Bu yilgi qabuldan pedagogik yo‘nalishlarning sirtqi ta’lim shakli qabulida o‘zgarish bo‘ldi. Ba’zi yo‘nalishlarga sirtqiga qabul butunlay to‘xtatildi, ba’zilariga 5 yillik staj so‘raladi, ba’zilariga esa stajsiz ham hujjat topshirish mumkin.
Pedagogik yo‘nalishda sirtqi ta’lim bilan bog‘liq o‘zgarishlarni 3 toifaga bo‘lish mumkin. Ularni alohida-alohida sanab o‘tamiz.
14 ta yo‘nalish uchun sirtqiga qabul bo‘lmaydi
Prezident qarori bilan 2023 yilgi qabuldan boshlab 14 ta pedagogik yo‘nalishga kadrlar tayyorlash to‘xtatildi. Bular:
- 60110600 — Matematika va informatika
- 60110700 — Fizika va astronomiya
- 60110800 — Kimyo
- 60110900 — Biologiya
- 60111000 — Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari
- 60111400 — O‘zbek tili va adabiyoti
- 60111500 — Ona tili va adabiyoti (tillar bo‘yicha)
- 60111600 — O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili
- 60111700 — O‘zga tilli guruhlarda rus tili
- 60111800 — Xorijiy til va adabiyoti (tillar bo‘yicha)
- 60112000 — Chaqiriqqacha harbiy ta’lim
- 60112500 — Maktab menejmenti
- 60112600 — Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda xorijiy til (tillar bo‘yicha)
- 60112700 — Maxsus pedagogika (faoliyat turlari bo‘yicha).
5 yillik staj so‘raladigan yo‘nalishlar
Qabul komissiyasi bayoni bilan sirtqi ta’lim shakliga pedagogik faoliyatga oid kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan abituriyentlar qabul qilinadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi.
Bular:
- boshlang‘ich ta’lim;
- tasviriy san’at va muhandislik grafikasi;
- musiqa ta’limi;
- jismoniy madaniyat;
- texnologik ta’lim.
Bunda ushbu ta’lim yo‘nalishlarining sirtqi ta’lim shakliga xalq ta’limi tizimida kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lib, hozirda ushbu tizimda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan pedagog xodimlar abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishi belgilandi.
Pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan shaxslarning ta’lim tizimida kamida besh yillik pedagogik ish stajiga ega ekanligi «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi ma’lumotlar asosida belgilanadi.
Qolgan yo‘nalishlarda talab yo‘q
Qabul bo‘lmayotgan yuqoridagi 14 ta yo‘nalish va 5 yil staj talab qilinadigan 5 ta yo‘nalishdan tashqari qolgan barcha pedagogik yo‘nalishlarga istalgan abituriyent sirtqi ta’lim shakliga hujjat topshirishi mumkin. Bunday ta’lim yo‘nalishlari uchun pedagogik faoliyatga oid kamida 5 yil ish staj talab etilmaydi. Ya’ni abituriyentlarga hech qanday cheklov yo‘q.
“Adashib ketmaymanmi?"
“Ma’lumotlar ko‘pligi uchun adashib ketishim mumkin, hammasini aralashtirib yubormasligim uchun osonroq yo‘lini o‘rgating" deydiganlar uchun:
- Bakalavriat sirtqi ta’lim shakli uchun e’lon qilingan kvotani ochasiz;
- Undagi pedagogika OTMning sirtqi ta’lim shaklidagi yo‘nalishlariga ajratilgan kvotalarni ko‘rib chiqasiz;
- Tabiiyki, bu ro‘yxatda 14 ta ta’lim yo‘nalishi yo‘q, 5 yillik staj talab qilinadigan 5 ta yo‘nalish va kvota ajratilgan qolgan barcha yo‘nalishlar bilan tanishib chiqishingiz mumkin;
- Agar siz 5 yillik pedagogik stajga ega bo‘lsangiz, unda pedagogik yo‘nalishlardan istalgan biriga o‘qishga kirish uchun ariza topshira olishingiz mumkin. Agar staji bo‘lmagan abituriyent bo‘lsangiz, sirtqi ta’limga ajratilgan kvotadan staj so‘raladigan 5 ta yo‘nalishni chiqarib tashlaysiz va qolgan barchasidan birini tanlab hujjat topshirishingiz mumkin.
Eslatma: bakalavriatga qabul 20 iyul kuni, chet tilidan ijodiy imtihon olinadigan yo‘nalishlarga qabul esa 10 iyul kuni tugaydi.