Toshkentdagi 31 ta OTMda darslar soat 9:30 dan boshlanadi


Toshkent shahrida qator oliy ta’lim muassasalarida darslarning boshlanish vaqti o‘zgaradi. Bu qaror metrodagi tirbandlikni kamaytirish maqsadida qabul qilingan.

9 yanvardan Toshkentda metro bekatlarga yaqin joylashgan 31 ta OTMda dars jarayonining boshlanish vaqti o‘zgartiriladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror poytaxt metropolitenida yo‘lovchi oqimini to‘g‘ri taqsimlash, talabalarning o‘z vaqtida dars mashg‘ulotlariga yetib borishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida qabul qilindi.

Transport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan qabul qilingan qarorda keltirilishicha, tegishli ta’lim muassasalarida ish grafigi maqbullashtirilgandan so‘ng tig‘iz vaqtlarda metropolitenda yo‘lovchi oqimini to‘g‘ri taqsimlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘riladi.