Hayotingizni yaxshi tarafga o’zgartiruvchi 8 odat


Quyidagi oddiy odatlar samarali ishlashga, keng fikrlashga va erishilgan natija bilan to’xtab qolmaslikka yordam beradi.

1.Ish kuningizning birinchi soatini eng muhim vazifalarga sarflang

Buning uchun siz bir kun ichida nimalarga erishmoqchi ekanligingizni tushunishingiz lozim. Shundagina siz zudlik bilan muhim vazifalarni bajarishga kirishishingiz mumkin.

Ish kunini ahamiyatsiz va maqsadga erishish uchun oldinga siljishda yordam bermaydigan mayda ishlar bilan boshlamang. Masalan, pochta va bildirishnomalarni tekshirish – bular vaqtni olib, muhim ishlardan chalg’itadi. Ular bilan asosiy vazifalarni qilib bo’lganingizdan keyin shug’ullaning.

Tongni muhim ish bilan boshlab siz bir oqimga tushib olasiz. Bundan keyin boshqa ishlar bilan shug’ullanishingiz ham oson bo’ladi.

2. Bitta vazifani bir urinishda bajaring

Agarda bizni turli xil bildirishnoma va xabarlar chalg’itib turgan bo’lsa, biz bitta narsaga diqqatni jamlashimiz qiyinligi ajablanarli emas. Olimlarning ma’lumotlariga ko’ra, mayda narsaga chalg’igandan so’ng, e’tiborni qayta tiklashga o’rtacha 23 daqiqa vaqt ketar ekan.

Agar har doim bir narsadan ikkinchi narsaga chalg’iyversak ish natijasi sezilarli darajada pasayadi.

Shuning uchun ko’p ishlarni birdaniga bajarishni unuting, bir urinishda ya’ni birdaniga faqatgina bitta ishni qilib tugating. Diqqatni yaxshiroq jamlash uchun, vazifalar ro’yxatingizning har bir qismiga vaqt chegarasini qo’shib qo’ying va ularga moslashishga harakat qiling.

Buning uchun “Pomodoro" usulidan foydalanib ko’ring. Bitta vazifa ustida taxminan yarim soat ishlang, keyin esa besh daqiqa tanaffus qilib, vazifani tugatishga qayting va agar tugatib bo’lib keyin tanaffus qilgan bo’lsangiz, keyingi ishingizni boshlang.

3. Hech qachon o’rganishdan to’xtamang

Biron mashhur olim, tadbirkor yoki tarixiy arbobni eslab ko’ring – ularning barchasi doimo mustaqil o’qib-o’rganib bilim orttirishgan. Ulardan o’rnak olgan holda, doimiy ravishda yangi narsalarni o’rganib boring. Biron narsani qayerda o’rganishni boshlashingiz muhim emas: universitet hududida, mustaqil ravishda yoki sevimli qahvaxonangizda. Eng muhimi sizda haqiqatdan ham qiziqish bo’lishidir.

Bunga ko’p vaqt ajratish muhim emas. O’zingizga qulay vaqtda o’zingizga qiziq bo’lgan narsani o’rganing. Buni doimiy ravishda qilib borishga harakat qiling. Fikrlash doirangizni kengaytirish uchun ko’proq manbaalarni izlang. Kitob va maqolalarni o’qing, videolar ko’ring, onlayn kurslarga yoziling. Odamlar o’z fikrlari bilan bo’lishadigan saytlarga kirib turing.

4. Ijodiy fikrlashni rivojlantiring

Odatda biz vertikal tarzda fikrlaymiz: qadamma-qadam yuramiz, tahlil qilamiz, faktlarga va odatiy usullarga suyanamiz. Oqibatda bitta kutilgan natijaga erishamiz. Ijodiy fikrlash qotib qolgan usullarga chaqiriq yuboradi, qoidalarni buzadi, turli imkoniyatlarni birlashtiradi va ko’plab natijalarni beradi.

“Turboeffekt. Qanday qilib o’ta qisqa muddatda ekstremal muvaffaqiyatga erishish mumkin" kitobining muallifi Sheyn Snouning yozishicha, ijodiy fikrlash muammoga kutilmagan tarafdan qarash imkoniyatini yaratadi. Bitta narsani qayta va qayta qilib unga erishib bo’lmaydi. Ko’proq kuch sarflab ham maqsadga erisholmaslik mumkin. Odatiy yondashuvni o’zgartirish kerak. Bunda esa ijodiy fikrlash yordam beradi.

5. Bir kunda hech bo’lmasa 5 daqiqani o’zingizni anglagan holda o’tkazing

O’zini anglashni mashq qiladigan kishilarning qayd etishicha, bunday holatda kasallik va stress kamayar ekan. Tadqiqotlar bunday mashqlar miyani o’zgartirishini tasdiqlamoqda.

O’zingizni anglashni rivojlantirish uchun yarim soatdan meditatsiya qilish shart emas. Shunchaki atrofingizda bo’layotgan hodisalarga imkon qadar muntazam ravishda e’tibor qarating. Agarda o’z hissiyotlaringiz va o’ylaringiz ichida yo’qolib qolgan bo’lsangiz, sezishga harakat qiling va hozirgi vaqtga qayting.

Qachonki o’z o’tmishimizga bog’lanib qolish va kelajagimizdan havotir olishni bas qilsakkina, arzimas narsalarni ham qadrlashni va bunga qadar e’tibor qaratmagan imkoniyatlarni ko’rishni boshlaymiz.

Bir kunda hech bo’lmasa besh daqiqani o’zingizni anglagan holda o’tkazsangiz, siz hodisalarga hotirjamlik bilan qarashni, qarorlarni yaxshiroq qabul qilishni hamda atrofdagilar bilan birlashishni boshlaysiz.

6. Har kuni mutolaa qiling

Mutolaa qilish miyani ishlashga majbur qiladi. U fikrlashni va xulosa chiqarishni rivojlantiradi. Yangi g’oya, hissiyot va bilim bilan tanishtiradi.

Mutolaa qilish vaqtidagi miyani simfonik orkestr bilan tenglashtirish mumkin. Uning har xil bo’limlari bitta ohangni chiqarish uchun yangrayotgan musiqa asboblari kabi matnni tushunishga yordam beradi.

Ma’lumotni ko’rish va eshitishdan farqli ravishda, mutolaa qilish miyadan ko’proq kuch talab qiladi, bu esa natijada ko’proq foyda keltiradi. U o’ylab olish, ma’lumotlarni tahlil qilish va yozilganlarni tasvirlash uchun vaqt beradi.

7. Dunyoga qarashning boshqa usullari bilan tanishing

Biz beixtiyor o‘zimiz biladigan ma’lumotlarimizni izlaymiz hamda sezamiz. Bunday kognitiv xato bizning bir joyda qotib qolgan dunyo qarashimizni himoyalaydi, ammo, dunyoga kengroq qarash imkonini bermaydi. Shuning uchun dunyoga qarashning o‘zingiznikiga o’xshamagan boshqa usullarini izlash lozim. Shu qatorda bu yangi g’oyalar uchun ajoyib manbaadir.

Boshqa madaniyat va tillar bilan qiziqing. Boshqalar fikridan qochmang, muhokamalar uchun ochiq bo’ling. Odatda o’zingizdan itaradigan narsalarni o’qing. Barcha narsalarda biron ahamiyatga ega bo’lgan jihatlarini topishga harakat qiling. Haqiqiy qiziqishsiz siz ko’p narsani o’rgana olmaysiz. Biron narsaga qiziqib qolishingiz uchun sizga noodatiy bo’lgan sohadagi odamlar bilan muloqot qiling. Biron umumiy jihatni toping, biron ish bo‘yicha ular bilan birga shug’ullaning, bu sohada ko’plab natijalarga erishgan odamlar haqida o’qing.

8. Doimiylikdan chalg’ing

Agar biron bir narsada yoki sohada “tiqilib" qolganingizni sezsangiz biroz dam oling. O’sha yo’l bilan harakatlanishni davom ettirib qayerga kelishingiz haqida o’ylab ko’ring. Sizda rivojlanish bo’layotganligi yoki aksincha bo’lmayotganligiga baho bering. Ba’zan shunchaki vaziyatni o’zgartirish va odatiy holdan chiqishning o’zi kifoya. Masalan, biroz sayr qilish. Harakat va toza havo yangi g’oyalarni topishga yordam beradi.

Vaqti-vaqti bilan telefoningizni o’chirib, o’zingiz bilan yolg’iz qolish foydalidir.

Hotirjamlikda vaqt o’tkazing hamda telefon va boshqa qurilmalarga chalg’imang. O’zingizni erkin qo’ygan holda, vaqt ajrata olmayotgan ishlaringiz haqida o’ylab ko’ring. Tashqi dunyodan uzoqlashib, o’zingizning ichingizda energiya to’plang.

Pozitiv bilan quvvatlanishni unutmang. Harakatlaning, yangi narsalarga urinib ko’ring. Komediya tomosha qiling, chizing, o’ynang. Bo’shashing, o’zingizga erkin bo’lish imkonini bering. Bu sizni kuch-quvvatga to’ldiradi.