Kimlarning kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berilishi mumkin?


O‘zbekistonda ayrim talabalarning to‘lov-kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab beriladi. Bu haqda 2022 yilning iyun oyida qabul qilingan Hukumat qarorida ma’lum qilindi.

Qarorga ko‘ra, ularning maxsus ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, quyidagi hollarda o‘qishga kirgan talabalarning kontrakt pullari to‘lab beriladi:

  • Mehribonlik uyi yoki Bolalar shaharchasida tarbiyalangan o‘quvchi-talaba;
  • “Temir daftar"ga kiritilgan oila farzandi;
  • ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, vasiylikka olingan kam ta’minlagan o‘quvchi-talaba;
  • “Ayollar daftari"ga kiritilgan ayollar farzandi;
  • oila a’zolarining kamida bittasi I guruh yoki har ikkisi II guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oilaning professional yoki OTMda ta’lim olayotgan farzandi;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilaning professional yoki OTMda ta’lim olayotgan farzandi;
  • nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchi-talaba;
  • oilasi kam ta’minlangan talaba.

Shuningdek. professional ta’lim tashkilotlarida ta’lim olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan davlat, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarida ta’lim olayotgan talabalarga ham kontrakt summasining bir qismi to‘lab beriladi. Bu hollarda bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida hamda magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida talaba o‘qishi zarur.

Mazkur xarajatlar yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida to‘lov-shartnomasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravari (16,5 mln so‘m) dan oshmagan miqdorda sxemaga muvofiq to‘lab beriladi.

To‘lov-kontrakt xarajatlarining bir qismini qoplab berish ba’zi hollarda amal qilmaydi. Agar talaba ikkinchi va undan keyingi mutaxassislikda, qo‘shma ta’lim dasturlarida hamda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan bo‘lsa uning to‘lov-kontrakti qoplab berilmaydi.