Buxoroda Italiyaning Campania universiteti filiali ochilib, talabalar Italiyada amaliyot o‘tashiga imkoniyat yaratiladi


Italiyaning Neapol shahrida Buxoro viloyati delegatsiyasi hamda Luiji Vanvitelli nomidagi Campania universiteti rahbariyati o‘rtasida Buxoro shahrida mazkur universitet filialini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuv memorandumi imzolandi, deb xabar beradi “Dunyo" agentligi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov, Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Nusratilla Barakayev va Buxoro davlat tibbiyot instituti prorektori Ahatjon Nasullayev, Campania universiteti rektori Janfranko Nikoletti, universitet prorektori Luidji Maffey, universitet xalqaro bo‘limi boshlig‘i Serjio Minuchchi hamda turli fakultetlarning vakillari qatnashgan.


Buxoro shahrida Campania universiteti filialini ochish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama etilgan. Imzolangan kelishuvga asosan filialda Campania universitetining o‘quv dasturlari asosida qurilish, arxitektura, kiyimlar dizayni, oliy hamshiralik yo‘nalishlarida bakalavr hamda magistrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Buxoro viloyatida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda charm va teri mahsulotlarini qayta ishlash, tibbiyot, farmatsevtika va turli tor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash taklifi o‘rtaga tashlangan.

Filialda ta’lim jarayoniga Campania universitetining malakali professor-o‘qituvchilari jalb etilib, talabalarning Italiyada amaliyot o‘tashiga imkoniyat yaratiladi.

Rektor Janfranko Nikoletti Buxoro shahrida Campania universiteti o‘z filialini tashkil etishdan manfaatdorligi, 2022-yilning bahorida universitet delegatsiyasining Buxoro shahriga tashrifi davomida filialni tashkil etish bo‘yicha shartnomani imzolashga tayyor ekanini bildirgan.

Filial faoliyati to‘laqonli yo‘lga qo‘yilgunga qadar Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro davlat tibbiyot universiteti bilan yuqorida ta’kidlangan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha Campania universiteti hamda Buxoro oliy bilim yurtlari o‘rtasida memorandum imzolangan. Tomonlar o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va turli tashkiliy masalalar batafsil muhokama etilib, bu borada ishlarni yanada jadallashtirishga kelishib olingan.

Shuningdek, Campania universiteti hamda Buxoro viloyati oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, turli ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham kelishib olingan. Campania universiteti mutaxassislari O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari ilmiy laboratoriyalarini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish, o‘zbekistonlik talabalarga PhD darajasini olish uchun grantlar ajratish, o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilarni ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun Italiyaga taklif etish hamda ikki tomonlama diplom asosida tahsil olayotgan talabalarning Campania universitetida o‘qishini amalga oshirishga tayyorlik bildirilgan.

Tomonlar, shuningdek, ta’lim sohasida boshqa istiqbolli masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.