Samarqandda kursantlarning navbatdagi bitiruv tantanasi bo‘lib o‘tdi


Markaziy harbiy okrugning madaniyat va maʼrifat markazida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida tahsil olgan kursantlarning navbatdagi bitiruv tantanasi bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda so‘zga chiqqanlar harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirar ekan, markazda serjantlarni, yaʼni kichik komandirlarni tayyorlash bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan samarali tizim yaratilganligi, natijada esa yuksak nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarning o‘z bilimi, malakasi va mahorati bilan Qurolli Kuchlar saflaridan munosib o‘rin egallayotganligini alohida taʼkidlab o‘tishdi.


Shundan so‘ng bitiruvchilarga sertifikat, ko‘krak nishonlari va navbatdagi unvonlari berildi hamda o‘qish mobaynida mashg‘ulotlarda faol ishtirok etganlarga “Tashakkurnoma" va Faxriy yorliqlar topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati