Chet tili imtihoni uchun my.gov.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha yo‘riqnoma


Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP - my.gov.uz sayti) dan foydalanish uchun avval id.egov.uz tizimida ro‘yxatdan o‘tish lozim. id.egov.uz tizimida jismoniy shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan quyidagi havolalar orqali tanishish mumkin:

Yo‘riqnoma - https://my.gov.uz/oz/pages/instruction-ind?new=1

Videoyo‘riqnoma - https://youtu.be/NnIOnwodeIs

Test sinovi uchun onlayn ariza berish

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-fevraldagi 73-son qaroriga muvofiq 2022-yil mart oyidan boshlab chet tilini bilish darajasini aniqlash test sinovlari uchun talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP - my.gov.uz sayti) orqali amalga oshiriladi.

Mazkur xizmat my.gov.uz saytining “Ta’lim" bo‘limida joylashgan (1-rasm).


1-rasm. Sohalar


Chet tili imtihonlariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish uchun “Ta’lim" bo‘limidan “Chet tilini bilish darajasini aniqlash" xizmatini tanlash lozim (2-rasm).


2-rasm. “Ta’lim" sohasi


Bunda foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatishning huquqiy asosi, xizmat narxi, bog‘lanish ma’lumotlari kabi mazkur xizmat bilan bog‘liq eng kerakli ma’lumotlar taqdim etiladi (3-rasm).

Ro‘yxatdan o‘tishni boshlash uchun “Xizmatdan foydalanish" tugmasi bosiladi.


3-rasm. Chet tilini bilish darajasini aniqlash


Ro‘yxatdan o‘tish 4 ta qadamdan iborat bo‘lib, 1-qadam ommaviy oferta bilan tanishish va oferta shartlarini qabul qilish hisoblanadi (4-rasm).


4-rasm. Oferta (1-qadam)


2-qadamda arizachi haqidagi ma’lumotlar to‘ldiriladi (5-rasm).


5-rasm. Arizachi haqida ma’lumot (2-qadam)


3-qadamda test haqidagi ma’lumotlar to‘ldiriladi (6-rasm).

Bunda arizachi test topshirish hududi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan birini tanlab, o‘zi tanlagan hududda test sinovida ishtirok etishi mumkin.


6-rasm. Test haqida ma’lumot (3-qadam)


Mazkur ma’lumotlar to‘ldirilgandan so‘ng, xatoliklarning oldini olish maqsadida arizachidan ma’lumotlarni yana bir bor tekshirish so‘raladi (7-rasm). Ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, “Yuborish" tugmasi bosiladi (8-rasm).


7-rasm. Ma’lumotlarni tekshirish


8-rasm. Ma’lumotlarni tekshirish


4-qadam to‘lovni amalga oshirish bo‘lib, unda ariza to‘g‘risida ma’lumot va to‘lov ma’lumotlari ko‘rsatiladi (9-rasm).


9-rasm. To‘lov (4-qadam)


“To‘lov ma’lumotlari" tugmasi bosilganda to‘lov bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Shu yerdan to‘lov kvitansiyasini yuklab olish va yoki arizani bekor qilish mumkin.


10-rasm. To‘lov ma’lumotlari


To‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravarini tashkil etadi. Bunda, davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun ro‘yxatdan o‘tish YIDXP orqali amalga oshirilganligi sababli talabgordan belgilangan to‘lov miqdorining 90 foizi undiriladi. Hozirgi kunda (2022-yil 9-mart holatiga) bazaviy hisoblash miqdori 270 000 so‘m bo‘lganligi sababli, test sinovi uchun to‘lov 364 500 so‘mni tashkil etadi.

To‘lovni Click, Payme, UPAY kabi elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshirish (14 xonalik invoys raqamiga) mumkin.

To‘lov elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilganda “Davlat xizmatlari" bo‘limidan “Davlat xizmatlari agentligi"ni tanlab, kvitansiyada ko‘rsatilgan 14 xonalik invoys raqamini kiritish lozim.

Shuningdek, to‘lovni “Invoysga to‘lash" tugmasi orqali ham amalga oshirish mumkin.

To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, arizachi va test sinovi haqidagi ma’lumotlar aks etgan qaydnoma shakllanadi. Mazkur qaydnomani yuklab olish lozim.

Talabgorlar test sinovi vaqti va joyi to‘g‘risida my.gov.uz sayti orqali test sinovi o‘tkazilishidan 3 kun oldin xabardor qilinadi.

Test sinovi jadvali

Test sinovlari qaysi tillardan o‘tkazilishi, onlayn ro‘yxatga olish muddatlari va test sinovi o‘tkaziladigan sanalar bilan quyidagi rasmda tanishish mumkin (11-rasm):


11-rasm. Chet tilini bilish darajasini aniqlash test sinovlari