Rost yoki yolg’onligini aniq bilmayman, ammo Stiv Jobs quyidagi ma’noga ega gapni aytgan ekan: «…Pulim tugab qolganda boshqalarga o’xshab ish izlashga shoshib yugurib ketmadim. Uning o’rniga o’tirib o’yladim…» Ko’p ishlash har doim ham yaxshi natija olib kelavermaydi. Aqlli ishlashning afzalliklari ko’proq.
Aqlli ishlashning ustunliklari
Ko’p ishlaydigan kishi emas, aqlini ishlatib faoliyat olib boradigan kishi muvaffaqiyatga osonroq erishadi. Fikr yuritmasdan hartalab tinimsiz harakat qilgan, aslida maqsadga erishish uchun qaysi yo’ldan borish qulayligi haqida o’ylab ko’rmasdan kuchini duch kelgan yo’nalishga baravar tarqatayotgan kishi chetdan kuzating. Ikkinchi bir tomondan, harakatga tushishdan avval yaxshi reja tuzib olgan, harakatlarining natijasini oldindan ko’ra bilgan va bir necha kunda natija olgan kishi faoliyatini ko’ring.
Siz ko’p ishlaydigan emas, aqlli ishlaydigan bo’lishingiz kerak. Aql ishlatib harakat qilgan kishi quyidagi ustunliklarga ega bo’ladi:
- Masalani hal qilishning osonroq yo’lini izlab topadi. Muqobil yo’nalishlar haqida o’ylaydi;
- Ko’p kuch, vaqt va pulni tejab qoladi. Resurslarni maqsadli sarflaydi. Ishini tez va osonlik bilan tugatadi;
- Ishidan bezib qolmaydi. Yo’qotishlar kam bo’ladi va ish davomida salbiy ta’sir sezilmaydi;
- O’rganadi. Bir marta ishni aqlli tugatgan kishida keyingi ishlarni ham huddi shunday yakunlash odati shakllanadi;
- Yangilik yaratadi. Masalani hal qilishning innovatsion usullarini kashf etadi. Kelajakda avlod uchun tajriba qoldiradi;
- Erishgan natijasi nisbatan yaxshiroq bo’ladi. Nafaqat ko’p natijaga, balki yaxshiroq, sifatliroq natijaga ega bo’ladi;
- Bo’sh vaqti ko’proq bo’ladi, yangi g’oyalarga fursat topishi osonlashadi;
- Baxtli yashaydi. Hayotidan, ishidan, natijalaridan ko’ngli to’ladi, kejakka nisbatan ishonchi ortadi.
Qaysidir ishni boshlashingizdan avval quyidagi savollarga o’zingiz uchun javob topishga harakat qiling:
- O’zi bu narsa menga kerakmi, yo’qmi?
- Ishimdan qancha foyda, qancha zarar olaman?
- Bu ishni qanday qilib osonroq bajarish mumkin?
- Yechimning yana qanday shakllari bor?
- O’xshamay qolsa vaziyatdan chiqib ketishning nechta usuli bor?
- Ish bitgandan keyin aks ta’sir bo’lmaydimi?
Ko’p emas, aqlli ishlashni o’rganing.
Manba: azamat.uz