OTM ichida yoki hudud bo‘yicha o‘qishini ko‘chirgan talabalar super kontrakt emas, bazaviy to‘lovni amalga oshiradi


Bir oliy ta'lim muassasasida yo‘nalishdan yo‘nalishga yoki bir hududdagi OTMda o‘qishni ko‘chirgan talabalar bazaviy to‘lov-kontraktni amalga oshiradi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma'lum qildi.

Xoliqov huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram-kanalida tashkil etgan ovozli chatda o‘qishni ko‘chirish masalasida ma'lumot berdi.

“2021/22 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida"gi Prezident qarorida bir OTM ichida (“ichki perevod") yoki bir hudud ichida ko‘chirish haqida hech narsa deyilmagan. Demak, bu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida"gi qaroriga asosan olib borilishi kerak, degan fikrlar bor. Ushbu qarorda super kontrakt bo‘yicha gap ketmagani uchun “ichki perevod"lar bazaviy kontrakt asosida amalga oshiriladi, degan fikrlar bor.

Buning yagona tartibini vazirlik, idoralar bilan kelishib, yagona hujjat ishlab chiqishni rejaga kiritdik. Bu yilgi “ichki perevodlar" va bir hudud ichida o‘qishni ko‘chirish jarayonlari Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida"gi qaroriga asosan olib borilyapti. Ya'ni ushbu holatlarda talaba o‘qishini ko‘chirganda super kontrakt emas, bazaviy kontrakt to‘lovini amalga oshiradi", – dedi Abduvali Xoliqov.

Abduvali Xoliqov o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha yana bir qator masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, agar talaba O‘zbekistondagi bir hududda joylashgan OTMdan boshqa hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lsa va u tanlagan yo‘nalishlar bir-biridan farq qilsa, u tabaqalashtirilgan kontrakt (super kontrakt) asosida o‘qishni ko‘chirishi mumkin. Bunda OTM o‘z imkoniyatlari darajasida tabaqalashtirilgan kontraktni taklif qiladi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri rad javobini berishi mumkin. Yo‘nalishlar bir xil va keltirilgan sabab asosli bo‘lsa, talabaning o‘qishi bazaviy kontrakt asosida ko‘chiriladi.

“Shu o‘rinda talabalarda savol tug‘ilyapti: ariza bergan talabaning shaxsiy kabinetida o‘qishga ko‘chirilishi tavsiya etildi, degan arizalarning barchasi OTM tomonidan ijobiy ko‘rib chiqiladimi? Tavsiya etildi, degani OTMda o‘qish kafolatini bermaydi. Vazirlik bu yil 22 mingdan ortiq arizalarni ko‘rib chiqqan bo‘lsa, 20 mingdan ortig‘i tavsiya etildi. Qolganlari turli sabablarga ko‘ra rad etildi.

Vazirlik arizalarni tavsiya qilgani bilan o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabani qabul qiluvchi OTMning yakuniy qarori kerak. Hujjatlar kerakli tartibda yig‘ilgani, talabga javob berishini OTM hal qiladi", – dedi vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i.