Prezident maktablarda til o‘rgatish sifatini keskin tanqid qildi


Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev maktablarda xorijiy tillarni o‘qitish sifati pastligini keskin tanqid qildi. 17 yanvar kuni maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

– Rivojlangan mamlakatlarda oliygohda til o‘rgatmaydi. Chunki talabalar yoshligidanoq ikkita tilni biladi. Biz 1-sinfdan 11-sinfgacha chet tilini o‘rgatamiz. Lekin maktabni bitirgan bolalarning necha foizi shu tilda gaplasha oladi?! Bunga davlatning qancha puli ketayapti! Qani natijadorlik, – deya haqli savol qo‘ydi Prezident.

Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi boshqa maktablarda ham ta’lim sifatini oshirish, fanlar va xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

– Ta’lim tizimini “oyoqqa qo‘ymas" ekanmiz, islohotlar amalga oshmaydi. Buni bitta vazirlik yoki agentlik ham qilolmaydi. Bunga butun xalqimiz, jamiyatimiz mahkam kirishishi kerak. Najotimiz maktabda, najotimiz ta’limda, najotimiz bilimda, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar ijrosi bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

– Bir narsani chuqur tushunib olishimiz kerak: iqtisodiyotimizga juda katta marra olganmiz. Bu yil eksportimizni 14 milliard dollarga chiqarmoqchimiz. 2025 yilga qadar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga, eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Buni kim qiladi? Bilimli kadrlar! – deya ta’kidladi Prezident.

Ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.

– Bu Agentlikni faqat 14 ta maktab uchun tuzganimiz yo‘q. U Prezident maktablaridagi muhitni, metodikani boshqa maktablarga ham olib kirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuning uchun yangi o‘quv yilidan boshlab, Nukus shahri va viloyat markazlarida ikkitadan, tuman va shaharlarda bittadan maktab tanlab olinib, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bunda o‘sha hududda rivojlangan tarmoqlar, azaldan kuchli o‘qitilgan fanlarga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda ishchi guruh tuzib, hududlardagi sharoitlarni o‘rganish, tanlangan maktablarni yangi standartlar asosida o‘quv yiliga tayyorlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul tartibi, o‘quvchi va muallimlar bilimini baholash tizimini ham qayta ko‘rib chiqish kerakligi aytildi.

Agentlikning Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi negizida ilmiy markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi. U ixtisoslashtirilgan maktablarning har bir yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro metodika asosida ilg‘or ta’lim dasturlari ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Bu ishlarni samarali tashkil etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda Prezident ta’lim muassasalari agentligining hududiy bo‘limlari tashkil etilishi belgilandi.