Shotlandiyaning Heriot-Watt universiteti O‘zbekistonda o‘z kampusini tashkil etish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu masala O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida universitet rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralarda muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Heriot-Watt universiteti o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, xususan, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish hamda birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri Heriot-Watt universitetining O‘zbekistonda alohida kampusini tashkil etish imkoniyati bo‘ldi.
Hozircha kampus ochilishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingani yoki uning qachondan faoliyat boshlashi haqida ma’lumot berilmagan.
Universitet vakillari O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirgan.
Tomonlar hamkorlik doirasida ikki tomonlama diplom berish tamoyili asosidagi ta’lim dasturlarini tashkil etish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, treninglar tashkil etish va ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Heriot-Watt universitetiga 1821-yilda Shotlandiyada asos solingan. Oliy ta’lim muassasasi bugungi kunda xalqaro miqyosda ta’lim va ilmiy tadqiqot faoliyatini olib boradi.
Agar O‘zbekistonda kampus ochish tashabbusi amalga oshirilsa, Heriot-Watt universitetining mamlakatdagi ta’lim faoliyati, yo‘nalishlari va qabul tartibi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar keyinchalik e’lon qilinishi kutiladi.