Qo‘qon davlat texnologiyalar universiteti tashkil etiladi


Respublikada texnika sohalari uchun zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha chuqur bilimga ega yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish, o‘quv jarayoniga o‘qitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash tizimini hududlarda tashkil etishni yana-da rivojlantirish va sifatini yuqori darajaga olib chiqish maqsadida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali negizida Qo‘qon davlat texnologiyalar universiteti tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda "Qo‘qon davlat texnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasida gap ketmoqda.

Universitetda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filialida tahsil olayotgan talabalar 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Universitetda o‘qishni davom ettiradi.

Universitetda tegishli sohalar bo‘yicha 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari, 2022/2023 o‘quv yildan magistratura mutaxassisliklari va 2024 yildan boshlab doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash amalga oshiriladi.