O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining diplomlari Yevropada tan olinishi mumkin


4 iyul kuni Taraqqiyot strategiyasi markazida “Boloniya jarayoni doirasida oliy ta’limni modernizatsiyalashga innovatsion yondashuvlar" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Muloqotda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasining Oliy ta’lim tizimi hamda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalar ijrosi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Kelgusi besh yillikni qamrab olgan Harakat strategiyasini 4 yo‘nalishi ijtimoiy sohani rivojlantirishda o‘ta muhim vazifalar ijrosiga qaratilgan. Jumladan fan va ta’lim yo‘nalishida belgilangan Boloniya jarayoni ishtirokchi mamlakatlari diplomlarini o‘zaro tan olish, o‘qituvchi va talabalar bilan almashuv dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi Boloniya deklaratsiyaga qo‘shilish masalasi ham ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Ma’lumki, Boloniya jarayoni 1999- yil 19- iyulda qabul qilingan bo‘lib, bu hujjat 29 ta Yevropa davlatlari tomonidan imzolangan edi. Hozirgi kunda ushbu jarayon 48 ta davlatni qamrab olgan. Ushbu hujjatning eng asosiy vazifasi ushbu hujjat qabul qilingan davlatlarning oliy ta’lim shaklini o‘zaro uyg‘un shaklga keltirish va ushbu davlatlarning ta’lim muassasalarining diplomlari yoki kasbiy malaka oshirish bo‘yicha olgan hujjatlarini o‘zaro tan olishdir.