Bir necha kun avval Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida Namangan davlat universitetining farg‘onalik talabasi Mirzoozod Mirzane’matov o‘z sahifasida joylagan «posti» orqali talabalik safidan chiqishini e’lon qilgan edi.
Keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan ushbu xabarni Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov ham o‘qigan va u bu holat yuzasidan ertasigayoq talaba bilan ko‘rishdi, deya xabar berdi «Xabar.uz» saytiga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi matbuot xizmati.
Viloyat hokimi — 7-oktyabr, dushanba kuni umumiy qiymati 11 million so‘m miqdoridagi bir yillik kontrakt summasini to‘lab berdi.
— Aytishim joizki, ayni vaziyatda bu shu kungacha bo‘lgan tug‘ilgan kunimdagi eng ajoyib sovg‘a bo‘ldi, —deydi quvonch bilan Mirzoozod Mirzane’matov.
Ma’lumot o‘rnida, Mirzoozod Mirzane’matov 1994-yilda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tug‘ilgan. U oltinchi urinishidan keyingina talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan. Oddiy ishchi oilaning farzandi bo‘lgan Mirzoozod NamDUdagi ikkinchi bosqich talabalik yili boshlanishida kontrakt to‘lashdagi mashaqqatlarga yuz tutganligi sababli o‘qishni tashlash fikri bilan «post» joylashga majbur bo‘lganligini «Xabar.uz»ning Namangan viloyatidagi muxbiriga ma’lum qildi.
Manba: xabar.uz