O‘zbekistondagi OTMlarda davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlari 25 foizga oshiriladi


Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi “2021/2022-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Hujjatga muvofiq, 2021/2022-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi qabul parametrlarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • birinchidan, davlat buyurtmasi parametrlari doirasida yoshlarni oliy ta’limga qamrab olishni kengaytirish, davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlarini 2020/2021-o‘quv yiliga nisbatan 25 foizga oshirilgan holda belgilash;
  • ikkinchidan, jamiyatda ayollarning rolini oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun “ijtimoiy lift" tamoyili asosida xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish maqsadida alohida grant o‘rinlarini ikki barobarga oshirish;
  • uchinchidan, OTMlarga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish bo‘yicha kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlari “Quota.idm.uz" elektron portali orqali shakllantirilganligi;
  • to‘rtinchidan, vazirlik va idoralar, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlashda davlat granti nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ham berilishi;
  • beshinchidan, oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarini tuman (shahar)lar kesimida taqsimlash.

Davlat oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlari quyidagicha bo‘ladi:

a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

  • kunduzgi ta’lim shakliga – 115 343 nafar;
  • sirtqi ta’lim shakliga – 36 211 nafar;
  • kechki ta’lim shakliga – 6 325 nafar.

b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 12 914 nafar;

d) nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlari 56 nafar etib tasdiqlanadi.

Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 2000 nafar qo‘shimcha davlat granti ajratiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan;

  • moliyaviy barqaror davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning kengashi qaroriga asosan 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha belgilangan to‘lov-kontrakt miqdori haqidagi ma’lumotlarni 2021-yil 1-sentabrga qadar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishi belgilangan.