Viloyat, tuman va shahar hokimlari 1-iyuldan boshlab qishloq tumanlarida 5 tadan chet tillariga o‘qitish nodavlat o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z yuritildi.
“Respublikada chet tillari nodavlat o‘quv markazlarining asosiy qismi Toshkent shahrida joylashgan. Shuning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlari 1-iyuldan boshlab qishloq tumanlarida 5 tadan chet tillariga o‘qitish nodavlat o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha tanlov e’lon qilsin.
Qishloq joylarida nodavlat o‘quv markazlari tashkil etish uchun bo‘sh bino ajratish, kerakli jihozlar va adabiyotlar sotib olishga 50 million so‘mgacha bir martalik beg‘araz ko‘mak ajratish yo‘lga qo‘yilsin.
Bundan tashqari, Shermatov, Toshkenboyev, viloyat hokimlari nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda chet tili olimpiadalarini yo‘lga qo‘ysin. Mas’ul tashkilot rahbarlari ikki hafta muddatda nodavlat ta’lim tashkilotlari va xususiy maktablar faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritadi. Bunda, kredit foizlari xarajatlarining bir qismi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, ijarada turgan o‘quv markazlari ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizgacha qismiga subsidiya ajratiladi hamda davlat mulki obyektlarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar ijara to‘lovidan ozod etiladi", – dedi Shavkat Mirziyoyev.