O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida 1,6 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda


O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi so‘nggi yillarda sezilarli kengayib bormoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining stat.edu.uz platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda 207 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ushbu ta’lim maskanlarida jami 1 million 632 ming 980 nafar talaba tahsil olmoqda.

Mavjud oliy ta’lim muassasalari tarkibiga nazar tashlansa, 101 tasi davlat OTMlari, 74 tasi nodavlat OTMlari, 32 tasi esa xorijiy oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda ta’lim bozori tobora diversifikatsiyalashib, davlat bilan bir qatorda xususiy va xalqaro ta’lim muassasalari ham faol rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar soni 48 ming 995 nafarga yetgan. Bu esa talabalarga ta’lim berish jarayonida katta ilmiy-pedagogik salohiyat shakllanganini anglatadi.

Talabalar soni gender kesimida tahlil qilinganda, ayollar soni erkaklardan ko‘pligi ko‘zga tashlanadi. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida 888 ming 996 nafar ayol va 743 ming 984 nafar erkak tahsil olmoqda. Bu holat xotin-qizlarning oliy ta’limdagi faolligi ortib borayotganini tasdiqlaydi.

Ta’lim bosqichlari bo‘yicha asosiy ulush bakalavriat hissasiga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda bakalavr bosqichida 1 million 566 ming 147 nafar talaba o‘qimoqda. Magistratura bosqichida 60 ming 20 nafar, ordinaturada esa 6 ming 813 nafar talaba tahsil olmoqda. Bu ko‘rsatkichlar oliy ta’lim tizimida asosan bakalavriat yo‘nalishi ustun ekanini ko‘rsatadi.

Moliyalashtirish shakllari bo‘yicha ham to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganlar mutlaq ko‘pchilikni tashkil etadi. Statistikaga ko‘ra, 1 million 462 ming 886 nafar talaba to‘lov-kontrakt asosida, 170 ming 94 nafari esa davlat granti asosida tahsil olmoqda. Bu esa oliy ta’limda kontrakt shakli asosiy moliyalashtirish manbai bo‘lib qolayotganini anglatadi.

Hududlar kesimida eng ko‘p oliy ta’lim muassasalari Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, ularning soni 95 tani tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati 14 ta OTM bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi esa 11 ta OTM bilan qayd etilgan. Eng kam oliy ta’lim muassasasi Sirdaryo viloyatida bo‘lib, u yerda atigi 3 ta OTM faoliyat yuritadi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, ushbu ma’lumotlar HEMIS tizimi orqali real vaqt rejimida shakllantirilgan. Bu esa statistik ma’lumotlarning dolzarbligi va aniqligini ta’minlashda muhim аҳamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, keltirilgan raqamlar O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi qamrovi kengayayotgani, talabalar soni ortib borayotgani hamda ta’lim xizmatlari bozorida davlat, xususiy va xorijiy sektor ulushi o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Bu jarayon mamlakatning intellektual salohiyatini oshirish va malakali kadrlar tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.