oldingiz va Germaniya boshqa davlatlardan farqli o‘laroq qanday ta’lim imkoniyatlarini beradi?

— Bakalavrni tamomlab, bir muddat O‘zbekiston Milliy bankining Tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi, so‘ngra Jizzax shahridagi «JIZZAKH TEXTILE» LLC korxonasi Biznes rejalashtirish va monitoring bo‘limida ishladim. Ochig‘i, men tanlagan mutaxassislik o‘z ustingizda tinimsiz izlanish va doimiy tajriba oshirishni taqozo etadi. Shuning uchun yetakchi xorijiy mamlakatlarning boy tajribasini o‘rganish va magistraturada tahsil olishga ehtiyoj sezdim. Aynan Germaniya soham bo‘yicha boy tajribaga ega. Shu boisdan, Berlin shahridagi nufuzli IUBH International University of Applied Sciences universitetining «Xalqaro moliya va buxgalteriya» fakultetini tanladim. Bugungi kunda, tahsil olayotgan yo‘nalishim – Xalqaro buxgalteriya (IFRS) va audit (ISA) standartlarini chuqur o‘zlashtirgan va tajribali kadrlarga nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda talab katta.

Qolaversa, Germaniya jahonning yirik iqtisodiy markazlaridan biri va xorijiy talabalarga qulay sharoit yarata olgan sanoqli davlatlardan. Shuningdek, Germaniyada tahsil davomida xalqaro moliyaviy tashkilotlarda amaliyot o‘tash imkoniyati ham bo‘ladi.

— Yo‘nalishingizning dunyodagi ahamiyati, shuningdek O‘zbekiston uchun ushbu yo‘nalish qay darajada muhim deb o‘ylaysiz?

— Xalqaro savdoning jadal o‘sishi, turli korxona va firmalarning xalqaro miqyosda rivojlanishi, yangi kommunikatsiya texnologiyalarning joriy etilayotgani, shu bilan birga, xalqaro raqobat masalasi moliyaviy muhitni maksimal darajada uyg‘unlashtirishga undamoqda. Ushbu global biznes muhitiga ko‘ra, investitsiyalar va savdoni erkinlashtirishda xalqaro buxgalteriya va audit standartlariga mos hisobot qilish hozirgi vaqtda eng muhim omillar sirasidan. Umumjahon standartidagi hisobot tizimi va milliy buxgalteriya hisobi standartlarini uyg‘unlashtirish yurtimizga investorlarni jalb qilishda asosiy faktordan biri, deb bilaman.


— Kuzatishlaringiz natijasida germaniyaliklarning qanday o‘ziga xos xarakterlariga guvoh bo‘ldingiz?

— Germaniya xalqining hayotga bo‘lgan qiziqishi yuqori. Ertangi kun uchun qayg‘urishadi va har bir kunidan unumli foydalanishga intilishadi. Aynan shu xislatlarini o‘zimiznikilarga o‘xshataman. Ammo germaniyaliklar vaqtni haddan ortiq qadrlashganliklari bois yaqinlari bilan kam muloqotda bo‘lishadi. Bu bizning xalqimizga o‘xshamaydigan jihatlaridan. Ular hafta davomida imkon qadar rejalashtirilgan ishlarini tugatishga harakat qiladi. E’tiborlisi, germaniyaliklar aytilgan vaqtda belgilangan joyga kechikmasdan kelishga odatlanishgan.

— Sizningcha, Germaniyadagi qanday yangiliklarni mamlakatimizda joriy qilish mumkin?

— Germaniya dunyoning har tomonlama rivojlangan mamlakati. Bu yerdagi juda ko‘p tajribalarni O‘zbekistonda joriy qilish yaxshi samara beradi.  Misol uchun, Germaniya maktablarida asosan haftalik o‘quv dastur bo‘yicha ishlanadi. Bu, o‘z navbatida, o‘quvchining har bir mavzuni aynan bir kunda o‘zlashtirish tufayli qiynalib qolish yoki fandan bezib qolish holatlarini keltirib chiqarmaydi.  Bu metod O‘zbekistonda ham keng joriy qilinsa, o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatgichiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

— Kelgusidagi maqsadlaringiz qanday?

— Har bir inson kabi o‘z oldimga qo‘ygan maqsad va rejalarim ko‘p. Ularning eng asosiylaridan biri – orttirgan bilim va tajribalarimni O‘zbekiston rivojiga sarflash. Umid qilamanki, kelajakda Vatanimga foydam tegadigan va yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan mutaxassis bo‘laman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Manba: xabar.uz