“Temurbeklar maktabi”ni aʼloga bitirganlarga OTMga kirishda imtiyoz beriladi


“Temurbeklar maktabi"ning eng yaxshi oʻquvchilariga oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirishda imtiyozlar beriladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar portaliga joylashtirildi.

Shu asosda “Temurbeklar maktabi"ning eng yaxshi oʻquvchilariga oliy harbiy taʼlim muassasalariga imtiyozli qabul qilish boʻyicha tavsiyanomalar berish masalalarini koʻrib chiquvchi respublika komissiyasi tuziladi va oʻqishga tavsiyanoma oladiganlarni shu komissiya aniqlab beradi.

Tavsiyanomalar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining fidoiy aʼzosi, vatanparvar, yetakchilik qobiliyatini namoyon etgan, shuningdek, boshlangʻich tashkilotlarda sardor sifatida samarali faoliyat koʻrsatayotgan, “Temurbeklar maktabi"ni yuqori baholarga tamomlayotgan faol yoshlarga beriladi.

Tavsiyanomalarga ega boʻlgan oʻquvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qoʻmitasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga imtihonsiz, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining qarori bilan belgilangan kvotadan tashqari imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Tavsiyanomalar har yili respublika komissiyasining qarori asosida har bir “Temurbeklar maktabi"ning 1 nafar bitiruvchisiga taqdim etib boriladi. Tanlovlarni toʻgʻri va adolatli oʻtkazishga respublika komissiyasi masʼul boʻladi.

Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov armiyada xizmat qilib qaytgan abituriyentlarga imtiyoz taqdim etish tizimiga oʻzgartirishlar kiritilishini aytgan edi. Uning maʼlum qilishicha, ballarga ustamalarni umumiy tanlov doirasidan tashqarida oʻtkazish kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 30 iyun kuni Oʻzbekistonda yoshlarga harbiy taʼlim-tarbiya beradigan kursantlar maktablariga “Temurbeklar maktabi" nomini berish haqida taklif bildirgandi. Oʻtgan yil iyul oyida “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida"gi prezident farmoniga koʻra, respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi" nomi berilgan.

Manba: turon24.uz