2021 yilda bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirishda qaysi fanlardan imtihon olinishi tez orada e'lon qilinadi, deb ma'lum qildi Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov.
«Hozirda Davlat test markazi va tegishli vazirliklar bilan birgalikda fanlar majmuasi ishlab chiqilgan. Markazning asosiy vazifasi umumlashtirish hisoblanadi. Ya'ni vazirliklar beradigan takliflarga binoan ish tutadi. Bu mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda va tez kunda e'lon qilinadi.
Avvalgi yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, juda katta farq bo‘lmaydi», – dedi Rajabov 23 fevral kungi matbuot anjumanida.
DTM rasmiysi chet tili fanidan maksimal ball beruvchi sertifikat darajasi B2'ga o‘zgartirilganiga izoh berdi.
«Yangi qoidaga ko‘ra B1'dan yuqori bo‘lgan B2 yoki C1 darajasi bo‘yicha sertifikat olgan abituriyentga maksimal ball berilishi belgilab qo‘yildi. Chunki test amaliyoti shuni ko‘rsatdiki, B1 sertifikati olgan bola va kirish imtihoni kuni test topshiradigan bola teng, ya'ni bir xil darajada.
Ikkalasi ham ishlaganda xato qilib qo‘yishi mumkin. Deylik, 3 ta xato qilsa, bu 9,3 balldan ayrildi degani va sertifikatsiz bola sertifikati bor bolaga yutqazib qo‘yyapti. Bunda adolat sal yo‘qolib qolgandek edi.
Endilikda Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, kimda B2 va undan yuqori daraja sertifikati bo‘lsa, unga kirish imtihonlaridagi maksimal ball beriladi», – ta'kidladi DTM direktori o‘rinbosari.
Sardor Rajabov chet tillaridan savollar tuzadigan o‘qituvchilar haqida to‘xtaldi.
«Bu bo‘yicha markazda katta tajriba bor. Hozirda 14 ta tildan test olinmoqda. O‘qituvchilarga qo‘yilgan talab – birinchi navbatda shu sohada filolog bo‘lishi hamda C1 darajaga ega bo‘lishi kerak.
Shundan keyin bu o‘qituvchilar bilan shartnoma tuzamiz va markazda ushbu o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari tashkil qilamiz», –deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Manba: Kun.UZ