Uchinchi fan kerak(mi)?


Hozirda men biologiya va kimyodan tayyorlanyapman, ona tilini dars jadvalimga kiritolmayapman. Uchalasini teng olib ketish uchun nima qilishim kerak?

Afsuski, bu savol birgina foydalanuvchimizning emas, ko‘plab abituriyentlarimizning xayolini band etgan masalalardan biri. Garchi bu narsa sayt orqali ilk bor so‘ralayotgan bo‘lsa-da, o‘g‘zaki ravishda ko‘plab abituriyentlardan eshitamiz.

Keling, endi bu masalani bir tahlil qilib ko’raylik. Siz 1- va 2-faningizdan maksimal necha ball to’play olasiz? Albatta, 156 ball. Boring, ana tavakkal qilib ona tili va adabiyotdan yana 8 ta to‘g‘ri topdingiz, deylik. Shunda necha ball bo’ladi – 158.8 ball. Bir qaraganda juda yuqori ball. Bu ball bilan ancha-muncha joyga, hech bo‘lmaganda, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kira olasiz. Shundaymi?

Lekin, bir “lekin"i bor-da, birodar. Uydagi hisob-kitoblar ko‘chaga to‘g‘ri kelarmidi? Ikki fandan ortmayotgan bir abituriyentning ana shu fanlardan 36 tadan test yechishi ishonilishi qiyin bo’lgan orzu, xolos. Odatda, juda kuchli abituriyentlar ham 1-2 ta savolda xatolikka yo‘l qo‘yishadi. Yana shunisi ham borki, bunday muvaffaqiyatga erisha oladigan abituriyentlar bemalol uchinchi fanga ham ulgura olishadi. Futbolda mashhur gap bor-ku: “Omad kuchlilarga kulib boqadi".

Nega uchinchi fanga ulgura olmayapmiz? Bunga abituriyentlar tomonidan ko’rsatiladigan asosiy sabab (bahona) quyidagicha: 1- va 2- fanlardan uy ishi ko‘p. Ulardan ortmayapmiz. 

Aslida ham shundaymikin? Ko’rib chiqamiz. Deylik, o‘qituvchi yechish uchun 100 ta savol bergan bo‘lsin. Siz bir soatda 10 tadan test ishlasangiz ham, 100 ta savolni 10 soatda bir yoqli qilish mumkin. Demak, bitta fan uchun bir kun yetib ortadi. Siz, aslida, nimadan ortmayapsiz? Kunlik qilayotgan ishingizni bir daftar tuting-da, yozib ko‘ring. Dars qilish uchun necha soatingiz sarf bo’lyapti ekan. Balki, dars tayyorlashdan ko‘ra vaqtingiz boshqa narsalarga ketayotgandir. Masalan, televizor ko‘rishgami yo internet titkilashgami, balki tanishuv saytlarida vaqt o’tkazishgadir: mail agent, odnoklassniki, facebook deganday. O’zingiz qaror qiling: qay biri siz uchun muhimroq?

Abituriyentlarimiz dars tayyorlashda fanlarni muhimligiga ko‘ra tartiblashadi. Biz ham bunga qarshi emasmiz, lekin bu bitta fanni umuman tayyorlamasam ham bo‘laveradi, degani emas. Chunki kirish imtihonida 0,1 ballar rol o‘ynaydi. Agar bu gapga isbot qidirmoqchi bo‘lsangiz, o‘tgan yili “hassasini yo’qotib ko’rgan" abituriyentlardan so‘rab ko’ring.

Maslahatimiz: kunlik dars qilish jarayoningizni uch bo‘lakka bo‘ling: katta, o‘rtancha va kichik bo‘laklarga. Katta bo‘lakni, asosan, hisoblash amallari ko‘p bo‘lgan fandan dars qilishga ajrating. Masalan, yuqoridagi foydalanuvchimiz ko‘proq kimyo fani bilan shug‘ullansin. Negaki bunday fanlardan dars qilganda vaqt tez o‘tadi. O‘rtancha qismda esa o‘zingizga nisbatan muhimroq bo‘lgan fan bilan shug‘ullaning. Uy ishiga berilgan testlarni yeching. Oxirgi kichik bo‘lakda esa dars qilgingiz kelmayotgan uchinchi fan bilan shug‘ullaning. Asta-sekin shug‘ullanishni boshlang. U fan ham sizga qiziq tuyila boshlaydi. Aytishadi-ku, odam bilmaganini dushmani  deb o’ylaydi. Ishonchimiz komilki, siz “uchinchi" bilan ham do‘st bo‘la   boshlaysiz.

Shu o’rinda dars qilishga vaqt orttira olmayotganlar uchun kichik hisob-kitob qilib ko’raylik: Bir sutkada sakkiz soat vaqt uyquga ketsin (Uyqu chala bo‘lsa, kun befoyda o‘tib ketib qoladi. Buni inobatga olish kerak). Taxminan 2 soat ovqatlanishga ketsin. Yana ikki soat yo‘lda yurishga. Hozircha bir sutkaning yarmini o‘tkazdik. Yana 2 soatni darslar orasidagi tanaffusga ajrataylik. Bizda 10 soat vaqt qolyapti. Bu vaqt ichida bilim olsangiz, qancha narsa o‘zlashtirishingiz mumkinligini taxmin qila olasizmi? 10 soatdan unumli foydalansangiz, bir kunda siz 250-300 ta test yechishingiz mumkin. Endi kirish imtihoniga ancha vaqt borligini inobatga oladigan bo‘lsak, bu vaqt ichida siz ko‘rmagan testning o‘zi qolmaydi hisob.

Shunday ekan, dars stolingiz uzoq kutib qolmasin. Ishga kirishing. Omad yor bo‘lsin!