Qoidalarni buzgan abituriyentlar 5−7 yilgacha testdan chetlatilishi mumkin — DTM rahbari


AOKAda Davlat test markazi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda DTM direktori Majit Karimovning ma’lum qilishicha, joriy yilda 50 ga yaqin turdagi test sinovlarida 2 mln nafarga yaqin talabgor test sinovidan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriati ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida 1 mlndan ortiq abituriyent ishtirok etishi kutilmoqda.

Majit Karimovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilda DTM tomonidan 46 turdagi test sinovi o‘tkazilgan. Ularda ishtirok etish uchun 1 mln 792 ming 40 nafar nomzod onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha 1 009 663 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ulardan 892 242 nafari (94,1%) bevosita test sinovida ishtirok etgan.

Davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali — 125,4 ballni, to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha o‘tish bali — 101,7 ballni tashkil etgan.

Test sinovi o‘tkazish joyi haqida

DTM direktorining ta’kidlashicha, bu bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda 2 xil ssenariy asosida 94 ta katta sig‘imli pavilonlar hamda 53 ta stadion va xiyobonlar tanlab olingan. Ularning chizma loyihalari tayyorlanib, tegishli tashkilotlar bilan kelishilmoqda.

Chet tilini bilish bo‘yicha ijodiy imtihonlar haqida

Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [34-son] qaroriga muvofiq respublikadagi 6 ta oliy ta’lim muassasalarining fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlar Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilishi belgilangan.

Majit Karimovning so‘zlariga ko‘ra, qayd etilgan 6 ta ta’lim muassasalariga hujjat topshiradigan abituriyentlarning soni 40 mingga yaqin bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda, ingliz tili bo‘yicha imtihonlar 34 mingga yaqin abituriyentlardan kompyuterda onlayn tarzda o‘tkazish, boshqa chet tillari bo‘yicha 6 mingga yaqini uchun qog‘oz shaklida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Test topshiriqlari haqida

DTM direktori 12 ta umumta’lim fanidan qo‘shimcha 90 mingga yaqin, qardosh tillardan 8 mingdan ortiq, sharq tillari hamda ispan va italyan tillaridan 5 mingdan ortiq, 35 ta maxsus fandan 15 mingdan ortiq test topshiriqlari bazasi shakllantirilishini ma’lum qildi.

«Chet tillaridan 15 ming nafardan ortiq, chet tillari o‘qituvchilariga ustama haq belgilash bo‘yicha 10 ming nafardan ortiq talabgor uchun test sinovlari o‘tkaziladi.

Test tizimini takomillashtirish bo‘yicha ÖSYM (Turkiya), Qozon Federal universiteti (Rossiya) bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Cambridge assessment international education (Buyuk Britaniya), CITO International (Niderlandiya) bilan imzolash rejalashtirilgan", — dedi Karimov.

Test sinovlarida inson omili kamaytiriladi

DTM rahbari test sinovlari jarayonidagi inson faktorini kamaytirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashda sun’iy intellekt elementlaridan foydalanish joriy etilishini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, chet tillaridan test sinovlariga xalqaro standartlar asosida ko‘p darajali (multilevel) test tizimi joriy etiladi va 5000 nafardan ortiq talabgorga sinovlarni onlayn topshirish imkoniyati yaratiladi.

Uchta viloyatda test sinovlarini yil davomida o‘tkazishga mo‘ljallangan binolar qurilmoqda

DTM direktori Majit Karimovning so‘zlariga ko‘ra, test sinovlari natijalarini e’lon qilish muddati 3 haftadan 1 haftagacha qisqartirildi.

«Buxoro viloyatida test sinovlarini yil davomida o‘tkazishga mo‘ljallangan 1000 o‘rinli bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni kunlarda Namangan, Andijon, Samarqand viloyatlarida shunday binolarning qurilishi ketmoqda», — deydi u.

Yangi my.dtm.uz sayti yaratildi

«Yangi my.dtm.uz sayti yaratildi. Oldingi saytdan farqi ko‘rinishi va code optimation strukturasi o‘zgardi. Davlat test markaziga tegishliy xizmatlar bitta domen ostiga keltirilib, qo‘shimcha serviclarni qo‘shish, qo‘llash onsonlashdi», — deydi DTM rahbari.

Uning ta’kidlashicha, my.dtm.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan turib xizmatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

«Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan imtiyozlar va Nogironligi bor shaxslar bo‘yicha ularning imtiyozlari bazasi platforma bilan integratsiyasi qilinmoqda», — deydi Karimov.

Qoidalarni buzgan abituriyentlar 5−7 yilgacha testdan chetlatilishi mumkin

DTM direktori Madjit Karimovning ta’kidlashicha, hozirda testga jarayonlarida qoidalarni buzgan abituriyentlar imtihondan chetlatiladi.

«Ayni kunlarda Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda, xorijiy tajribani o‘rganyapmiz. Qo‘pol qoidabuzar abituriyentlarni 5−7 yilgacha keyingi imtihonlarda ishtirok etish huquqini cheklovchi normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda», — degan Madjit Karimov.