Oliy ta'lim muassasasida tahsil olayotgan ayrim talabalarni konspekt nega kerakligi, bu yoki u fanni nega o‘rganish kerakligi, tashqi ko‘rinish nega ta'lim jarayoniga ta'sir qilishi haqidagi savollar qiynaydi.
Oliy ta'lim muassasasida tahsil olayotgan ayrim talabalarni konspekt nega kerakligi, bu yoki u fanni nega o‘rganish kerakligi, tashqi ko‘rinish nega ta'lim jarayoniga ta'sir qilishi haqidagi savollar qiynaydi.
OTM rahbariyati bunday vaziyatda ko‘p takrorlangan vajlarni keltiradi: bular darsni yaxshi o‘zlashtirish va bilimlarni mustahkamlash, tartib-intizom uchun joriy etilgan.
Ammo Toshkent davlat yuridik universitetida ta'lim muhiti, rahbariyatning talabalar so‘roviga munosabati boshqacha. Quyida TDYuU tajribasidan o‘rganish mumkin bo‘lgan holatlarni keltirib o‘tmoqchiman.
«Sizga til ko‘nikmasi kerak»
Rektordan tortib universitetning oddiy xodimigacha talabalar bilan ochiq muloqot qilishga intiladi. To‘g‘ri, kamchilik, qo‘rs munosabat hamma jabhada uchraydi, lekin talabalari bilan erkin suhbatni istagan rahbariyatga tasanno deyman. Talabalar bilan uchrashgan rahbariyat vakiliga ko‘ra, universitetning har bir a'zosi xorijiy til ko‘nikmasini mustahkamlashi lozim.
«Rus va ingliz tilini bilishingiz shart, undan ortig‘iga intilsangiz, faqat xursand bo‘laman. "Til ko‘nikmasi universitet talabasiga nega kerak?",-deyishingiz mumkin. Oddiy misollar bilan aytaman. Istaymizmi, yo‘qmi, universitet mehnat bozoridagi raqobatga turib bera oladigan salohiyatli kadrlarni tayyorlashi lozim. Bugun kompaniyalar alohida tarjimon yo tilmochga pul sarflashmayapti, ular barcha xodimlarining til ko‘nikmasi yuqori bo‘lishini istaydi. Tabiiyki, aynan shu xodimga yuqori maosh to‘laydi.
Ikkinchidan, til bilgan talaba kelgusi ta'limni xorijda davom ettirishi, o‘rgangan bilimini O‘zbekistonda qo‘llashi mumkin. Ayniqsa, yuridik sohada chet el tajribasini o‘rganish muhim vazifa hisoblanadi. Bundan tashqari, bugun puxta ta'lim olishingiz uchun xorijiy tilda chop etilgan adabiyotlar bilan tanish bo‘lishingiz kerak. Yashirmayman — o‘zbek tilidagi ko‘plab adabiyotlar xorijiy tildagi ana shu adabiyotlar asosida yoziladi. Shu tufayli, birincha manba tilida ma'lumot olishga intiling», — deydi universitet rahbariyati talabalar bilan uchrashuvda.
Konspekt kerakmi?
Uchrashuvda talabalardan biri «an'anaviy» savolni aytdi: nega muallim konspekt talab qiladi? Javob esa men kutganday bo‘lmadi, ya'ni rahbariyat talabaning manfaatida «konspekt masalasi»ga javob qaytardi.
«Men ham hayronman, agar talaba bilim va ko‘nikmalari konspekt orqali mustahkamlanishini his etmasa, qolaversa, bu haqda uning o‘zi aytib tursa, konspekt nega kerak? Biz ushbu masalani bir necha marta Ilmiy kengash yig‘ilishida ham ko‘tardik. O‘qituvchilarga qat'iy talab qo‘ydik: talabaning konspekti bo‘lishi kerak, degan masala bo‘lishi mumkin emas», — deydi vakil.
Konspekt yozmagani uchun talabaning bahosini pasaytirib qo‘yadigan, ayrim hollarda ma'ruza darslaridan chiqarib yuboradigan o‘qituvchilarga hech tushunmagandim: nega shunday qilishadi? Toshkent davlat yuridik universitetida esa shu masalada sog‘lom fikrlovchi insonlar oliygohni boshqarmoqda.
Modul-kredit tizimi
TDYuU O‘zbekistondagi OTMlar orasida birinchi bo‘lib, o‘qitishning modul-kredit tizimiga o‘tdi. Bu to‘laqonli kredit tizimini anglatmaydi. Bu haqda universitet rahbariyati izoh berdi.
«Asosiy maqsad talabalardan pul undirish emas, balki ularga imkoniyat berib, ta'lim olishini rag‘batlantirishdan iborat. Shuning uchun, haqiqiy kredit tizimi mezonlari to‘la joriy etilmagan. Lekin nega modul tizimi ham amaliyotga kiritilgan, deb so‘rashingiz mumkin. Gap shundaki, modul tizimi OTM xalqaro e'tirofni taqdim etadi, ta'lim olish jarayoni aniq tartib bilan ishlaydi», — deyiladi ularning bayonotida.
Shuningdek, universitet rahbariyati talabalarning yozgi ta'til davrida amaliyot bilan mashg‘ul bo‘lishini oqlamaydi. Ta'kidlanishicha, talabaning yozgi amaliyoti kutilgan natijani bermaydi, kishining maroqli dam olishini cheklaydi.
Kirish imtihonlaridagi o‘zgarish
TDYuU kirish imtihonlari 2019/20 o‘quv yilidan boshlab o‘zgacha tartibda amalga oshiriladi, ya'ni test sinovlarida savollar qiymati fanlar bo‘yicha o‘zgardi: endilikda ona tili va adabiyot, tarix va ingliz tili mos ravishdagi ketma-ketlik bilan qimmatli ballarni taqdim etadi.
«Bu o‘zgarishning asosiy sababi — ish beruvchining talabi. Ish beruvchi bitiruvchi, yosh kadrlardan norozi bo‘lyapti: ularning davlat tilida hujjat yuritishida, oddiy xat tayyorlashda ham xatolarga yo‘l qo‘yishi ko‘paygan. Shuningdek, xodimlarning nutqi yaxshi rivojlanmagan, savodxonligi past desa ham bo‘ladi. Uzoq yillar davomida kirish imtihonlarida tarix faniga asosiy urg‘uning berilgani evaziga shu natijalar yuzaga chiqqan bo‘lishi mumkin», — deydi universitet vakili.
Kim bilsin, yangi usulning samarasini ham vaqt ko‘rsatadi. Toshkent yuridik universiteti binosida biroz vaqt aylanib, bir narsadan quvondim: har qalay, kimlardir O‘zbekistonda oliy ta'lim salohiyatini ijobiy tarafga o‘zgartirishga harakat qilyapti.
Alisher Ro‘zioxunov
Manba: Kun.uz