O‘zbekiston diplomatlari London Brunel universitetida bo‘lib, mazkur oliy ta’lim muassasasining xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori professor Trevor Xoy bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Unda O‘zbekiston universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Tomonlar oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar, jumladan, ikki tomonlama diplom berish dasturlari, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari e’tibor qaratdilar.
Prorektor Trevor Xoy O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng-ko‘lamli islohotlarni va yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratib berilgan sharoitlarni yuqori baholadi. "O‘zbekistonda Britaniya ta’lim standartlarini joriy etishdan manfaatdormiz. Respublika oliy ta’lim muassasalari bilan turli yo‘nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga ham tayyormiz", dedi u.
Diplomatlar tashrif davomida ushbu universitetda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham alohida uchrashuv o‘tkazdilar.