Germaniya taʼlim tizimi va uning besh oltin qoidasi


Germaniya – jahon ilm-fani va madaniyati o‘choqlaridan biri. Bu mamlakat ildizi asrlarga borib taqaluvchi ilmiy maktablarni, Gyote, Gegel, Betxoven, Nitshe, Eynshteyn singari olim va ijodkorlarni bilan dunyoga mashhur. Xalqaro doirada eʼtirof etilgan olmon taʼlim dargohlarida mustaqil fikr hamda keng dunyoqarash shakllanishiga alohida eʼtibor beriladi. Taʼlim tizimiga tatbiq etilayotgan yangi usullar, so‘nggi axborot texnologiyalaridan unumli foydalanmaganlarga esa juda qiyin. Taraqqiyot manzili sari oshiqayotgan jamiyatda bilimsiz o‘z o‘rniga ega bo‘lish amri mahol. Darvoqe, olmonlarga xos temir intizom, birso‘zlilik xislatlari ham aynan taʼlim dargohlarida shakllanadi. 

Tafakkur ustaxonasi

Germaniyada maktabgacha taʼlim muassasalari davlat tizimiga kirmaydi. Bolalar bog‘chasi xayriya jamg‘armalari, mahalliy hokimiyat hamda cherkov vasiyligida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga korxona va tashkilotlar ham o‘z bog‘chasiga ega bo‘lishi mumkin. Maktabgacha taʼlim tizimi 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab oladi. Hali aqlini tanib ulgurmagan bolalarda o‘z fikrini ifodalash, tengdoshlari va kattalar bilan muloqot qilish qobiliyatini shakllantirish, ularni boshlang‘ich taʼlimga tayyorlashda bog‘chalarning o‘rni katta. Shu bois ham olmonlar bog‘chalarni "tafakkur ustaxonasi" deb atashadi.

Bepul va majburiy talim 

Germaniya Konstitutsiyasiga muvofiq, maktab taʼlimi davlat nazoratidadir. Mamlakatda 16 ta federal hududlar mavjud bo‘lsa, ularning har biri o‘zining taʼlim to‘g‘risidagi qonuniga ega. Shu sababli federal hududlarning maktab taʼlim tizimida ayrim farqlar bor. Masalan, aksariyat hududlarda boshlang‘ich taʼlim 4 yil (birinchi sinfdan to‘rtinchiga qadar), poytaxt Berlinda esa – 6 yil. Ammo bu kabi farqlarga qaramasdan, barcha hududlar uchun umumiy tartib-qoidalar amal qiladi. Germaniyada maktab taʼlimi majburiy va bepul. 6 yoshdan 18 yoshgacha fuqarolar majburiy tartibda taʼlim olishi shart qilib belgilangan. Maktab taʼlim tizimi esa boshlang‘ich, o‘rta va yuqori bosqichlarga bo‘linadi.

Bolalar 5-6 yoshdan boshlang‘ich maktabga qatnaydi. Boshlang‘ich maktabda o‘qish davri to‘rt yildan olti yilgacha. Maktablarda birinchi, ikkinchi sinf davomida o‘quvchilarga baho qo‘yilmaydi. O‘qituvchilar baho o‘rniga bolaning individual, psixologik rivojlanish holati xususida hisobot tayyorlaydi. O‘quvchilarga 3-sinfdan baho qo‘yila boshlaydi. Germaniyada 6 ballik baholash tizimi qabul qilingan. Bunga ko‘ra,

1 – aʼlo;

2 – yaxshi;

3 – qoniqarli;

4 – yetarli;

5 – yetarli emas;

6 – qoniqarsiz.

O‘quvchilar fanlarni eng kamida "4"ga o‘zlashtirishi kerak. Boshlang‘ich bosqichda bolalarga matematika, nemis tili, tabiatshunoslik, musiqa, estetika fanlari o‘tiladi. 

Tanlash imkoniyati 

Olmon taʼlim tizimining o‘ziga xos xususiyati shundaki, o‘quvchilar boshlang‘ichni tugatgandayoq kelajak yo‘lini aniqlab olishi zarur. Ana shunga asoslanib, u bir necha turdagi maktabdan birida o‘qishni davom ettiradi.

Asosiy maktab. Bu yerda bolalar to‘qqizinchi sinfgacha o‘qitiladi. Asosiy maktablarda oliy taʼlim muassasalarida o‘qish niyati yo‘q bo‘lgan, biror bir kasb etagidan tutishni ko‘zlagan o‘quvchilar taʼlim oladi. Bu turdagi maktablarda bazaviy bilimlar beriladi va asosiy eʼtibor amaliy mashg‘ulotlarga qaratiladi. Asosiy maktabni tugatgan o‘smirlar tugallanmagan o‘rta taʼlim haqida shahodatnoma oladi. Ushbu hujjat bilan kasb-hunar maktablariga kirish mumkin. Bizdagi kasb-hunar kollejlariga o‘xshab ketadigan mazkur maktablarda talaba muayyan kasb-hunar bo‘yicha bilim va tajriba oshiradi.

Real maktab. Bu turdagi maktablarda matematika va tabiiy fanlarga moyil, kelajakda oliy maʼlumotli mutaxassis bo‘lishni niyat qilgan bolalar o‘qiydi. O‘qish 5-sinfdan 10- sinfgacha. Mazkur muddat mobaynida yoshlarga turli fan sohalari bo‘yicha kengaytirilgan bilim beriladi. Real maktabni tugatgan o‘smirlar o‘qishni gimnaziyada davom ettiradi.

Gimnaziyayu. O‘quvchilar o‘rta taʼlimning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan ushbu bilim maskanida to‘qqiz yil – 5-sinfdan 13-sinfgacha taʼlim oladi. Real maktabning 10-sinfini tamomlagan yoshlar esa gimnaziyada uch yil o‘qiydi. Mazkur taʼlim dargohida gumanitar, tabiiy fanlar va xorijiy tillar chuqur o‘rgatiladi. O‘quvchilar o‘n birinchi sinfdan tanlagan yo‘nalishidan kelib chiqib, asosiy vaqtini bir necha fanni chuqur o‘rganishga sarflaydi. Gimnaziya – oliy taʼlimga tayyorgarlikning hal qiluvchi bosqichi. Negaki, gimnaziyani tugatganlik to‘g‘risidagi imtiyozli shahodatnoma universitetga imtihonsiz kirish huquqini beradi. Ammo imtiyozli shahodatnomani olish oson emas. O‘quvchiga ushbu hujjatni berishda uning o‘n uch yil davomidagi natijalari hamda to‘rtta fan bo‘yicha yakuniy imtihon baholari inobatga olinadi. Olmon zaminida oliy o‘quv yurtiga kirish uchun o‘n uch yil yaxshi natija bilan o‘qish kerak. Ana shundan keyingina universitet yo‘llari ochiladi. 

"Fikrlayapmanmi, demak, yashayapman!"

Germaniyada davlatga qarashli maktablar bilan birga xususiy taʼlim maskanlari ham faoliyat yuritadi. Xususiy maktablar o‘rta taʼlim maskanlarining 2 foizini tashkil etadi. O‘quv dasturlari anʼanaviy maktablardan farq qiluvchi xususiy maktablarni Federal taʼlim va madaniyat vazirligi nazorat qiladi. Xususiy maktablar sanoat, til, kosmetika, gimnastika, uy xo‘jaligi kabi ixtisoslashgan yo‘nalishlarda taʼlim beradi. Nodavlat taʼlim maskanlari bir-birini qo‘llab-quvvatlash uchun Xususiy maktablar uyushmasiga birlashgan. Shuningdek, nogiron va aqliy qobiliyati cheklangan bolalar uchun maxsus maktablar ochilgan. Olmon maktablarida xorijlik fuqarolar ham taʼlim olishi mumkin. Xorijliklar mahalliy shart-sharoitga moslashishi, nemis tilini puxta o‘zlashtirishi uchun tayyorlov kurslari tashkil etiladi. 

Nemis pedagoglari isteʼdodsiz o‘quvchining o‘zi yo‘q, deb hisoblashadi. Shunga ko‘ra ular o‘quvchining ochilmagan qirralarini kashf etish, ularni yangilik va ixtirolar ruhida tarbiyalashga intiladi. "Fikrlayapmanmi, demak, yashayapman!" deydi mashhur faylasuf Rene Dekart. Olmon maktablarida ana shu naql oltin qoida sifatida qabul qilingan. Pedagoglar birinchi navbatda o‘quvchining, hatto xato bo‘lsa-da, mustaqil fikri bo‘lishiga erishishni maqsad qiladi. Taʼlim jarayoni esa ota-ona va o‘qituvchi o‘rtasidagi uzviy hamkorlikka tayanadi. 

Aslzodalar orzu qilgan universitet 

Germaniyada Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda bepul oliy taʼlim olish imkoniyati ko‘proq. Nodavlat jamg‘armalar hamda hukumat grantlari asosida xorijliklar ham nemis universitetlarida tahsil olishi mumkin. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, mahalliy gimnaziyalarni bitirib, ityozli shahodatnomani olgan yoshlar universitetlarga imtihonsiz kiradi. Chet elliklar esa o‘qishga kirish uchun nemis tili bo‘yicha imtihondan o‘tadi. Universitetlarda bakalavr bosqichi to‘rt yarim yilgacha, magistratura bir yildan to‘rt yilgacha, doktorantura ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Odatda, bakalavriat va magistratura talabalari o‘qish yakunida davlat imtihoni topshiradi va dissertatsiya himoya qiladi. Talaba o‘qish uchun qishki yoki yozgi o‘quv mavsumini tanlash huquqiga ega. Yozgi mavsum aprel-sentabr, qishkisi esa oktabr-mart oylarini o‘z ichiga oladi. Germaniya Geydelberg, Kyoln, Frayburg, Tyubingen kabi qadimiy universitetlar vatani hisoblanadi. 1386 yilda asos solingan Geydelberg universiteti ko‘hna qitʼaning eng nufuzli oliy taʼlim dargohlari ro‘yxatiga kiritilgan. O‘rta asrlardayoq ushbu universitetga kirish yevropalik aslzodalarning orzusi bo‘lgan. Germaniyaning moʻjazgina Geydelberg shahrida joylashgan mazkur universitetning nufuzi hozir ham baland. Bu yerdan Gegel, Yaspers kabi jahon tanigan olimlar, o‘nga yaqin Nobel mukofoti egalari yetishib chiqqan. Universitet yurisprudensiya, biologiya, kimyo, tibbiyot yo‘nalishlarida kuchli kadrlar tayyorlaydi. Bu yerda o‘qiydigan 25 ming talabaning 12 foizi xorijliklardir. Myunxendagi Lyudvig-Maksimillian universiteti Yevropani tibbiyot bo‘yicha yetuk mutaxassislar bilan taʼminlaydi. Besh asrlik tarixga ega bo‘lgan taʼlim maskanida ayni paytda 45 ming talaba tahsil oladi. Kasbiy oliy maktablar yoki institutlar olmon taʼlim tizimining o‘ziga xos bo‘g‘ini sifatida muhandis, iqtisodchi, dizayner, mashinasozlik, ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida mutaxassislar yetkazib beradi. Maʼlumotlarga ko‘ra, Germaniyaning 370dan ortiq oliy taʼlim muassasalarida 2 millionga yaqin talaba, jumladan, 246 ming xorijlik tahsil olmoqda. Olmon yurti chet ellik talabalar soni bo‘yicha dunyoda AQSH va Buyuk Britaniyadan keyingi o‘rinda turadi.

Akbar Toshtemirov