Xalqaro press klubda Oliy ta'lim tizimidagi islohotlar mavzusida anjuman


Bugun, 7 iyun kuni Xalqaro Press-klubda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar va 2017-2018 o‘quv yili uchun abituriyentlar qabuliga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi. Unda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari Inomjon Majidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test Markazi direktori Majid Karimov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz To‘ychiyev, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Mansurxon Kamolovlar chiqish qilishdi.

Unda Harakatlar strategiyasiga asoslanib, Prezident tomonidan 2017 yil 20 apreldagi 2909-sonli “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror qabul qilingani hamda uning mohiyati alohida qayd etildi. Oliy o‘quv yurtlari oldiga jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim dargohlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, mintaqa talablari va kadrlar tayyorlash orasidagi aloqani munosib ta’minlash, pedagog kadrlarning kasb mahorati sifati va saviyasini uzluksiz yuksaltirish, OTM ilmiy salohiyatini mustahkamlash kabi mas’uliyatli vazifalar qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Ta’kidlash joizki, dastur qabul qilinishi orqali OTMlarga qabul kvotalarini 18 foizga oshirish va OTMlar o‘quv dasturiga kamida 350 nafar yuqori malakali mutaxassis, o‘qituvchi va olimlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Qabul kvotasining kengayishi barcha oliy ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi qayd etildi.

Shu yilning 5 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2955-sonli “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi. Mazkur hujjatda bir qator yangiliklar mavjudligi ta’kidlandi. Jumladan, qabul kvotasi o‘tgan yilga nisbatan deyarli 10 mingtaga (14 foizga), 57 907 dan 66 316 taga ko‘paytirilgani ma’lum qilindi. Shuningdek to‘lov-shartnoma pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul joriy etilishi aytildi.