Toshkent gidrometeorologiya texnikumi tashkil etiladi


Gidrometeorologiya va iqlim o‘zgarishi sohasida bajariladigan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti tuzilmasini tasdiqlash hamda xodimlar malakasini oshirish va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha bazaviy o‘quv muassasasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot institutining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • ilmiy tadqiqot ishlarini ularning natijalarini ishlab chiqarish faoliyatiga amaliy va maqsadli joriy etilishini hisobga olib amalga oshirish;
  • gidrometeorologiya va atrof-muhit sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
  • kuzatuvlar va gidrometeorologik ma'lumotlarga ishlov berish, xavfli gidrometeorologik hodisalar xavfi va mintaqaviy iqlimning ehtimoliy o‘zgarishlarini baholash uslublarini takomillashtirish bo‘yicha innovatsion ilmiy tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • kuzatuvlar, gidrometeorologik ma'lumotlarga ishlov berish, shuningdek, xavfli gidrometeorologik hodisalarni prognozlashning ilmiy uslublarini ishlab chiqish va takomillashtirish;
  • mintaqaviy iqlimning ehtimoliy o‘zgarishlari, ularning oqibatlarini prognozlash, asosiy e'tiborni qishloq xo‘jaligi va suv resurslariga qaratgan holda, iqtisodiyot tarmoqlarining zaifligini baholash uslublarini ishlab chiqish;
  • gidrometeorologik, agrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi punktlarining maqbul joylashuvini belgilovchi yer usti kuzatuv punktlari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
  • Institut ilmiy laboratoriyalari va noyob obektlarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash orqali bosqichma-bosqich modernizatsiyalash;
  • xalqaro tajriba va innovatsion yutuqlardan foydalangan holda ilmiy tadqiqot uslublarini takomillashtirish;
  • gidrometeorologiya sohasida ilmiy xodimlarni tayyorlash, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va nufuzli xorijiy ilmiy tashkilotlarda ularning malakasini oshirishni tashkil etish.

Toshkent gidrometeorologiya kolleji negizida Toshkent gidrometeorologiya texnikumi tashkil etiladi va u “O‘zgidromet" tizimiga o‘tkaziladi.