Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Respublikamizda ilk marotaba matematika fani oʻqituvchilari oʻrtasida olimpiada tashkil etilmoqda.
Olimpiadani oʻtkazishdan asosiy maqsad taʼlim muassasalarining pedagog-oʻqituvchilari orasidan matematika fani boʻyicha ilgʻor, tashabbuskor va ijodkor pedagoglarni aniqlash, ulardagi qobiliyatlar, kasbiy mahoratni roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish hamda ularni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Olimpiadada umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga qarashli taʼlim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari, nodavlat taʼlim muassasalarining matematika fani oʻqituvchilari ishtirok etadi.
Olimpiadaning hududiy bosqichi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarda joriy yilning 12-13-dekabr kunlari, Xorazm viloyatida esa 19-20-dekabr kunlari boʻlib oʻtadi.
Olimpiadaning ilk kunida ishtirokchilarga 120 daqiqa vaqt belgilanadi hamda 20 ta yopiq (20 ball) va 20 ta ochiq (30 ball) jami 40 ta test topshiriqlari beriladi. Test natijalariga koʻra eng yuqori natijalarni qayd etgan 50 nafar ishtirokchilar olimpiadaning yozma ish bosqichida qatnashadi. Yozma ish turli qiyinchilik darajasidagi 5 ta topshiriqdan iborat boʻlib, ularning 2 tasi 8 ball bilan, 2 tasi 10 ball bilan hamda oxirgi bir topshiriq 14 ball bilan baholanadi(jami 50 ball). Ishtirokchilarning ikki tur boʻyicha ballari umumlashtirilib, 5 nafar gʻoliblar aniqlanadi va ular respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Oʻqituvchilar oʻrtasida Matematika fanidan Respublika olimpiadasi har yili ikki bosqichda oʻtkaziladi. Olimpiadaning Respublika bosqichi fevral oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Respublika bosqichida 10 nafar ishtirokchilar diplom va televizor, noutbuk, printer, smartfon kabi esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi. Shuningdek olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan oʻqituvchilar kelgusida matematika fanidan oʻtkaziladigan oʻquvchilar fan olimpiadalarida hakamlar hayʼati aʼzoligiga, malaka oshirish kurslarini tashkil qilishga, matematika faniga doir loyihalarni ekspertizadan oʻtkazishga, nazorat materiallarini shakllantirish jarayonlariga jalb qilish hamda matematikaga ixtisoslashgan maktablarda ushbu fanning sifatli oʻqitilishini taʼminlashda hamkorlikka taklif qilinadi.