Huquqiy asos: Vazirlar Mahkamasining «Oliy taʼlim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori (№527, 18.08.2021-y.)
Kredit miqdori: talaba va taʼlim muassasasi o‘rtasida tuzilgan to‘lov-kontrakt shartnomasi miqdorida (cheklov yo‘q)
Qaytarish muddati: o‘qish muddati (3, 4 yoki 5 yillik muddat) tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatga
Foizi: yigitlar uchun — Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (hozir 14% — 2023-yil 23-avgust holatiga), qizlar uchun - foizsiz (0%);
Asosiy stavka o‘zgarsa: agar Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaysa, unda kredit foizi ham pasayadi. Agar asosiy stavka ko‘tarilsa, unda kredit foizi o‘zgarmaydi (yaʼni ko‘tarilmaydi).
Kimlarga beriladi:
- kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakliga
- bakalavr yoki magistrga
- to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan
- yoki o‘qishini ko‘chirgan talabalarga beriladi.
Super-kontrakt uchun yoki ikkinchi mutaxassislik, masofaviy, maxsus sirtqi shakllar uchun taʼlim krediti berilmaydi.
Qaysi OTMlar uchun: taʼlim krediti O‘zbekistondagi davlat, nodavlat yoki xorijiy
✅ oliy;
✅ o‘rta maxsus;
✅ professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari
✅ yoki qo‘shma dasturda o‘qiydigan talabalarga beriladi.
Xorijda joylashgan OTMlarda o‘qish uchun taʼlim krediti berilmaydi.
Kafillik: kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila aʼzolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki boshqa uchinchi shaxslar taʼlim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin (yaʼni aynan qarindosh bo‘lishi shartmas).
Fuqarolik: taʼlim krediti faqat O‘zbekiston fuqarolari uchun beriladi. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga banklarning o‘zlari tijoriy shartlarda kredit berishi mumkin.
Kerakli hujjatlar: bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- ariza;
- talaba va taʼlim muassasasi o‘rtasidagi shartnoma (kontrakt);
- kredit qaytarilishining taʼminoti bo‘yicha hujjat. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan taʼlim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma (agar bo‘lsa);
- bankning ichki hujjatlarida (siyosatida) belgilangan boshqa hujjatlar, shu jumladan, birgalikda kredit oluvchiga tegishli maʼlumot va hujjatlar.
- Ariza ko‘rib chiqilish vaqti: ariza 5 ish kunida ko‘rib chiqilishi va kredit shartnomasi imzolanishi kerak. Agar rad etilsa bu haqda talabaga sababi ko‘rsatilgan javob xati beriladi.
- Muddatdan oldin qaytarish: kredit oluvchi taʼlim kreditini shartnomada belgilangan muddatlardan oldin qaytarishga haqli.
- Arizani qachon va qanday berish kerak: ta’lim krediti olish uchun arizani bugunning o‘zida bersangiz ham bo‘laveradi. Buning uchun albatta bankka borishingiz ham shart emas, https://talim-krediti.uz sayti orqali ariza yuborsangiz ham bo‘ladi. Bankka borish ma’qul bo‘lsa, unda bu variantni ham ko‘rishingiz mumkin.