Ijtimoiy tarmoqda daromad va shuhrat topgan 7 inson


Xudo beraman desa, muvaffaqiyat g‘oyibdan keladi. Bugun yon-atrofga diqqat qilsak, hayotimizni ijobiy tomonga o‘zgartirib yuboradigan, muvaffaqiyat keltiradigan omillar juda ko‘p. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlar. Bizning quloqlarimiz ijtimoiy tarmoqning salbiy xususiyatlariga o‘rganib qolganidan bo‘lsa kerak, internetni o‘zimizning omad qurolimizga aylantirishga u qadar ham hafsala qilmaymiz. Vaholanki, dunyoda ijtimoiy tarmoq orqali boyib ketayotganlar ham kam emas. Ijtimoiy tarmoqda mashhurlikka erishib, buning orqasidan shuhrat va daromad topganlar haqida quyida hikoya qilamiz.

1. Syuzan Boyl

Qo‘shiqchi Syuzan Boyl garchi iste’dodli bo‘lsa-da, u kuylagan "Bir orzuni qildim orzu" (I Dreamed a Dream) taronasi YouTube tarmog‘ida chiqmaguniga qadar u unchalik ham mashhur emas edi. Video tarmoqdagi debyutdan so‘ng 47 yoshli Syuzan Britaniyaning chinakam iste’dodi deb tan olindi va jahon miqyosida mashhurlikka erishdi. U qo‘shiqni kuylaganida ishsiz yurgan edi. O‘zi xabarsiz holda tanilgan bu xonimga tez orada takliflar tusha boshlaydi va u reklama va roliklardagi ishtiroki uchun qisqa fursatda $8 million ishlab topadi. Sizning ham bebaho ovozingiz va qobiliyatingiz bo‘lsa, marhamat, kuylang va ijtimoiy tarmoqlar yordamida muvaffaqiyat qozoning.

2. Brittani Furlan

Brittani Furlan Vine ko‘ngilochar tarmog‘ining nom qozongan ayol yulduzlaridan biri. Uning mazkur tarmoqda 9 million nafar izdoshi (folloveri) bor. Bu havaskor qiziqchi-yumorist tarmoqqa joylab borgan 6 soniyali hazil-mutoyibalari evaziga juda tez tanila boshlagan. Natijada, u telekanallarda o‘zining shaxsiy komediya-shoularini tashkil etishga muvaffaq bo‘lgan. Modomiki, siz ham so‘zga usta, har narsada mohiyat va yumor ko‘rish qobiliyatiga ega ekansiz, imkoningizni boy bermang.

3. Keyt Apton

Amerikalik bu model va aktrisa ish qidirib yurganida o‘zi ishtirok etgan videolardan biri YouTube'ga joylanadi va qisqa fursatda million marotaba ko‘riladi. Buning evaziga esa Keyt Twitter'da 170,000 nafar izdoshga ega bo‘ladi. Va, albatta, bugun muvaffaqiyat bu qizning ortidan ergashib yuribdi. Aktyorlik yoki modellik iste’dodingiz bormi? Unda qarab turmang va bundan foydalaning.

 4. Uedli Estaym

Hatto, sportda o‘zini namoyon qilgan atletlar ham ijtimoiy tarmoqqa shuhrat istab a’zo bo‘ladilar. Ulardan biri amerikacha futbolning taniqli yulduzi - Uedli Estaym. Mazkur sportchi o‘zining sport mahoratini namoyish qilish uchun videolar yozib olib, YouTube video tarmog‘iga joylashtira boshlaydi. Natijada, unga nufuzli amerikacha futbol jamoalaridan daromadli takliflar tusha boshlaydi. U Virginia Tech jamoasi bilan shartnoma imzolab, ham daromad ham shuhrat topgan sportchilardan. Sportda tengsiz bo‘lsangiz, mahoratingiz bilan jamoatchilikni ijtimoiy tarmoq yordamida boxabar qiling va muvaffaqiyat qozoning.

5. Amaliya Ulman

Argentinalik fotograf va rassom ijodiga mansub rasmlarni Instagram foto tarmog‘iga joylashtirmagunicha nom-nishonsiz yurgan edi. U ilk marotaba onlayn suratlar ko‘rgazmasini "Mahorat va mukammallik" nomi bilan tarmoqda e’lon qiladi. Avvaliga e’tiborsiz onlayn ko‘rgazma vaqt o‘tib, jadal ommalashadi va ijodkor Instagram'da qisqa fursatda 65 ming nafar izdoshga ega bo‘ladi. Bugun go‘zal suratlar olish har doimgidan ham osonlashdi. Muhimi, g‘oya va tafakkur, go‘zallik va mohiyatni bir suratda mujassam qila olish iste’dodning sizda borligi.

6. Aleks Li

Tasodifan mashhur bo‘lish mumkinmi? Tasavvur qiling siz tinmay mehnat qilib, arzimas pul topayotgan soatlarda sizni kimdir mashhur qilib yuborsa? Aleks shu tarzda mashhur bo‘lgan. Uning istarasini yaxshi ko‘rib qolgan bir o‘smir qiz Twitter'ga Aleksning "Target" do‘konida xizmat ko‘rsatayotgan jarayoni aks etgan suratini "Kelishgan" heshtegi bilan e’lon qiladi. Bu surat esa bir necha soatlar ichida tarmoq foydalanuvchilari tomonidan #alexfromtarget heshtegi ostida 800 ming marotaba retvit qilinadi. Li mashhurligidan bexabar holda ishini yakunlab telefonini yoqqanida unga son-sanoqsiz tabriklar kela boshlaydi. Do‘konga kelgan mijozlar ham uni suratga olib Twitter'da e’lon qilishlari natijasida 16 yoshdagi Aleks ko‘zga yaqin bolaga aylanadi. Tez orada klip va roliklarda, The Ellen Show degan nufuzli shoularda, hatto filmlarda ishtirok etib, chinakam yulduzga aylanadi. Xudo beraman desa, bir ondayoq hayotingiz muvaffaqiyat onlariga to‘lib-toshadi. Faqat bunga sababchi bo‘ladigan yaxshi insonlarga duch kelsangiz bo‘lgani.

7. Nesh Grir

Amerikalik 19 yoshli Nesh Grir ayni kunda taniqli internet shasxlardan biri. U avvaliga Vine tarmog‘idagi 6 soniyali hazil-mutoyiba, tabiiy va qiziq videolari bilan mashhur bo‘ldi. Ayni kunda Nesh Youtube'da alohida kanal ochgan. Uning Vine tarmog‘ida uning 12 million, Instagram'da 8 million, YouTube'da 4 million, Twitter'da 5 million nafar tomoshabin va muxlislari bor. U biror mahsulot haqida e’lon qiladigan 6 soniyali video tavsiflari uchun $25,000 dan $100,000 dollargacha haq oladi. Reklama va hazil-mutoyibani uyg‘unlashtira olishda tengsiz bo‘lsangiz. siz ham bu ishga kirishib ko‘ring.

Xulosa shunday - "yomon, yomon" degan bilan ijtimoiy tarmoq ijodimiz, qobiliyatimizni namoyon etadigan, omadimizni topishga yordam beradigan platforma. Unga kim nima istab kirsa, o‘shani topadi. Jumladan, shuhrat va daromadni ham.

Omadingizni bersin!

Manba: erkak.uz