Hozirga qadar xorij va nodavlat OTMdan davlat OTMga hamda davlat oliy ta’lim muassasalariaro o‘qishni ko‘chirish uchun 72 mingdan oshiq talabgor ariza topshirdi.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha uchun arizalar qabuli bugun, 5 avgust kuni soat 23:59 da yakunlanadi. 4 avgust holatiga ko‘ra, xorij va nodavlat OTMdan davlat OTMga hamda davlat oliy ta’lim muassasalariaro o‘qishni ko‘chirish uchun 72 ming 183 nafar talabgor ariza topshirgan.
Talabgorlar arizasini quyidagi 2 ta platforma orqali topshirishi mumkin:
- transfer.edu.uz — davlat OTMning biridan boshqasiga;
- my.uzbmb.uz — xorijiy mamlakatlarda yoki respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat OTMdan davlat OTMga.
O‘zbekistondagi bir davlat OTMdan boshqasiga ko‘chirish uchun esa faqat 2 ta toifa talabalarga ruxsat bor:
- talaba turmushga chiqsa, turmush o‘rtog‘ining yashash joyidagi OTMga;
- davlat xizmatchisining ish joyi o‘zgarganda farzandi yoki turmush o‘rtog‘i tegishli rahbar tavsiyanomasi bilan o‘qishini ko‘chirishi mumkin.
Xorijiy va xususiy OTMdan davlat OTMga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabgorlar Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida (agar yo‘nalishga ijodiy imtihon olinsa, ijodiy imtihon) qatnashadi. Belgilangan o‘tish ballini to‘play olgan abituriyentlarga o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi.
Bir davlat OTMdan boshqasiga ko‘chirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarning hujjatlari esa ko‘rib chiqilib, faqatgina yuqorida belgilangan 2 toifa talabalarga ko‘chirishga ruxsat beriladi.
O‘qishni ko‘chirish uchun talabgorning arizasiga quyidagi holatlardan biri sabab ham rad javobi berilishi mumkin:
- xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan OTMda yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;
- respublika OTMdagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;
- OTMning markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;
- 1-kursning 1-semestriga 1-semestr tugallanmagan holatda o‘qishni ko‘chirishga (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar, o‘qigan ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda ko‘chirib tiklash holatlari bundan mustasno);
- OTMda mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;
- namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;
- to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
- talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda berilmaganda;
- davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;
- OTM moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda;
- maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa OTMga ko‘chirish holatida ariza rad qilinishi mumkin.