Jurnalistika fakultetlari tugatiladi


O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilingani haqida xabar bergandik.

Qarorga binoan:

  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyasi asosida Universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasb layoqatini aniqlashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon (yozma va suhbat shaklida) o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;
  • 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida «Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha)» ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, «Oliy jurnalistika kurslari» bo‘yicha qabul to‘xtatiladi hamda ushbu ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettiradilar;
  • 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab Universitetga talabalarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Shuningdek, qaror asosida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tuzilmasi; 2018-2021-yillarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi; 2018/2019-o‘quv yilida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavrlar va magistrlar tayyorlash bo‘yicha qabul kvotalari tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga, zarur hollarda, Universitet tuzilmasiga oliy ta’lim muassasasi uchun belgilangan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Manba: xabar.uz