Toshkent viloyati hokimligi tibbiyot yo‘nalishidagi talabalarining 1 milliard so‘mga yaqin kontrakt pullarini to‘lab beradi. Bu borada viloyat hokimining 2021-yil 27-may kuni tegishli farmoyishi qabul qilindi.
Qayd etilishicha, kontrakt asosida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida va Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy markazlarida o‘qiyotgan 186 nafar klinik ordinatorlar va magistrlar ro‘yxati shakllantirilgan. Birinchi bosqichda 70 nafar klinik ordinatorlar va magistrlarning to‘lov kontrakt summalarini to‘lab berish ishlari boshlangan.
Ma’lumot uchun, 2021-yilning 1-aprel kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish va hudud uchun zarur bo‘lgan tor mutaxassislarni tayyorlash maqsadida mahalliy byudjetdan yetarli miqdorda grant mablag‘lari ajratilishi, mazkur grant asosida ta’lim olgan shifokorlarga tegishli viloyatga borib, uch yil ishlab berish majburiyatini yuklash vazifalari belgilangan edi.