Yaqinda internetda tarqagan bir video orqali Xitoydagi o‘quv markazlaridan biri ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi. Emishki, ushbu markazda bir necha daqiqada 100 mingtagacha so‘zni yodlash mumkin.
Ancha bahs-munozalarga sabab bo‘layotgan «kvantli tezkor o‘qish» texnikasi Szyansu provinsiyasidagi Yanchen shahri o‘quv markazida yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ko‘pchilikda shubha uyg‘ondi. Videolavhadan ham ko‘rinib turibdi, o‘quvchilar kitob o‘qiyotgandan ko‘ra, ko‘proq uni shoshilinch varaqlayotganga o‘xshaydi.
Ta’lim markazining o‘zi bu texnikaning kvantli mutolaaga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan. «Weibo» ijtimoiy tarmog‘ida tarqatilgan reklamalaga ko‘ra, bu o‘quv kurslari 10 dan 16 yoshgacha bolalarga mo‘ljallangan. Tashkilotchilar o‘quvchilar bir necha daqiqa ichida 100 mingta so‘z o‘qishi, hatto o‘qiganlarini yodlab qolishlari mumkinligini aytishgan.
Taxminlarga ko‘ra, ushbu texnikani aslida yapon pedagogi Yumiko Tobitani ishlab chiqqan va maxsus kitob ham yozgan. Uning metodiga ko‘ra, yuzlab sahifalarni varaqlaganda o‘quvchining xotirasida ular nimani o‘qiyotganini tushunishda ko‘maklashuvchi obrazlar shakllana boshlarkan. Eng qizig‘i, matn qaysi tilda bo‘lishining ahamiyati yo‘q...
«Bu usulda o‘qiganda, hatto matn fransuz, nemis, ingliz tilida bo‘lsa ham, o‘z-o‘zidan tarjima bo‘lib, vizual obrazlarga qo‘shilib sizga tushunarli holatga keladi», — deb yozgandi Yumiko Tobitani o‘z kitobida.
Ammo ekspert va olimlar bu texnika yolg‘onligini, hech qanday ilmiy asosga ega emasligini ta’kidlashmoqda.
Manba: xabar.uz