Talabaning ishlashi to‘g‘rimi?


Tahririyatga ish so‘rab kelgan qiz mutaxassislik fanlarini yaxshi o‘zlashtirgani, o‘qishni imtiyozli diplom bilan bitirganini mag‘rurlanib so‘zladi. Unga o‘zi qiziqqan mavzu bo‘yicha maqola yozish tayinlandi. Ikki kun ichida berilgan vazifani bajarib, ijod namunasini muharrir stoliga qo‘ydi. Muharrir materialni hijjalab o‘qib chiqdi va bir betli “maqola"da 15 ta imloviy xatoni ko‘rib, yosh jurnalistning salohiyati qay darajada ekanini angladi va chuqur o‘yga toldi...

Har yili jurnalistika fakultetlarini yuzdan ortiq yigit-qiz tamomlaydi. Biroq ulardan yarmining yarmi ham mutaxacsisligi bo‘yicha ishlamaydi. “Qayerga borsang, maqola so‘raydi. Bizga bo‘lsa xabar yozishni ham o‘rgatishmagan-ku", deya tanlagan kasbidan noliydi. Albatta, ularning gapida ham jon bor. Mutaxassislikdan yiroq fanlarning ko‘pligi va o‘qituvchilarning amaliyotdan bexabarligi salohiyatli kadrlar tayyorlashda to‘siq bo‘layotgani ham haqiqat. Yana bir muammo amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun zarur moddiy-texnik bazaning yetishmasligi hamda amaliyot jarayoniga yuzaki yondashuvdir.  

Bunday holatni nafaqat jurnalistika, balki boshqa sohalarda ham uchratish mumkin. Masalan, moliya sohasida oliy ma’lumot olgan kadr o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish boshlashga qiynaladi. Buxgalteriya ishini yuritish yoki shunga o‘xshash maxsus kurslarda malaka oshirib, tashkilotda ishlash ko‘nikmasini o‘zlashtiradi. To‘rt yil to‘lov shartnoma asosida million-million so‘m to‘lab o‘qigan, biroq ishga kirish chog‘i “Mutaxassislik bo‘yicha malakangiz yetarli emas", degan iddao bilan ortga qaytarilgan har qanday kishining tanlagan kasbidan ko‘ngli sovishi tabiiy.

Muammoga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, bunday holatlarning vujudga kelishiga, eng avvalo, kadrlarning o‘zi sababchi ekani ayon bo‘ladi. Har bir kishi oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish paytidayoq qobiliyati va qiziqishini inobatga olishi kerak. Qolaversa, ishga joylashishda ortiqcha muammolarga uchramaslik uchun talabalik davridayoq o‘qiyotgan yo‘nalishi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga borib, malaka oshirishi zarur.

Tahririyatlarda faoliyat yuritayotgan talaba-muxbirlar jurnalistika fakultetini tamomlagan ko‘pchilik kadrlardan saviyali. Sababi, ular ham o‘qib, ham ishlaydi. Nazariya bilan amaliyotni birdek olib boradi. Muntazam o‘qiydi, yozadi, tahrir qiladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi Yulduz Eshmatova ham talabalarning ishlashi har jihatdan foydali ekanini alohida ta’kidlaydi.

— Ko‘pchilik talabalar o‘qish davrida ishlash mumkinligi haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagani bois biron joyga ish so‘rab bormaydi. Mehnat qonunchiligiga muvofiq, talaba o‘qishdan bo‘sh vaqti kunning ikkinchi (yoki birinchi) qismida o‘zi tahsil oladigan muassasa yoki boshqa tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlashi mumkin, — deydi u. — Ham o‘qib, ham ishlagan kishining dunyoqarashi, odamlarga munosabati o‘zgacha bo‘ladi. Bunday toifadagi yoshlar vaqtni to‘g‘ri taqsimlaydi, o‘qishga ham, ishga ham mas’uliyat bilan qaraydi. Shu bois talabalarimning ham o‘qib, ham ishlashini qo‘llab-quvvatlayman. Zarur bo‘lsa, 3-, 4-kursdanoq ishga joylashishida ko‘maklashaman. Guruh murabbiyi sifatida talabalarimga yozgi ta’tilda o‘quv jarayonidan ajralmagan holda maktablarga ishga kirishni tayinladim. To‘qqiz nafar shogirdimning poytaxt va Toshkent viloyatidagi umumta’lim muassasalariga ishga joylashganini eshitib, xursand bo‘ldim. Jumladan, Mahliyo Jo‘rayeva hamda Zamira Rashidova Yangiyo‘l tumanidagi maktablarda mehnat faoliyatini boshlagan bo‘lsa, Gulhayo Do‘lonova va Zarifa O‘rinova O‘rta-Chirchiq tumanida o‘quvchilarga saboq bermoqda. Ular o‘qituvchilik mas’uliyatli va sharafli kasb ekanini chuqur anglagan holda darslarda faol harakat qilib, saboqdoshlariga namuna ko‘rsatyapti. Ishga kira olmagan talabalarni o‘quvchilarga individual tarzda dars berishga jalb etdik. Bu usul bo‘lajak pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirishda ijobiy natija beryapti.

Hasan MO‘MINOV,

“Ma’rifat" gazetasi muxbiri