"Toshkent materialshunoslik universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi hamda “KOMPOZIT NANOTEXNOLOGIYASI" MCHJning Toshkent materialshunoslik universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilish nazarda tutilgan.
Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:
- respublika iqtisodiyoti real sektorining ehtiyojini hisobga olgan holda, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi, shuningdek, boshqa sohalarda yuqori malakali oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash;
- yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng hamkorlikni amalga oshirish;
- respublika va xorijiy davlatlar kadrlarining malakasini oshirish, ilg‘or xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
- taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
- ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish.
Universitet Toshkent shahar, Olmazor tumani, Mirzo G‘olib ko‘chasi, 7a–uy manzilida tashkil etiladi.