Toshkent kimyo-texnologiya instituti


Toshkent kimyo-texnologiya instituti (TKTI) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 6 maydagi 203-sonli Farmoniga binoan sobiq Toshkent politexnika instituti tarkibidagi kimyoviy texnologiya va muhandislik texnologiyasi fakultetlari negizida tashkil topdi. Institut o‘tgan davr ichida kimyo, oziq-ovqat, neft-gaz, qurilish materiallari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga 10 mingdan ziyod yuqori malakali muhandis texnologlar, taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha mingdan ortiq bakalavr va 30 ga yaqin mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlab berdi. 

Institutda tayyorlangan kadrlar «O‘zkimyosanoat»DAK, «O‘zneftgaz»MXK, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat“ xolding, “ O‘zyog‘moytamakisanoat “, “O‘zdonmahsulot “, “O‘zqurilishmateriallari“ kompaniyalari va “Sho‘rtangazkimyo“ kompleksida yetakchi mutaxassis bo‘lib samarali faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

Hozirgi kunda universitetda quyidagi fakultetlar mavjud:

Menejment va kasb taʼlimi fakulteti 

2001 yilda Toshkent kimyo-texnologiya instituti ilmiy kengashi qarori bilan “Menejment va sanoat ekologiyasi" fakulteti tashkil etildi. Fakultet tarkibiga “Oziq-ovqat sanoati iqtisodiyoti va menejmenti“, “Sanoat ekologiyasi", “Chet tillari", “Fizika" va “Matematika" kafedralari kiritildi.

2002 yilda “Menejment va sanoat ekologiyasi" fakulteti tarkibidagi “Sanoat ekologiyasi" kafedrasi o‘rniga “Informatika" kafedrasi kiritildi va fakultet “Menejment va axborot texnologiyasi" nomini oldi.

Respublikamiz kimyo, neft va gaz hamda oziq-ovqat sanoati korxonalari ehtiyojlarini yuqori malakali menejerlar va marketologlar bilan taʼminlash maqsadida, institut ilmiy kengashining 2004 yil aprel oyidagi qarori bilan “Oziq-ovqat sanoati iqtisodiyoti va menejmenti“ kafedrasi negizida “Sanoat menejmenti" va “Sanoat marketingi" kafedralari tashkil etildi. Fakultet tarkibiga “Kasb taʼlimi" kafedrasi qo‘shilishi munosabati bilan ushbu fakultet nomi 2004 yil 20 fevraldagi Toshkent kimyo-texnologiya instituti ilmiy kengashi qaroriga binoan institutning 2004 yil 15 maydagi 131 - sonli buyrug‘i bilan “Menejment va kasb taʼlimi" fakulteti, deb nomlandi.

Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi fakulteti

Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi bo‘yicha muhandis kadrlar tayyorlash dastlab 1940 yil SazPI tarkibida tashkil etilgan kimyo – texnologiya fakultetida amalga oshirilgan.Fakultetda qishloq xo‘jalik mahsulotlari va ularning ikkilamchi xom–ashyolari asosida quyidagi yo‘nalishlarda: -sharob ishlab chiqarishning biokatalitik asoslarini o‘rganish;-o‘simlik moylarini katalitik modifikatsiyalash;-qishloq xo‘jalik mahsulotlarini quritish, sharbat va kontsentratlarini olishning chiqindisiz texnologiyalarini yaratish;-ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;-qattiq holatda sochiluvchan materiallar va suyuqliklar namligini o‘lchash qurilmalarini kashf qilish bo‘yicha ilmiy maktablar faoliyat olib bormoqda.Hozirgi kunda mazkur fakultetda quyidagi kafedralar mavjud: 

  • “Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi" 
  • “Informatika, avtomatlashtirish va boshqaruv" 
  • “Oziq-ovqat sanoati mashina va jihozlari-mexanika asoslari " 
  • “Oziq-ovqat xavfsizligi" 

kafedralarda 5 ta taʼlim yo‘nalishida bakalavrlar va 5 ta mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda. Fakultetni bitiruvchi bakalavr va magistrlari respublikamizning «O‘zdonmahsulot» DAK, «O‘zpaxta-yog‘» AJ, «O‘zbekoziq-ovqat»AJ, “O‘z. Oshpazlar uyushmasi" AJ, «O‘zkimyosanoat» AK hamda iqtisodiyotning boshqa turdosh sanoat kor-xonalarida mehnat qilmoqdalar.

Noorganik moddalar texnologiyasi fakulteti

Ushbu fakultet sobiq ToshPI- ning kimyo texnologiya fakulteti tasarrufidagi mineral o‘g‘itlar, NOORGANIK moddalar, qurilish materiallari va elektrokimyoviy ishlab chiqarish sohalariga mutaxassis kadrlar tayyorlab beruvchi kafedralar negizida 1991 yil tashkil etildi.Fakultetda mahalliy xom-ashyolar va chiqindilar asosida quyidagi yo‘nalishlarda:-yangi turdagi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish; -bog‘lovchi moddalar olish; -keramika, shisha va sitallar yaratish;-chinni buyumlar ishlab chiqarish;-korroziyaga qarshi samarador ingibitorlar sintez qilish;-kamyob, nodir, tarqoq metallar kimyosi va tabiati asosida yangi kimyoviy sinf birikmalarini olish;-sanoat korxonalariga ekologik toza texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy maktablar tomonidan ijodiy tadqiqotlar olib borilmoqda.Noorganik moddalar ishlab chiqarish texnologiyasi fakulteti tarkibida quyidagi kafedralar mavjud:

  • «Silikat materiallari texnologiyasi»
  •  «Analitik , fizik va kolloid kimyo »
  • «NOORGANIK moddalar texnologiyasi»
  • «Texnologik jarayon va qurilmalar»
  • «Sanoat ekologiyasi»
  • “Umumiy va NOORGANIK kimyo"

kafedralarda 2 ta taʼlim yo‘nalishida (8 ta ishlab chiqarish turlariga tegishli) bakalavrlar va 8 ta mutaxassislik bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda.

Fakultetni bitiruvchi bakalavr va magistrlar respublikamizning «O‘zkimyosanoat» DAK, «O‘zqurilishmateriallari» AK va iqtisodiyotning boshqa turdosh sanoat korxonalarida faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

Yoqilg‘i va organik birikmalar kimyoviy texnologiyasi fakulteti 

Ushbu fakultet TKTI tarkibida dastlab 1991 yili “Organik moddalar ishlab chiqarish texnologiyasi" fakulteti nomi bilan tashkil etilgan.Fakultetda kimyo fanlari, mahalliy xom-ashyolar va chiqindilar asosida quyidagi yo‘nalishlarda:-organik kimyo; -fizik kolloid kimyo;-kimyoviy faol polimerlar sintez qilish;-tabiiy polimerlar xususiyatlarini o‘rganish;-plastmassalarni qayta ishlash;

Fakultetda quyidagi kafedralar mavjud:

  • «Yuqori molekulali birikmalar va plastmassalar texnologiyasi» kafedrasi
  • «Organik kimyo va asosiy organik sintez texnologiyasi» kafedrasi
  • «Neft va gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi» kafedrasi
  • «Sellyuloza va yog‘ochsozlik texnologiyasi» kafedrasi
  • «Fizika va elektrotexnika» kafedrasi

Vinochilik texnologiyasi va sanoat uzumchiligi fakulteti 

«Vinochilik texnologiyasi va sanoat uzumchiligi» fakulteti 2018 yil 23 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekvinosanoat-xolding» Aksionerlik jamiyati faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3239-son, 2018 yil 28 fevraldagi «Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3573 son qarorining 17, 19 bandlarida belgilab berilgan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining 2017 yil 28 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 avgustdagi PQ-3239-sonli qarori ijrosini taʼminlash to‘g‘risida»gi 616 son va 2018 yil 6 martdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi PQ-3573-sonli qarori ijrosini taʼminlash to‘g‘risida»gi 211 son buyruqlari ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektorining 611-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilgan.

«Vinochilik texnologiyasi va sanoat uzumchiligi» fakulteti, «Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi» fakulteti tasarrufidagi «Oziq-ovqat maxsulotlari texnologiyasi» kafedrasining «Qand bijg‘ish mahsulotlari texnologiyasi» sikli hamda “Biotexnologiya" kafedrasi asosida tashkil etilgan.

Toshkent kimyo texnologiya instituti qo‘ng‘irot soda zavodi qoshidagi maxsus sirtqi bo‘lim

Toshkent kimyo-texnologiya institutining maxsus sirtqi bo‘limi dastlab O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 2005 yil 13 apreldagi PQ-49 sonli “Qo‘ng‘irot soda zavodiga kadrlarni maqsadli tayyorlashni tashkil qilish haqidagi" qarorlariga asosan “Qo‘ng‘irot soda zavodi qoshidagi maxsus sirtqi bo‘lim" nomi bilan tashkil etilgan. 2005 yildan boshlab Qo‘ng‘irot soda zavodi Unitar korxonasining oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj talabnomasiga asosan «O‘zkimyosanoat» Aksiyadorlik Jamiyati bilan yaqin hamkorlikda Maxsus sirtqi bolimda 5522400 - «Kimyoviy texnologiya», 5520700 -«Texnologik mashina va jihozlar», 5580400 - «Muhandislik kommunikatsiyalari qurilishi, 5310700 - «Elektrotexnikasi, elektromexanikasi va elektrtexnologiyasi» bakalavriat naʼlim yo‘nalishlari hamda 5А320401- «NOORGANIK moddalar kimyoviy texnologiyasi», 5А320305 - «Kimyoviy ishlab chiqarish va qurilish materiallari korxonalarining mashinalari hamda apparatlari», 5А310704 - «Elektrotexnik majmualar va tizimlar» va 5А320405 - «Yuqori molekulali birikmalar kimyoviy texnologiyasi» magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha Qong‘irot soda zavodi uchun yuqori salohiyatli kadrlarni ishlab chiqarishdan ajralmagan holda yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining 2011 yil 27 dekabrdagi «Surgul konni ishga tushirish bilan Surgul koni bazasida Ustyurt GKM qurilishi loyihasi bo‘yicha moliyalashtirish va qurilishini tashkil etish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1667-sonli qarorlarining 18 bandi ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining 2011 yil 31 dekabr №528 sonli «Toshkent kimyo-texnologiya institutining Qo‘ng‘irot soda zavodi qoshidagi maxsus sirtqi bo‘limi bazasida taʼlimning kunduzgi shakli bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkil qilish to‘g‘risida»gi buyrug‘iga asosan 2012-2013 o‘quv yilidan boshlab Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamla «Uz-Kor Gas Chemikal» MCHJ qo‘shma korxonasi bilan yaqin hamkorlikda quyidagi: 5320400 - « Kimyoviy texnologiya (yuqori molekulali birikmalar, organik sintez mahsulotlari ishlab chiqarish)», 5321300 - «Neft va neft-gazni qayta ishlash texnologiyasi », 5320300 - «Texnologik mashina va jihozlar (neft va gaz sanoati mashina va apparatlari)», 311000 - «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (neft va gaz sanoati tarmoqlari)» taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavr darajasidagi yuqori salohiyatli mutaxassis kadrlar tayyorlab kelinmoqda.