Diqqat! Bugundan magistraturaga qabul boshlandi


Bugun, 1 iyul kunidan O‘zbekistondagi davlat Oliy ta’lim muassalarining magistratura mutaxassisliklari uchun hujjatlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Keltirilishicha, 2023/2024-o‘quv yili uchun davlat OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish hujjatlarini topshirish jarayoni vazirlikning rasmiy platformasi orqali 30 iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Ma’lumot o‘rnida, magistratura mutaxassisliklariga tanlovlarda belgilangan talab darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi mumkin.

Shuningdek, joriy yilda magistraturaga faqat bir marta yoz oyida qabul bo‘lishi va qishki qabul bo‘lmasligi aytilmoqda.