O‘zbekistonda ayrim talabalarning ishlab chiqarish amaliyoti xorijdagi muassasalarda tashkil etiladi


O‘zbekistondagi OTMlarda xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalar ishlab chiqarish amaliyotini mamlakatning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari yoki xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalarida tashkil etiladi. Bu haqda hukumatning 31-avgustdagi qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, amaliyot OTM tomonidan ishlab chiqiladigan hamda qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishiladigan dastur asosida tashkil etiladi.

Amaliyot bir o‘quv yilida bir marta 10 kundan kam bo‘lmagan va 30 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatlarda o‘tkaziladi va u 2 bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda OTM tomonidan xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirgan iqtidorli 3-kurs talabalarining ro‘yxati tuziladi hamda ularga berilgan tavsiyanomalar bilan birga har yili 1-iyuldan kechikmagan holda, Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etiladi.

Saralab olishda talabalardan:

  • CEFR tizimining kamida C1 darajasiga mos keladigan chet tilini bilish to‘g‘risidagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi;
  • umumiy reyting (o‘zlashtirish) ko‘rsatkichlari 80 ball va undan yuqori bo‘lishi, fanlardan qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi talab etiladi.

Ikkinchi bosqichda nomzodlar Tashqi ishlar vazirligida qabul qiluvchi tashkilot talablari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda taqsimlanib, 20-iyulgacha suhbatdan o‘tkaziladi.

Amaliyotni o‘tash davrida talabaning belgilangan tartibda stipendiya olish huquqi saqlab qolinadi.

Ma’lumot uchun, Xalqaro munosabatlar deganda “Siyosatshunoslik", “Xalqaro munosabatlar", “Xalqaro iqtisodiyot va menejment (mintaqalar va faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha)", “Yurisprudensiya (xalqaro huquqiy faoliyat)", “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik (mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha)" hamda “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar (mintaqalar va faoliyat turlari bo‘yicha)" bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari tushuniladi.