Ingliz tili grammatikasi bir qarashda o’rganish uchun eng qiyin bo’lgan qoidalar jamlanmasiga o’xshab ko’rinishi mumkin. Ammo, ishoning, asl haqiqat bunday emas! Ingliz tili grammatikasi har qancha qiyin, chalkash va zerikarli ko’rinmasin, u bir necha soniyalar ichida Sizning o’rganishingiz uchun dunyodagi eng oddiy va oson narsalardan biriga aylanishi mumkin. Bu uchun faqatgina Sizdagi xohishning o’zi yetarli!
Ingliz tili grammatikasini oson o’rganishni xohlaysizmi? Ingliz tilida gapirish jarayonida kamroq grammatik xatolarga yo’l qo’yish istagidamisiz? Kirish imtihonlaridagi ingliz tili grammatikasiga oid testlarni bajarish uchun xorijiy til grammatikasini puxta egallamoqchimisiz? Unda o’qishda davom eting!..
Yaqinda o’z qiziqishlarimdan kelib chiqqan holda Google qidiruvi orqali O’zbekiston yoshlarining ingliz tilini o’rganish maqsadida Internetda amalga oshirgan qidiruvlari tarixi statistikasini ko’rib chiqdim. Rosti, bu ishni amalga oshirishda avval O’zbekistonda ingliz tili grammatikasini o’rganishga bunchalik katta qiziqish mavjudligini, to’g’rirog’i Internetda ingliz tili grammatikasiga oid mavzularni o’zbek tilida bunchalik ko’p foydalanuvchilar izlashini bilmagan edim. Natijalar ingliz tilini o’rganishga bo’lgan qiziqishning o’zbek tilida so’zlashuvchi foydalanuvchilar orasida qanchalik yuqori ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yaqin o’tgan vaqt oralig’idagi Google orqali qidirilgan so’rovlar kalit so’zlari quyidagilarni o’z ichiga olgan edi: ingliz tili grammatikasi, ingliz tili grammatikasini o’rganish, grammatika qoidalari, ingliz tili grammar, english grammatikasi, english grammar, grammatika darslar, ingliz tilida gapirishni o’rganish, ingliz tilida gaplashishni o’rganish, ingliz tili video darslar, ingliz tili online, ingliz tili darslari o’zbek tilida, ingliz tili kurslari, ingliz tili repetitorlari, ingliz tili IELTS, ingliz tili testlar, ingliz tili dars ishlanmalari, ingliz tilini oson o’rganish, ingliz tili o’rganish… Ehhe, qidirilgan bu kalit so’zlar hilma-hilligini davom ettiraversak maqolamiz o’n ming so’zdan ham oshib ketadi. Ammo muhimi kuzatish shuni tasdiqlaydiki, ingliz tilini yoki ingliz tili grammatikasini o’rganishga bo’lgan talab so’nggi bir necha oy ichida bir necha o’n baravarga oshib ketdi. Bu ko’rsatkich saytimizda yangi grammatik manbaalarning ko’paytirilishiga turtki bo’lishi bilan bir qatorda ingliz tili grammatikasini osonroq o’rgatish usullari haqida bosh qotirishga ham undaydi. Yuqoridagi talabdan kelib chiqqan holda ingliz tili grammatikasini oson o’rganish yuzasidan o’z bilim va tajribamga tayangan holda quyidagi tavsiyalarni berishga qaror qildim. Ular ingliz tili grammatikasini o’rganishni endi boshlagan, grammatikani o’rganishni davom ettirayotgan yoki ingliz tili grammatikasini kimgadir o’rgatishga harakat qilayotgan vatandoshlarimizga kerakli bo’ladi degan umiddaman.
Ingliz tili grammatikasini bir necha oylar davomida to’liq va eng muhimi oson o’rganish uchun quyidagi sinovdan o’tgan, ishonchli hamda to’liq yaxshi natija beradigan oddiy ko’rsatmalarga amal qilgan holda o’rganishga kirishign:
1. Ingliz tili grammatikasini o’rganishdan avval o’zbek tili grammatikasini yaxshi tushunib oling.
O’z ona tilini bilmagan kishi xorijiy tilni mukammal darajada o’rgana olmaydi. Ingliz tili grammatikasini o’rganishga kirishganingiz juda yaxshi, ammo bundan oldin o’zbek tili grammatikasini o’rgansangiz yoki mavjud bilimlaringizni takrorlasangiz, xorijiy til grammatikasini o’rganishingiz oson kechadi. O’zbek tili va ingliz tili grammatikalari tuzilish, kelib chiqish va o’rganilish jihatidan ancha farqli bo’lishiga qaramasdan tilni o’rganishda ishlatiladigan asosiy grammatika tushunchalar bu ikki tilda bir xildir. Shu sababli ularni qiyoshlash, taqqoslash hamda umumiy tushunchalarni birlashtirish orqali ingliz tili grammatikasini yaxshiroq tushunish mumkin. O’z ona tilingizni qancha yaxshi bilsangiz, uning grammatika qoidalarini qancha yaxshi tushunsangiz, ingliz tili grammatikasini ham shunchalik oson o’rganasiz.
2. Ingliz tilini o’rganmang. Ingliz tilini yashang!
Tilni shunchaki o’rganish orqali uning grammatikasini yaxshi tushunib olish juda qiyin. Ingliz tili grammatikasini oson o’rganish uchun grammatik qoidalarni yodlash, grammatikaga oid kitoblar o’qish yoki zerikarli grammatika darslariga qayta-qayta qatnashaverishning o’zi yetarli emas. Grammatikani o’rganishni osonlashtirishdagi birinchi qadam – bu til grammatikasi qurilishini butun vujudingiz bilan his qilgan holda uning har bir qoidasi mazmunini tushunib olishingiz hisoblanadi. Bir so’z bilan aytganda, grammatikani o’rganish uchun Siz uni butun vujudingiz bilan his qila olish darajasida tushunishingiz, shu tushunchani aqliy hayotingizga kirita olishingiz kerak. Buni qanday amalga oshirsa bo’ladi? Tasavvur qiling, Siz ingliz tili grammatikasida son (the numeral) mavzusini o’rganmoqchisiz. Buning uchun Siz faqatgina son haqidagi qoidalarni o’qish bilan cheklanib qolmang. Qo’lingizga ruchka va yangi varaq oling-da, mavzu haqidagi Siz tasavvur qilgan eng sodda, eng tushunarli, eng qiziqarli bo’lgan qoidani o’zingiz uchun yarating. Agar zarur bo’lsa qo’shimcha tushunchalarni yozing. Mayli, bu yozganlaringiz kitoblardagidek murakkab bo’lmasin, muhimi u Sizning qarashlaringizga uyg’un holda tabiiy bo’lsin! Qarabsizki, son mavzusining Sizga mos, tushunarli va muhimi o’rganishingiz uchun qulay bo’lgan tushunchalari paydo bo’la boshlaydi. Shu tariqa har bir mavzuni o’zingizga moslagan holda ingliz tili grammatikasini o’z xohishlaringiz, uslubingiz, qarashlaringizdan kelib chiqqan holda oson o’rganishni boshlaysiz. Muhimi tashqi muhit emas. Eng muhimi – bajarayotgan ishingizga nisbatan munosabatingiz!
3. O’rganishingizni o’rganing.
Siz qaysi usulda dars qilsangiz yaxshiroq o’rganasiz? Mana shu narsani yaxshi tushunib oling. Kimlardir eshitish orqali, kimlardir ko’rish yoki bajarish orqali yaxshi o’rganadi. Agar Sizda eshitish orqali o’rganish oson bo’lsa grammatik qoidalarni o’zingiz telefoningiz diktofoniga o’qishingiz ovozini yozib olib, keyin uni kun bo’yi tinglab yurishingiz mumkin. Ko’rish orqali yaxshi o’rgansangiz ingliz tili grammatikasiga oid slaydlar va video darslar yordamida bilim oling. Bajarish orqali o’rganishingiz osonroq kechsa mavzuga doir mashqlarni odatdagidan ko’proq bajarishga va o’rganilgan grammatik qoidani ko’proq amalda qo’llashga harakat qiling.
4. Mavjud bilimlaringizdan unumli foydalaning.
Rus tilini yaxshi bilasizmi? Agar bilsangiz, ingliz tilini o’rganish jarayonida bu bilimingizdan unumli foydalanishingiz mumkin! Rus tili grammatikasi ingliz tili grammatikasiga qanchalar yaqin ekanligini juda yaxshi bilasiz. Bu mutanosiblikdan ikki tilni solishtirgan holda yangi bilimlarni egallashda foydalanishingiz mumkin. Ingliz tili va rus tili grammatikasi o’rtasidagi o’xshashlik yoki farqli jihatlarni sinchiklab o’rganib chiqish jarayonining o’zida ham qanchadan-qancha yangi tushunchalarni o’zlashtirib olish mumkin!
5. Do’stingiz bilan birga o’rganing.
Yolg’iz o’rganishga nisbatan kim bilandir raqobatlashib, yoki fikrni o’rtoqlashga yolda o’rganish ancha samaralidir. Imkon qadar ingliz tili grammatikasini o’rganayotgan do’stingiz bilan ko’proq aloqada bo’lib turing. U bilan grammatik mavzu yuzasidan tez-tez savol-javoblar o’tkazib turing. Agar ingliz tili grammatikasini birga o’rganish uchun yaqin tanishingiz yoki do’stingiz bo’lmasa, bunday sherikni mahalliy til markazlarida o’qiyotgan tengdoshlaringiz, Siz o’qiyotgan ilm dargohidagi talabalar, eng qiyin hollarda esa internet orqali ingliz tilini o’rganish saytlari foydlanuvchilari, masalan odnoklassniki saytidagi ingliz tilini o’rganish guruhlari a’zolari orasidan tilni birga o’rganish uchun sherik topishingiz mumkin. Izlangan har doim imkon topadi!
6. Xato qilishdan qo’rqmang!
Grammatikani o’rganish doimiy xatolar qilib, ularni tuzatish orqali tushuncha olishdan iborat ekanligini bilasizmi? Agar bilmasangiz, grammatikani o’rganish davrida u yoki bu mavzu yuzasidan mashq bajarganda xatolarga yo’l qo’yishingiz natijasida o’zingizni yomon his qilishingiz, o’rganishga bo’lgan shijoatingiz tushib ketishi va natijada ko’proq kuchingizni o’rganishga emas, xatolaringizdan hafa bo’lishga sarflab qo’yishingiz mumkin. Xatolar qilish orqali o’rganish qiziq, foydali va esda qolarli ekanligini bilganingizda esa yuqoridagi yomon hissiyotlar Sizni hech qachon to’xtatib qola olmaydi! Hech qachon ingliz tili grammatikasini o’rganishda xato qilishdan qo’rqmang. Xato bo’lishi mumkin bo’lsa ham mavzuga oid fikringizni aytishga harakat qiling.
7. O’rganganlaringizni tez-tez takrorlab turing.
Bir marta o’rgangan grammatik qoidangizni bir haftada bir marta 3 soat vaqt sarflab takrorlashga nisbatan har kuni 3 minutdan vaqt sarflab takrorlab turishingiz yaxshiroq samara beradi. Takrorlash jarayonini qanchalik uzoq vaqt davom etishiga emas, balki takrorlashingizning qanchalik tez-tez amalga oshirilib turishiga asosiy e’tiboringizni qarating! O’rgangan bilimingizni takrorlamay qo’ysangiz tez fursat ichida bu bilimingizdan ajralib qolishingiz mumkinligini unutmang! Faqat takrorlab tursangizgina bilimingiz mustahkamlanadi. Sizda mavjud bilimlarni takrorlab turishni ingliz tili grammatikasida oid mashqlar to’plamidagi grammatik mashqlarni bajarish, grammatika qoidalarni o’qish yoki do’stingiz bilan grammatikaga oid savol-javoblar o’tkazib turish orqali amalga oshirishingiz mumkin.
8. O’rgatish orqali o’rganing.
Balki Siz hali ingliz tili grammatikasini to’liq o’zlashtirmagandirsiz, ammo undagi eng kichik, sodda tushunchalarni yaxshi yodlab olgan bo’lishingiz mumkin. Bu holda ingliz tilini o’rganishga qiziqayotgan Sizdan kichik ukangiz, tanishingiz yoki butunlab begona biror kishiga Siz yaxshi bilgan grammatik qoidani yaxshilab tushuntirib berishingiz, boshqa kishiga o’rgatishingiz o’zingizning o’rganishingizda juda katta ahamiyatga ega. Kimgadir biror narsani o’rgatish uchun mazkur bilimni qayta-qayta takrorlash, izlanish va yaxshiroq tushuntirishning osonroq yo’llarini izlashga to’g’ri keladi. Bu esa o’z-o’zidan mavzuni takrolashingiz hamda mustahkam o’rganishingizni anglatadi. Kimgadir ingliz tilini o’rgatish uchun katta o’qituvchi bo’lishingiz, ingliz tilini professional darajada bilishingiz umuman shart emas. Sizda bor bilimlarni bugundan boshlab yana kimgadir o’rgatishga kirishing!
Ingliz tilini o’rganishga doir yuqoridagi tavsiyalar o’rganishning minglab usullaridan ba’zilari xolos. Bulardan tashqari ingliz tilini oson o’rganishning juda ko’p usullari mavjud. Ularni topish Sizdan izlanish, sabr va harakat talab etadi.
Ingliz tilini o’rganish juda oson. Siz o’ylaganingizdan ham osonroq! Sizga aytishganidan ham osonroq! Muhimi bunga Siz ishoning. Siz ingliz tilini to’liq o’rganishni uddalaysiz. Azamat.uz sayti Sizga ishonadi!
Manba: azamat.uz