O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga o‘qishga qabul tartibi va bosqichlari


Akademiyaga o‘qishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:

  • dastlabki imtihon;
  • kasbiy (ijodiy) imtihon va kirish test sinovlari (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda - Davlat test markazi) tomonidan o‘tkaziladi).

Dastlabki imtihon natijalariga ko‘ra abituriyentlarni kirish imtihonlarining keyingi bosqichlariga (kasbiy (ijodiy) imtihon va test sinovlari) o‘tkazish yoki o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida tegishli qaror kabul qilinadi. 

Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlarga Davlat test markazining maxsus dasturi orqali Akademiyani tanlashga va test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Dastlabki imtihon Akademiya rektorining buyrug‘i bilan tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan o‘tkaziladi. 

Maxsus komissiya tarkibiga Akademiya xodimlari bilan birga boshqa davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham kiritiladi. Maxsus komissiya o‘z faoliyatini qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, xolislik va beg‘arazlik tamoyillari asosida amalga oshiradi.

Maxsus komissiyaga komissiya aʼzolarining faoliyatini muvofiqlashtiradigan rais rahbarlik qiladi, Qabul komissiyasi raisi o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida maxsus komissiya raisi hisoblanadi.

Dastlabki imtihon har yili Akademiya qabul komissiyasi tomonidan belgilanadigan muddatlarda o‘tkaziladi.

Dastlabki imtihonni o‘tkazish jadvali Akademiya qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va dastlabki imtihonni o‘tkazish boshlanishidan kamida 10 kun avval Akademiyaning Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Dastlabki imtihon Akademiya negizida zarur texnik, tibbiy va boshqa sharoitlarni yaratgan holda o‘tkaziladi. Bino va auditoriyalar xavfsizlik talablariga, shu jumladan yong‘in xavfsizligi, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga to‘liq javob berishi shart.

Hujjatlarni qabul qilish, abituriyentlar bilan suhbatlashish, dastlabki imtihonni topshirish jarayoni video va audio vositalar yordamida yozib olinadi.

Dastlabki imtihon yozma shaklda o‘tkaziladi va quyidagilarni belgilovchi savollarning uch blokidan iborat bo‘ladi:

  • intellektual daraja (40 ball), mantiqiy va keng fikrlash, turli tushunchalar, faktlarni taqqoslash hamda ularning o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni topish;
  • maʼnaviyat va maʼrifat asoslari bo‘yicha bilim darajasi (30 ball), maʼnaviyat asoslari, milliy g‘oya va mafkura, huquq va siyesat, adabiyot, tarix, islomshunoslik va dinshunoslikka taalluqli hamda boshqa masalalar yuzasidan mantiqiy va asosli tushuntirish qobiliyati;
  • xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis tillari) bilish darajasi (30 ball), O‘zbekiston madaniyati, sanʼati, tarixi, geografiyasiga taalluqli va boshqa sohalarga oid masalalar yuzasidan mantiqiy va asosli tushuntirish qobiliyati. Bunda, xorijiy tillar bo‘yicha yetakchi xalqaro va baholash tizimlarining amaldagi sertifikatlariga, shu jumladan, IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TOEFL IBT bo‘yicha kamida 72 ball bilim darajasi ko‘rsatkichi bilan xalqaro sertifikatlarga, shuningdek, test DaF, G0ETNE sertifikati, DELF sertifikati imtihonlaridan SEG‘R uslubi bo‘yicha V2 minimal darajasiga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2019 yil 13 maydagi 395-son qarori talablariga muvofiq sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu savollar bloki bo‘yicha maksimal ball beriladi.

Dastlabki imtihonning maksimal ballari miqdori 100 ballni tashkil etadi. Abituriyent kirish test sinovlariga ruxsat berilishi uchun biletdagi barcha savollar bo‘yicha umumiy ballar miqdorining kamida 50 foizini to‘plashi zarur.

Abituriyentlarning tayyorgarligini baholash mezonlari, dastlabki imtihonni o‘tkazish tartibi maxsus komissiya tomonidan ishlab chiqiladi, Akademiyaning muassislari bilan kelishilgan holda Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi va Akademiyaning Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida, shuningdek, axborot stendlarida dastlabki imtihonni o‘tkazish muddatidan kamida o‘n kun avval joylashtiriladi.

Dastlabki imtihon savollarini ishlab chiqish uchun tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Barcha topshiriqlar odatda, yagona imtihon talablarini (imtihon materialining mos hajmi, savollar, misollar va topshiriqlarning murakkablik va mehnat talab qilish darajasi) o‘z ichiga olishi zarur.

Topshiriqlar ro‘yxati qabul komissiyasi tomonidan dastlabki imtihon o‘tkazilishidan bir kun avval tasdiqlanadi.

Dastlabki imtihon uchun ajratilgan vaqt, shu jumladan tashkiliy qism va ishlarni topshirish vaqti 3 soatni tashkil kiladi.

Dastlabki imtihonni tashkil etish uchun abituriyentlar guruhlarga bo‘linadi. Bunda, har bir guruhda dastlabki imtihonni tashkil etish va uning o‘tkazilishini nazorat qilish maxsus komissiyaning uch nafar vakili tomonidan amalga oshiriladi. Maxsus komissiyaning bayon shaklida tasdiqlanadigan qarori asosida maxsus komissiya aʼzolari guruhlarga ajratiladi. Auditoriyada boshqa shaxslarning bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Abituriyent auditoriyaga qabul komissiyasining masʼul shaxsi tomonidan taklif etiladi. Bunda abituriyent o‘z pasportini (16 yoshga to‘lmagan shaxslar -tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani) taqdim etishi shart.

Abituriyentlarning yozma imtihon o‘tkaziladigan auditoriyaga qog‘oz yoki elektron manbadagi o‘quv adabiyoti, lug‘atlar, maʼlumotnomalar, jadvallar va boshqa adabiyotni, normativ-huquqiy hujjatlar, konspektlar, yozuv daftarlari, qog‘oz yoki elektron shakldagi shpargalkalar, aloqa vositalari (jumladan, mobil aloqa vositasi), audio, foto va video yozish qurilmalarini olib kirish hamda ulardan foydalanish qatʼiyan man etiladi.

Ushbu holatlar imtihonga kirishda, imtihon davomida yoki videokuzatuvlar orqali aniqlangan taqdirda, dalolatnoma tuziladi va abituriyent dastlabki imtihondan chetlashtiriladi hamda unga ushbu imtihon bo‘yicha ball berilmaydi.

Abituriyentlarning yozma imtihon o‘tkazilayotgan vaqtda auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi, salomatligi yomonlashganda qabul komissiyasining masʼul shaxsi hamrohligida chiqishi bundan mustasno. Bunda yozma imtihon materiallari qabul komissiyasiga topshirilishi shart.

Dastlabki imtihon boshlanishidan avval maxsus komissiya vakillari abituriyentlarning imtihonga kelish davomatini tekshiradi va shundan so‘ng yozma imtihon to‘g‘risidagi maʼlumotlarni qayd etish varag‘iga tegishli yozuvlar qayd etiladi.

Dastlabki imtihonga jadval bo‘yicha kelmagan abituriyentlarga bir nechta oliy taʼlim muassasasini tanlash jarayonida Akademiyani tanlashga ruxsat berilmaydi.

Imkoniyati cheklangan abituriyentlarga dastlabki imtihon umumiy tartibda, ularga auditoriyaga to‘siqsiz kirishi uchun tegishli texnik sharoitlar yaratilgan holda o‘tkaziladi.

Dastlabki imtihon natijalari maxsus komissiya tomonidan tuziladigan, ushbu komissiyaning raisi va tegishli guruhlarda imtihon o‘tkazgan aʼzolari imzolaydigan bayon bilan rasmiylashtiriladi. Qabul komissiyasi dastlabki imtihon natijalari bo‘yicha abituriyentga qabul jarayonining keyingi bosqichlarida ishtirok etishga ruxsat berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Dastlabki imtihon natijalari to‘g‘risidagi maʼlumot Akademiyaning axborot stendlarida va Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida imtihon o‘tkazilgandan keyingi ikki kun ichida joylashtiriladi.

Dastlabki imtihon natijalari eʼlon qilinganidan so‘ng bir kundan kechikmagan holda ularni qayta ko‘rib chiqish uchun murojaat qilinishi mumkin.

Fuqarolarning ushbu masala bo‘yicha murojaatlari qabul komissiyasi tomonidan abituriyent dastlabki imtihon natijalarini qayta ko‘rib chiqish uchun murojaat qilgan kunidan keyingi ikki kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Dastlabki imtihonni qayta o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlarga kirish test sinovlarini (kasbiy (ijodiy) imtihonlarni) Akademiyaga o‘qishga kirish uchun belgilangan tartibda topshirishga ruxsat etiladi.

Akademiyaning tegishli taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq tashkil etiladi.

Abituriyentlarni Akademiyaga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.

Davlat komissiyasining abituriyentlar Akademiyaga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi qarori ularning dastlabki imtihonlarda to‘plagan ballari hisobga olinmagan holda qabul qilinadi.

Davlat komissiyasining qarori Akademiya rektori tomonidan abituriyentning Akademiyaga qabul qilinishi to‘g‘risidagi buyruqni qabul qilish uchun asos hisoblanadi.